OLMAOTA – Rossiyalik rasmiylar muntazam ravishda armiya bilan bogʻliq yangi mega-loyihalar haqida bong ursa-da, soʻnggi vaqtda yuz berayotgan nosozliklar Kremlning eskirib borayotgan harbiy qurilmalari zaifligini oshkor qilmoqda.
27-mart kuni Qozogʻistonda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-8 vertolyotining falokati natijasida 13 askarning halok boʻlgani bunga misoldir.
Qozogʻistonning yangi prezidenti Qosim Joʻmart Toʻqayev bir nechta falokatlarga sabab boʻlgan Mi-8 bilan sodir boʻlgan bu halokatni tergov qilishga buyruq berdi.
Misol uchun, oʻtgan yil avgust oyida Sibirda yuz bergan Mi-8 falokatida 18 kishi hayotdan koʻz yumgan.
“Muzey eksponati”
Rossiya bilan uzoq muddatli tarixiy va siyosiy aloqalarga ega Markaziy Osiyo davlatlariga Kremldan eskirgan harbiy texnika qolmoqda.
“Boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga qaraganda Qozogʻistonning harbiy texnikasi ancha zamonaviy, u ham boʻlsa yaxshi mudofaa budjeti tufaylidir”, dedi Nur-Sultonda istiqomat qiladigan xalqaro munosabatlar boʻyicha tahlilchi Ruslan Nazarov.
Ammo Mi-8 bilan bogʻliq hodisada bu farq muhim emas edi.
“Boshqa tomondan, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston asosan eski, bugungi kunda muzey eksponati boʻlib qolgan Sovet davri texnikasidan foydalanishadi”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Rossiya baʼzida iltifot sifatida oʻzi uchun manfaatli ayirboshlashni amalga oshirishni istaganda Qirgʻiziston va Tojikistonga eskirgan harbiy texnikani hadya qiladi”, dedi Nazarov. “Bu texnikaning qanchalik samarador ekanligi haqiqiy jangovar sharoitlarda shubha ostida qoladi.”
Baʼzi qurilmalar shubhali manbalardan kelgan, deydi Bishkekda joylashgan “Qirgʻiziston bojxona ittifoqiga qarshi” deb nomlangan nodavlat tashkilot faoli Almaz Aljanbayev. Bu tashkilot Qirgʻizistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi aʼzoligiga qarshilik qilmoqda.
“Rossiya bir necha marta Qirgʻizistonga 2003-yilda ishlab chiqarilgan BTR-70M zirhli tashuvchilar kabi Ukraina texnikasini bergan”, dedi u Karvonsaroy nashriga.
“Nima uchun Ukrainaniki? Buni faqat taxmin qilish mumkin”, deydi Aljanbayev. “2014-yil Qrimdagi voqealardan keyin Ukraina Rossiyaga bu modeldagi qurilmalarni yekazib berishi qiyin masala.”
Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga taqdim etilgan eski harbiy texnika favqulodda vaziyatlarda yordam bera olmaydi, deb ogohlantirdi Kiyevdagi Armiya, qayta tayyorlash va qurolsizlantirish tadqiqotlari markazining Osiyo va Tinch okeani boʻlinmasi rahbari Yuriy Poyta.
“Bunday qurollar kuchsiz davlatlar yoki noqonuniy qurollangan guruhlarga qarshi cheklangan, oʻrta kuchdagi janglarda ozroq samara berishi mumkin, xolos”, dedi Poyta Karvonsaroy nashriga.
Ammo, Gʻarb davlatlari zamonaviy harbiy mezonlar boʻyicha afzalliklarga ega, dedi Poyta. U “zamonaviy razvedka vositalari, qoʻmondonlik va nazorat, nishonlarni yoritish, robotlashtirilgan boshqaruvchisiz qurilmalar, yuqori aniqlikdagi qurollarga” ehtiyoj borligini taʼkidlab oʻtdi.
Mubolagʻaga tayanish
Dengiz kuchlaridan tashqari Rossiya moliya, eskirgan kemasozlik korxonalari, buyurtmalarni vaqtida bajara olmaslik kabi muammolarga qarshi kurashmoqda, deydi tahlilchilar.
NATO chegarasida keng koʻlamli harbiy mashqlarni tashkil qilib, Suriyada prezident Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlab yoki tovushdan tez uchuvchi “koʻrinmas” raketalarni koʻrsatish orqali Kreml oʻz harbiy kuchini namoyish qilishga intilmoqda, deydi ular.
Shu bilan birga u mubolagʻaga keragidan ortiq tayanmoqda.
Oʻtgan yilning iyul oyida dengiz kuchlari kunini nishonlash vaqtida prezident Vladimir Putin yil oxiriga kelib, mahalliy korxonalardan 26 ta yangi kema olinishini aytib oʻtgan edi.
AFP nashiriga koʻra, oʻtgan yil flotga faqat sakkizta yangi kema qoʻshilgan, qolgan 18 tasi esa taʼmirdan chiqarilgan eski kemalar boʻlgan.
