Karvonsaroy
Diplomatiya

Surxondaryo viloyati oʻzbek-afgʻon hamkorligining markaziga aylanib bormoqda

Maksim Yeniseyev

23-may kuni Termiz shahrida oʻtgan oʻzbek-afgʻon biznes forumi ishtirokchilari. Tadbir davomida Oʻzbekiston va Afgʻoniston rasmiylari umumiy qiymati 82,2 mln. dollarlik eksport shartnomalari va kelishuvlarni imzoladilar. (Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)

23-may kuni Termiz shahrida oʻtgan oʻzbek-afgʻon biznes forumi ishtirokchilari. Tadbir davomida Oʻzbekiston va Afgʻoniston rasmiylari umumiy qiymati 82,2 mln. dollarlik eksport shartnomalari va kelishuvlarni imzoladilar. (Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)

TOSHKENT – Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyati ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning markazi sifatida taraqqiy etib bormoqda.

Soʻnggi yillarda ushbu hamkorlik taʼlim, savdo va investitsiya sohalarini qamrab olgan.

20-may kuni Toshkentda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) raisi Miroslav Laychak Oʻzbekistonning mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni va Afgʻonistonga koʻrsatayotgan doimiy yordamini alohida eʼtirof etdi.

YXHT saytining yozishicha, tashrif davomida Laychak Termizda afgʻonistonliklar uchun tashkil etilgan taʼlim markaziga 10 ming yevro (11,1 ming AQSH dollari) taqdim etgan. Ushbu markaz Surxondaryo viloyatida joylashgan.

Termizdagi Afgʻoniston fuqarolariga taʼlim berish markazining oʻzbek va afgʻon talabalari, 2018-yil. (OʻzA)

Termizdagi Afgʻoniston fuqarolariga taʼlim berish markazining oʻzbek va afgʻon talabalari, 2018-yil. (OʻzA)

23-may kuni Termizda afgʻon-oʻzbek biznes forumining ochilishida ishtirok etgan ikki mamlakat ishbilarmonlari. (OʻzA)

23-may kuni Termizda afgʻon-oʻzbek biznes forumining ochilishida ishtirok etgan ikki mamlakat ishbilarmonlari. (OʻzA)

“Taʼlim – biz istagan kelajakni yaratishga imkon beruvchi oddiy, ammo qudratli vositadir”, deb aytgan Laychak Komilov bilan uchrashuvi chogʻida.

“U bizga bilimlarni toʻplash, fikrlashni oʻzgartirish, yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish va xulq-atvorni yaxshilashga yordam beradi”, dedi u. “Afgʻon yoshlari zarur koʻnikmalarni oʻrganish orqali mamlakatni iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishlari mumkin. Modomiki, biz xavfsiz kelajak barpo etish haqida jiddiy oʻylayotgan ekanmiz, yoshlar bizning kalitimizdir”.

Termizdagi Afgʻoniston fuqarolariga taʼlim berish markazi 2018-yil yanvar oyida ochilgan boʻlib, afgʻonistonlik talabalar uchun 17 ta yoʻnalish, jumladan oʻzbek va ingliz tillari, fizika va kimyo sohalarida oliy va oʻrta maxsus taʼlim berishga ixtisoslashgan.

2018-2019-oʻquv yilida u yerda 96 nafar talaba tahsil oldi. Markaz 300 tagacha talabani sigʻdira oladi.

“Oʻzbek tili Afgʻonistonning shimoliy viloyatlarida ancha keng tarqalgan boʻlishiga qaramay, u oʻzbekistonliklar soʻzlashadigan oʻzbek tilidan keskin farq qiladi. XX asrda ikki xalq oʻrtasidagi aloqalar bir necha oʻn yillar davomida uzilib qolgan edi”, deydi toshkentlik tilshunos Otabek Hayitqulov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Taʼlim markazining gʻoyalaridan biri – oʻzbek tilini chuqur oʻrganish orqali Amudaryoning ikki tarafidagi oʻzbeklarni yaqinlashtirishga koʻmaklashish”, dedi u Oʻzbekistonning Afgʻonistondan ajratib turuvchi daryoni nazarda tutib.

Savdo-sotiqni rivojlantirish

Bu orada 23-may kuni Termizda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan oʻzbek-afgʻon biznes forumi boʻlib oʻtdi.

Afgʻonistonlik tadbirkorlar forumda taqdim etilgan 300 dan ortiq turdagi oʻzbek mahsulotlari bilan tanishish va oʻzbekistonlik hamkasblari bilan muzokara olib borish imkoniga ega boʻldilar.

Forum doirasida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida umumiy qiymati 82,2 mln. AQSH dollariga teng eksport shartnomalari va bitimlar imzolandi, deyiladi Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 27-may kungi bayonotida.

“Oʻzbeklar va afgʻonlar bir daryoning ikki sohilida yashovchi qardosh xalqlardir”, deb taʼkidladi Afgʻonistonning xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi “Oybegim” uyushmasi rahbari Xalilyor Frozan xonim Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga (OʻzA) bergan intervyusida.

“Uyushmamiz ishlab chiqarish, savdo, madaniyat va boshqa koʻplab sohalarda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatida”, deb maʼlum qildi u.

“Iqtisodiy barqarorlikka oʻz hissasini qoʻshish niyatida boʻlgan Oʻzbekistondan behad minnatdormiz”, dedi u.

Oʻtkazilgan forum 17-may kuni Dushanbe shahrida Afgʻoniston va Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari – Salohiddin Rabboniy va Abdulaziz Komilov uchrashuvining mahsuli boʻldi.

Vazirlar ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning ijobiy va dinamik natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar va turli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, jumladan, Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi yirik infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflarini muhokama qildilar, deb xabar qildi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Afgʻoniston sarmoyasi

Oʻtgan yili xorijiy investorlar tomonidan Surxondaryo viloyatiga 7,3 mln. dollar investitsiya kiritilgan. 2019-yilning boshidan beri esa ular 6,6 mln. AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritganlar. Afgʻonistonlik tadbirkorlar 2019-2020-yillarda Surxondaryoda umumiy qiymati 30 mln. dollarga teng 14 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

OʻzA xabariga koʻra, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida afgʻonistonlik investorlar ishtirokida tuzilgan 144 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston Afgʻonistonga yengil avtomobillar, yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xoʻjaligi texnikasi, oʻgʻitlar va meva-sabzavot eksport qiladi.

Mazkur sarmoyaviy loyihalarga koʻmaklashish maqsadida Surxondaryo viloyatida “Termiz” logistika markazi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

2016-yilda ochilgan ushbu markaz Oʻzbekiston-Afgʻoniston savdo aloqalari uchun asosiy markaz boʻlib xizmat qilishi kutilyapti. 23-may kuni markaz negizida doimiy oʻzbek-afgʻon savdo zonasi tashkil etildi.

Chegaradagi savdo zonasi Oʻzbekiston va Afgʻoniston korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda oʻziga xos “doʻstlik koʻprigi” vazifasini oʻtaydi, deb yozadi OʻzA.

Savdo zonasida Oʻzbekistonda biznes yuritishni istagan afgʻon tadbirkorlari uchun bojxona terminali, mehmonxona, restoran va xizmat koʻrsatish shaxobchalari mavjud. Hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xizmatlar “yagona darcha” orqali taqdim etiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500