BISHKEK – Qirgʻizistonda sovet davridan qolgan ikkita uran qazib olish inshootlarida tozalash ishlari boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) dushanba (29-aprel) kuni bergan bayonotida maʼlum qildi.
Markaziy Osiyo mintaqasi oʻzidan keyin bir talay xavfsizlik va ekologik muammolarni qoldirib ketgan Sovet Ittifoqi uchun uran moddasining asosiy manbai boʻlib xizmat qilgan. Jumladan, Tojikiston hukumati mamlakatdagi chiqindixonalarda “qoʻlbola bombalar” ishlab chiqarish uchun kifoya qiladigan darajada uran moddasi borligi yuzasidan xavotir bildirgan edi.
YTTB va Qirgʻiziston rasmiylari tomonidan imzolangan grant shartnomasiga koʻra, dastlab Jalolobod viloyatidagi sobiq Shekaftar konida tozalash ishlari boshlanadi, deyiladi bayonotda.
Grant mablagʻi Yevropa Komissiya tomonidan asos solingan va YTTB boshqaruvida boʻlgan jamgʻarma – Markaziy Osiyo uchun atrof-muhitni tiklash hisob raqamidan (ERA) ajratilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur loyiha Markaziy Osiyoda Sovet davrining uran qazib olish va qayta ishlash sanoatidan qolgan zararli chiqindilar muammosini hal etishga qaratilgan keng koʻlamli rejaning bir qismi hisoblanadi.
Bu boradagi kelishuv YTTBning yadroviy xavfsizlik boʻyicha direktori Baltazar Lindauer va Qirgʻiziston favqulodda vaziyatlar vaziri Nurbolot Mirzaahmedov tomonidan imzolangan.
Bu Min-Kush va Shekaftar uchastkalarida ishlaydigan pudratchini tanlash uchun tender eʼlon qilish imkonini beradi. Min-Kush faqat chiqindixonadan iborat boʻlsa, Shekaftar hududida ham chiqindixona, ham sobiq kon joylashgan.
Hukumat bu ikki inshootni ekologik yoʻnalishdagi ustuvor obʼektlar sifatida belgilagan.
“Biz oʻrnatilgan mustahkam hamkorlik uchun Qirgʻiziston hukumatidan minnatdormiz”, dedi Lindauer dushanba kuni Bishkekda qirgʻiz rasmiylari bilan uchrashuvdan soʻng. “Bugun biz ish boshlash va Qirgʻiziston aholisi uchun xavf darajasini pasaytirish yoʻlida muhim qarorni qabul qildik.”
ERA Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi eng muhim obʼektlarni tozalash maqsadida 2015-yilda taʼsis etilgan edi. YTTB uchchala mamlakat bilan doiraviy kelishuvlarni imzolagan.
Sovet ittifoqi va Rossiyaning beparvoligi
YTTB va uning Markaziy Osiyolik hamkorlari oldida ulkan vazifa turibdi.
Sovet tuzumi Markaziy Osiyoda 50 yildan ortiq vaqt davomida uran qazib chiqargan va qayta ishlash uchun boshqa mamlakatlardan uran rudasini import qilgan.
YTTBga koʻra, chiqindixonalar va omborxonalarda katta miqdorda zaharli radioaktiv moddalar toʻplanib qolgan. 1995-yilda aksariyat konlar yopilganiga qaramay, Rossiya bu yerlarni tark etgunigacha va undan keyin ham hech qanday tozalash ishlarini olib bormagan.
YTTB yadroviy xavfsizlik va zararsizlantirish dasturlarida ishtirok etuvchi yagona xalqaro moliya muassasasi boʻlib, ushbu sohada 1993-yildan beri faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
ERAni Yevropa Ittifoqi, Belgiya, Shveytsariya, Norvegiya va Litva mablagʻ bilan taʼminlaydi.
YTTB shuningdek, 1986-yili AESda mudhish halokat yuz bergan Ukrainaning Chernobilidagi tiklash ishlarida, Bolgariya, Litva va Slovakiyadagi sobiq sovet yadro reaktorini zararsizlantirish va Rossiya shimoli-gʻarbidagi radioaktiv chiqindilarni boshqarishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Real natijalar boʻlishi uchun texnik-iqtisodiy asoslar va atrof-muhitga taʼsirni baholash kerak boʻladi
Javob berishFikrlar 2
Texnik-iqtisodiy asoslar va atrof-muhitga taʼsirni baholash talab etiladi
Javob berishFikrlar 2