NUR-SULTON – AQSH Davlat departamenti odam savdosiga qarshi kurash uchun Qozogʻistondagi nodavlat tashkilotga 750 ming AQSh dollari (284 mln. tenge) miqdorida grant ajratdi. Bu haqda 16-aprel kuni Qozogʻistondagi AQSH elchixonasi xabar berdi.
“Islom davlati” (ID) kabi terrorchilik tashkilotlari odam savdosidan oʻz faoliyatini moliyalashtirish va guruh safiga odam yollash vositasi sifatida foydalanadi. Birgina misol, jangarilar safiga qoʻshilayotgan erkaklar uchun jinsiy qullar sifatida foydalanish uchun ID Iroqdagi yazidiy xotin-qizlarni oʻgʻirlagan edi.
“Zamonaviy qullik – global ofat boʻlib, hech bir mamlakatni chetlab oʻtmaydi”, deydi Nur-Sultondagi AQSH elchixonasi vakili Shon Boda. “Qozogʻistondagi AQSH diplomatik missiyasi bu borada anchadan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Ajratilgan grant mablagʻi bu muammoni hal etishda hamkorlikdagi saʼy-harakatlarimizning navbatdagisi hisoblanadi.”
AQSH Davlat departamentining odam savdosiga qarshi kurash boshqarmasi Chimkentdagi “Sana Sezim” nodavlat tashkilotiga grant ajratdi.
Grant mablagʻlari “Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurash uchun sud-huquq tizimi va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining salohiyatini kuchaytirish orqali odam savdosidan jabrlanganlar uchun adolatni qaror toptirishga yordam berish”ga qaratilgan 36 oylik loyihani moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Loyiha doirasida “odam savdosiga oid milliy qonunchilikni jamoaviy mustahkamlash, axborot kampaniyalari oʻtkazish va odam savdosidan jabrlanganlarga huquqiy yordam koʻrsatish” maqsadida butun mamlakat boʻylab markazlar tashkil etish koʻzda tutilgan.
Jamoat birlashmamiz grant yordamida “Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining salohiyatini kuchaytirish orqali odam savdosiga qarshi birgalikda kurashamiz!” deb nomlangan aktsiyani boshlagan, dedi Karvonsaroy bilan suhbatlashgan “Sana Sezim” tashkiloti rahbari Hadicha Abisheva.
Mazkur uch yillik loyihadan maqsad – odam savdosi qurbonlari uchun adolatni qaror toptirishga koʻmaklashish, deb qayd etdi u.
“Mamlakatning 11 viloyatida (Nur-Sulton, Olmaota, Aqtoʻbe, Oqtov, Qiziloʻrda, Qustanay, Karagʻanda, Petropavlovsk, Chimkent, Taraz va Ustь-Kamenogorsk) tashkil etilgan markazlar axborot kampaniyalari oʻtkazish va odam savdosidan jabrlanganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanadi”, dedi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, loyihaga 11 nafar huquqshunos jalb etiladi.
Loyiha doirasida jamoatchilik faollari va huquqshunoslar uchun treninglar, shuningdek, Qozogʻistonning 11 viloyatidan kelgan volontyorlar uchun yozgi lagerlar tashkil etilishi kutilmoqda, dedi Abisheva.
Loyiha shuningdek, hukumat idoralari va nodavlat tashkilotlar uchun yoʻriqnomalar, bukletlar va jurnallar, odam savdosiga oid qonunchilik tahlili hamda hukumat uchun tavsiyanomalar kabi axborot materiallarini tayyorlash va tarqatishni ham oʻz ichiga oladi.
Zamonaviy qullik
“Sana Sezim” ayollar tashabbuslari huquqiy markazi Qozogʻistonda 2001-yildan beri faoliyat yuritayotgan boʻlib, odam savdosiga qarshi kurashish va ayollarning huquq tizimidan foydalanishiga koʻmaklashib kelmoqda.
Markaz Karvonsaroy nashriga Qozogʻistonda odam savdosi bilan bogʻliq holat haqidagi tahliliy hisobotni taqdim etgan boʻlib, unda bu turdagi jinoyatning transmilliy xarakterga ega ekanligi va unga qarshi kurashda davlat idoralari va nohukumat tashkilotlar birgalikdagi ishlashi zarurligi qayd etilgan.
“Jinsiy ekpluatatsiya, majburiy mehnat, qarzdorlik oqibatidagi qaramlik, bolalar mehnatidan foydalanish, “uy qulligi”, tilanchilikka majburlash, inson aʼzolari va toʻqimalarini koʻchirib oʻtkazish uchun odam savdosi bilan shugʻullanish - bularning bari bir turdagi mudhish jinoyatning turlicha koʻrinishlari boʻlib, afsuski Qozogʻistonda hali ham mavjud”, deyiladi hujjatda.
“Odam savdosi va noqonuniy ekspluatatsiya muammolari Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun oʻta dolzarbligicha qolmoqda”, deydi “Beybit aspan” (“Tinch osmon”) notijorat tashkiloti rahbari, siyosatshunos Ruslan Seksenbayev Karvonsaroy bilan suhbatda.
Qozogʻistonda 20 yildan beri odam savdosiga qarshi kurash choralarini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Xalqaro migratsiya tashkiloti, shuningdek, davlat idoralari va nohukumat tashkilotlarning saʼy-harakatlariga qaramay, muammo dolzarbligini yoʻqotmagan, dedi u.
Qozogʻiston hukumati tarkibida odam savdosi, odamlarni noqonuniy olib chiqish va olib kirishga qarshi kurash boʻyicha idoralararo komissiya faoliyat yuritmoqda, deyiladi hisobotda.
Shuningdek, jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan va 2015-yil yanvardan kuchga kirgan oʻzgartirishlar odam savdosi jabrdiydalariga davlat jamgʻarmasidan kompensatsiya puli olishga imkon beradi. Ayni paytda bu jamgʻarma tashkil etilgan, biroq toʻlovlar 2020-yildan boshlab amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qozogʻistonda odam savdosidan jabrlanganlar uchun 116-16 ishonch telefonlari ishlab turibdi.
Seksenbayevning soʻzlariga koʻra, bunday jinoyatlarni aniqlash mushkul va koʻpincha jamiyatning himoyalanmagan qatlamlariga mansub odamlar ularning qurboniga aylanmoqda.
“Jabrdiydalarning huquqiy savodsizligi, yordam soʻrab qayerga va qanday murojaat qilishni bilmasligi, qoʻrquv va boshqa omillar sababli odamfurush jinoyatchilar jazodan qutulib qolmoqdalar”, dedi u.
“Masalan, fohishalik qilishga majburlanganlar oʻzlarini himoyasiz his qiladilar va fohishalik bilan shugʻullanganlari sababli qoʻshmachilar ular bilan istagan ishini qilishi, jumladan, ishlagan pullari va hujjatlarini olib qoʻyishi mumkin, deb hisoblaydilar”, deydi Seksenbayev.
Uning ishonishicha, bu borada davlat idoralari va nohukumat tashkilotlarning birgalikdagi saʼy-harakatlarigina samara berishi mumkin. Shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari ham muammoga qarshi kurashda salmoqli yordam beradi.
Amerikoslar “biz kurashamiz” deganlarida aksini tushunish kerak. Erondagi qochqinlar lagerini yodga olish kerak
Javob berishFikrlar 1