NUR-SULTON – Qozogʻiston va Oʻzbekiston harbiylari shu oyda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Olmaotadagi idorasi tomonidan tashkillashtirilgan minalardan tozalash boʻyicha mintaqaviy gumanitar kurslarda ishtirok etdilar.
Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi maʼlumotlariga koʻra, “gumanitar minasizlantirish tizimlari bilan tanishuv” deb nomlangan mintaqaviy trening 1-5-aprel kunlari Olmaota shahrida boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston va Qozogʻistondan 31 nafar harbiy va fuqaroviy mutaxassislar qatnashdi.
Oʻquv dasturining nazariy qismi Olmaotadagi “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” (KAZSENT) oʻquv markazida boʻlib oʻtdi, amaliy mashgʻulotlar esa 4-aprel kuni Qapchagʻaydagi Qozogʻiston mudofaa vazirligining minalardan tozalash markazida oʻtkazildi.
Markaziy Osiyolik ishtirokchilar uchun AQSH Armiyasi markaziy qoʻmondonligi va Harbiy havo kuchlari, Qozogʻiston mudofaa vazirligi, Xorvatiya minasizlantirish markazi va Tojikistondagi “Norveg xalqi yordami” nodavlat tashkiloti mutaxassis-yoʻriqchilari mashgʻulot oʻtdilar.
Mazkur trening Qozogʻiston mudofaa vazirligining qurollanishni nazorat qilish va tekshiruvlar oʻtkazish markazi hamda Ostona va Dushanbedagi YXHT dasturlari idorasi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deyiladi vazirlikning 8-aprel kungi xabarida. Tojikiston 1992-1997-yillardagi fuqarolar urushidan qolgan minalarni zararsizlantirish boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega.
Treningdan koʻzlangan maqsad, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarini minasizlantirishga oid gumanitar faoliyat tizimi asoslari bilan tanishtirish boʻldi.
“Gumanitar minasizlantirish portlamay qolgan snaryadlar, portlovchi moddalar va minalar xavfini bartaraf etishni koʻzda tutadi”, deydi Qurolli kuchlar faxriysi, chimkentlik Aleksey Juravov Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Bu hudud tahlili, minalardan tozalash, mahalliy aholi bilan ishlash va boshqa choralarni oʻz ichiga oladi”, dedi u.
Xorijlik harbiy mutaxassislarning tajribalari “askarlarimiz uchun shubhasiz foydalidir”, deya qoʻshimcha qildi Juravov.
Mintaqaviy xavfsizlikka koʻmaklashish
“Oʻquv kurslari YXHTning portlovchi moddalarni yoʻq qilish bilan bogʻliq muammo va vazifalar yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik mexanizmini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli koʻmagi doirasida tashkil etildi”, deyiladi Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasining bayonotida.
Bu YXHT tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashkillashtirilgan navbatdagi treninglardan biri boʻldi.
Jumladan, oʻtgan yil dekabr oyida qozogʻistonlik politsiya yoʻriqchilari keng koʻlamli tadbirlar uchun xavflarni profillash usullarini oʻrgangan edilar.
Qaragʻandadagi IIV akademiyasining 30 nafar zobiti ehtimoliy jinoyatchilarni aniqlashdagi psixologik usullar, omma psixologiyasining oʻziga xosligi va tajovuzkor olomonga taʼsir oʻtkazish yoʻllari boʻyicha saboq oldilar.
“Bunday treninglar doirasida mutaxassislar terrorchi va jinoyatchilarni ularning tashqi koʻrinishi va feʼl-atvoridan aniqlashni oʻrganadilar”, dedi Nur-Sultonlik psixolog Aynur Abdiqodirova Karvonsaroy nashriga.
“Jinoyatchi qanchalar tabiiy harakat qilishga va shubha tugʻdirmaslikka intilmasin, uning xatti-harakatlari, yuz ifodasi va ovozining ohangi uni oshkor qilib qoʻyadi”, dedi u.
“Mutaxassislarda standart koʻringan bir qator savollar bor, ammo ularning javoblari ehtimoliy jinoyatchini aniqlash imkonini beradi”, deb tushuntirdi u. “Xavfni profillash terrorchilarning psixologik xususiyatlarini inobatga oladi va xavfsizlik idoralari xodimlariga oʻz vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishga imkon yaratadi.”
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash
Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha ham treninglar oʻtkazmoqda.
Idora oʻtgan yilning 4-5-dekabr kunlari Nur-Sultonda ekstremist isyonchilar, ularning xorijdan qaytgan oila aʼzolari va ekstremizmda ayblanganlar bilan ishlash boʻyicha seminar oʻtkazgan.
Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB), IIV, Bosh prokuratura huzuridagi huquqni muhofaza qilish idoralari akademiyasi, Ijtimoiy rivojlanish vazirligi va fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat 20 nafar qozogʻistonlik rasmiylarga Birlashgan Qirollik mutaxassislari trening oʻtdilar.
“YXHTning Markaziy Osiyodagi faoliyati xavfsizlik, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash, odam savdosiga qarshi turish, shu bilan birga, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga rioya qilish kabi choralarini oʻz ichiga oladi”, dedi Chimkentdagi “Altin karligash” (Oltin qaldirgʻoch) nodavlat tashkiloti rahbari Leyla Baymanova Karvonsaroy nashriga.
“Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi shu yoʻnalishda treninglar tashkillashtiradi va ularni qoʻllab-quvvatlaydi”, dedi u. “Bu treninglarda davlat xizmatchilari, xavfsizlik tashkilotlari xodimlari va manfaatdor fuqarolik jamiyati aʼzolari ishtirok etmoqdalar.”
“Xalqaro tashkilotlarning zamonaviy Qozogʻistonning shakllanishi va xavfsizligiga qoʻshayotgan hissasi ulkan, shu bilan birga, mustaqillik yillarida bizga koʻrsatilgan yordam uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildirishimiz zarur”, deb qoʻshimcha qildi u.