Bunday katta mubolagʻali bayonot mustaqil harbiy tahlilchi Aleksander Goltsga maʼqul kelmagan.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu “oʻtgan olti yil davomida jiddiy tarzda flot tarkibidagi kemalar soni 120 taga oshganini aytib kelgan. Fikrimcha, u qayiqlarni nazarda tutgan shekilli”, deb hazillashdi u.
Aniq raqamlar nomaʼlum, ammo “Observo” frantsuz-rus markazining mudofaa tahlilchisi Igor Delanoening taxminiga koʻra, 2013-2018 yillar davomida 44 ta kema foydalanishga topshirilgan.
Delanoening soʻzlariga koʻra, rejalashtirilgan kemalarning hech biri jadval boʻyicha ishga tushirilmagan.
“Tartib-intizom muammolari”
Oxirgi vaqt yuz berayotgan muammolarga 10 yildan ortiq vaqt olgan “Amurdagi Komsomolsk” (Komsomolsk-na-Amure) suvosti kemasi va 14 yildan beri qurilishi davom etayotgan Ivan Gren desant kemasi misol boʻla oladi.
Fojeali kechikishlarning eng yorqin misoli Admiral Gorshkov fregatining qurilishidir. U rasmiylar tomonidan Rossiya dengiz kuchlarining eng ilgʻor kemasi deb eʼlon qilingan.
Fregat oʻtgan yil iyul oyida ishga tushirilgan, uni qurish uchun esa 12 yil ketgan. Yana shunday kemalardan sakkiztasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan edi, ammo faqat bir dona kema ishga tushirildi, bu Ukraina bilan Rossiya oʻrtasidagi nizolar sababli talafot koʻrgan loyihalardan biridir.
2014-yilda Moskva Qrimni noqonuniy anneksiya qilganidan keyin, Kiyev Rossiya bilan harbiy hamkorlikni toʻxtatdi. Bu nizo bir qator muammolarni keltirib chiqardi, chunki bir nechta rus kemalarida qoʻllaniladigan gaz turbinali dvigatellar Ukrainada ishlab chiqarilar edi.
Moskva mahalliy ishlab chiqaruvchi “NPO Saturn” bilan hamkorlikni boshladi, ammo u rejalashtirilganidek 2017-yilda birinchi dvigatelni vaqtida yetkazib bera olmadi.
Kemasozlikdagi yana bir muammo dengiz kuchi loyihalarining “betartib moliyalashtirilishidir”, deydi Delanoe. Rossiyadagi kemasozlik korxonalari davlat shartnomalarini qabul qilishni istamaydilar, sababi “pul qachon toʻlanishini bilmaydilar” dedi u.
Kemasozlik korxonalaridagi sogʻlik va xavfsizlik muammolari rossiyaliklarning oʻzini ham xavotirga soladi.
Oʻtgan yil oktabr oyida Murmansk yaqinida modernizatsiya va taʼmirlash jarayonida dengiz kuchlarining yagona aviatashuvchisi – Admiral Kuznetsov kemasining koʻprigi ustiga 15 metrli kran qulab tushgan.
Aniqlanishicha, ushbu hodisa elektr quvvatining oʻchib qolishi oqibatida sodir boʻlgan va natijada kema joylashgan suzuvchi dok choʻkishni boshlagan.
Hodisa oqibatida bir kishi halok boʻlgan, Admiral Kuznetsov esa rejalashtirilganidek 2021-yilda ham qayta ishga tushmasligi maʼlum boʻldi.
Bunday holatlar bir necha marta kuzatilgan. Oxirgi 6 yil ichida taʼmirlanayotgan suvosti kemalarida uch marta yongʻin sodir boʻlgani haqida xabarlar olingan.
“Tizimda tartib-intizom, xavfsizlik meʼyorlariga rioya qilish bilan bogʻliq muammolar borki, bu umuman qabul qilib boʻlmaydigan holat”, dedi Delanoe.
[Ushbu maqolani tayyorlashga Kanat Altinbayev hissa qoʻshgan.]
Rossiyaning zanglagan sovet qurollari hech kimga kerak emas.
Javob berishFikrlar 9
Rossiyaning buyukligini zang bosgan.
Javob berishFikrlar 9
Axlatsaroy yana Rossiyaga qarshi chirigan provokatsiyalarni chop etmoqda.
Javob berishFikrlar 9
Rossiya NATOning oldida chirigan toʻnka kabidir
Javob berishFikrlar 9
Bittagina savol bor. Tojikistondan qanday preferensiyalarni savdolashib olish mumkin?
Javob berishFikrlar 9
Ulardagi deyarli barcha texnika eskirgan. Oʻzlari uchun qandaydir ulugʻvorlik oʻylab topishibdi yana
Javob berishOʻzlaringiznikini ishlab chiqaringlar, kim sizlarga xalaqit beryapti
Javob berishQandayin ham asosli javob! IQ oshib-toshib ketay deyapti.
Javob berishKimnidir sindirish uchun uchun uni yomonlash o'zini ojizligini bildiradi. Bu bilan o'sha davlatdan qo'rqishini ham.
Javob berishFikrlar 9