Karvonsaroy
Terrorizm

Tor-mor etilgan va quvgʻinlikdagi ID yetakchisi besh yil deganda videoda koʻrinish bergani aytilmoqda

Salaam Times

Dushanba (29-aprel) kuni “Islom davlati” Abu Bakr Bagʻdodiy nomidan videomurojaat yoʻllagan. Suratda: YouTube tarmogʻidan olingan videolavha kadri. Tahlilchilar va videoga fikr-mulohaza bildirganlar ID yetakchisini qoralaganlar.

Dushanba (29-aprel) kuni “Islom davlati” Abu Bakr Bagʻdodiy nomidan videomurojaat yoʻllagan. Suratda: YouTube tarmogʻidan olingan videolavha kadri. Tahlilchilar va videoga fikr-mulohaza bildirganlar ID yetakchisini qoralaganlar.

Videoda koʻrinish bergan qochuvdagi “Islom davlati” (ID) yetakchisining “xalifalik” qoldiqlarini toʻplashga urinayotgani kuzatuvchilarning tanqidiga uchragan.

BBC xabariga koʻra, ID dushanba (29-aprel) kuni internetga chiqargan videolavha aprel oyida tasvirga olingani aytiladi.

18 daqiqalik videolavhada Abu Bakr Al-Bagʻdodiy ekanligi iddao qilingan erkakning boshqa ID aʼzolari bilan suhbatlashayotgani aks etgan, deb xabar beradi Amerika ovozi (VOA).

Videoda Al-Bagʻdodiy ekani aytilgan erkak guruh nazoratidagi soʻnggi hudud boʻlgan Suriyadagi Bogʻuz qishlogʻi boy berilganini tan oladi. Ushbu hudud mart oyida koalitsiya qoʻllovidagi kuchlar tomonidan qoʻlga kiritilgan edi.

“Bogʻuz uchun kurash tugadi”, deb aytgan u.

U butun dunyo boʻylab tarqagan izdoshlarini birlashtirish maqsadida 21-aprel kuni Shri-Lankada nasroniylarning bayrami chogʻida sodir etilgan qonli hujumlar Bogʻuzning tor-mor etilganiga javob oʻlaroq amalga oshirilganini daʼvo qilgan.

“Bugun tarqagan videolavhadan xabardormiz”, deb aytgan AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Maykl Lavalli Amerika ovoziga koʻra. “Tahlilchilar videolavhani tekshiradilar, uning haqiqiyligini razvedka xizmati tasdiqlaydi.”

Videoning haqiqiyligi isbotlanadigan boʻlsa, bu Al-Bagʻdodiyning 2014-yildan beri ilk marta koʻrinish berishi boʻladi. Oʻshanda u Iroqning Mosul shahrida nutq soʻzlagan edi.

IDning magʻlubiyati koalitsiya kuchlarining ham yerdan, ham havodan bergan zarbalari natijasida tezlashgan.

BBC xabariga koʻra, 2014-yil oxiri va 2015-yil boshida guruh oʻzining choʻqqisiga koʻtarilgan va Suriyada 88 ming kvadrat kilometrlik hududni nazorat qilgan. U 2017-yilda Mosul va al-Raqqani boy berdi, va oxir-oqibat, Bogʻuz qishlogʻidagi bir parcha hududnigina saqlab qola oldi.

“Nomunosib”

AQSH kuchlariga qarshi kurashda minglab jangarilar halok boʻlayotgan bir vaqtda, yillar davomida yashirinib kelgan ID yetakchisi kuzatuvchilarning tanqidi ostida qolib ketgan.

“Qanday qilib oʻziniki boʻlmagan yerni yoʻqotgani uchun boshqalardan oʻch olish mumkin?” deya savol beradi peshovarlik siyosiy tahlilchi Xadim Husayn. “Odamlarga koʻrinish bermaydigan kimsa uyushgan qonuniy armiyaga qarshi qanday kurashadi?”

Al-Bagʻdodiyning taqdiri bir necha yillardan beri faoliyati sustlashib borayotgan pokistonlik terrorchilarnikiga oʻxshab ketadi, deb aytgan u Salaam Times nashriga.

Xalqaro hamjamiyat oʻz tashviqotida tinch aholiga nisbatan vahshiyliklarni targʻib qiluvchi IDning qayta tiklanishi yoʻlidagi har qanday harakatga qarshilik qiladi, dedi Peshovar universitetining xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassisi, doktor Atoulloh Xon Salaam Times nashriga.

U “ID qurolsiz aholiga qarshi shafqatsizlik bilan munosabatda boʻlganini” taʼkidlagan.

Peshovarlik diniy arbob, mavlono Jomil Qurayshiy Salaam Times nashriga bergan intervyusida Al-Bagʻdodiy aks etgan videoni nojoʻya deb atadi. “ID faoliyati Qurʼon taʼlimotiga zid.”

ID uchun Afgʻonistonda boshpana yoʻq

Videoni tomosha qilgan afgʻonistonlik tahlilchining soʻzlariga koʻra, uning bu urinishi Afgʻonistonda guruh mavqeining tiklanishiga sabab boʻladi, deb oʻylash xomxayoldan boshqa narsa emas.

“Bunday videolavhalar ID oʻz jangarilarini toʻplash qobiliyatini yoʻqotgani sababli tashviqot oʻlaroq qabul qilinishi mumkin, xolos”, deydi Salaam Times nashri bilan suhbatda kobullik siyosatshunos Aziz Stanekzay IDning muqobil nomini tilga olib.

Guruh “Iroq va Suriyada yirik magʻlubiyatga” uchradi hamda Afgʻonistonda afgʻon va koalitsiya kuchlari tarafidan tor-mor etildi, deb qayd etdi u. “Oʻtgan ikki-uch yil davomida afgʻonistonliklar ID jangarilarini mamlakatning hech qayeriga kiritmaganlar.”

“Birinchidan, Al-Bagʻdodiy tor-mor etilgan jangarilarining jangovar ruhiyatini koʻtarishga harakat qilmoqda”, dedi Afgʻoniston ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdullaning oʻrinbosari maslahatchisi Nasrullo Musodiq. “Ikkinchidan, u guruhning qayta jonlanayotganini koʻrsatmoqchi.”

“Afgʻoniston hukumati va xalqaro hamjamiyat ushbu guruhni yanchib tashlashga tayyorgarlik koʻrishi kerak”, deb maslahat berdi Musodiq koalitsiya va mahalliy kuchlarning Iroq, Suriya va Afgʻonistonda IDni tor-mor etib boʻlgani haqidagi Stanekzayning soʻzlariga qoʻshilib.

[Ushbu maqolani tayyorlashga Peshovardan Ashfaq Yusufzay va Kobuldan Sulaymon koʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500