Xavfsizlik

Tojikistonlik sobiq ID jangarisi Afgʻonistonga oʻylamay qilgan safari haqida soʻzlab berdi

Neʼmatullo Mirsaidov

image

Nodira Usmonova uch farzandi va qaynotasi bilan, Soʻgʻd viloyati, Bobojon Gʻafurov tumani, Isfisor qishlogʻi, 18-iyun. (Neʼmatullo Mirsaidov)

(Maqolaning birinchi qismi 27-iyun kuni chop etilgan boʻlib, unda turmush oʻrtogʻi bilan terrorchilik tashkiloti safiga qoʻshilgan va afgʻon qamoqxonasiga tushib qolgan tojik ayoli Nodira Usmonova haqida hikoya qilinadi.)

SOʻGʻD VILOYATI, TOJIKISTON – Farhod Usmonov ishlash uchun Moskvaga soʻnggi bor 2017-yilning aprel oyida borgan edi.

Ayoli Nodiraning aytishiga qaraganda, maʼlum muddatdan soʻng Usmonov, taxminlarga koʻra, Ozarbayjondan uyiga qoʻngʻiroq qilgan va yaxshi maosh toʻlanadigan ish topganini aytgan.

Aslida esa u Eron yoki Afgʻonistondan turib aloqaga chiqqani taxmin qilinadi.

Usmonov boshqa yuzlab tojikistonlik migrantlar kabi yaxshi maosh haqidagi yolgʻon vaʼdalarga uchib, “Islom davlati”ning (ID) soxta mafkurasiga aldandi.

ID safiga qoʻshilganidan keyin u Turkiyaga, soʻngra Eron orqali Afgʻonistonga yoʻl olgan.

Undan avvalgilarning koʻpi Suriyaga borgan edilar, lekin Suriyadagi hududini butunlay boy bergan ID asosiy eʼtiborini Afgʻonistonga qaratgan.

IDning Afgʻonistonga oʻtishi “ushbu beqaror mamlakat bilan chegaradosh boʻlgan Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston kabi barcha Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi eʼlon qilingan urushdir ”, deydi Afgʻoniston masalalari boʻyicha ekspert Qosim Bekmuhamedov.

Biroq, Afgʻonistonning oʻzi IDga xayrixoh emas. Afgʻoniston hukumati ham, tolibonlar ham IDdan nafratlanadi va unga qarshi jang qilmoqda.

Yanglish eʼtiqod sari yoʻl

2018-yilning fevral oyida Usmonovaga eri qoʻngʻiroq qiladi va bolalari bilan Ozaybayjonga kelishni soʻraydi.

U chipta sotib olib, farzandlari bilan Moskva orqali Bakuga uchdi. U yerda esa ularni erining doʻsti ekanligini aytgan notanish oʻzbekzabon kishi kutib oldi.

“Uning ismi Mahmadali edi”, deydi ayol. “U meni va ikki bolamni mehmonxonaga joylashtirdi, pulini ham toʻladi.”

Usmonova ikki hafta Bakudagi mehmonxonada boʻldi, soʻngra ozarbayjonlik Guzler ismli ayolning koʻmagida bolalari bilan Eronga joʻnadi.

Tehronda esa ularni boshqa ayol - Shaydo kutib oladi va Afgʻonistonning Hirot shahriga olib oʻtadi.

Usmonova va farzandlari Javzon viloyatidagi (oʻsha vaqtda ID nazoratida boʻlgan) Sardara qishlogʻiga yetib borishdi. Usmonov ularni oʻsha yerda kutayotgan edi. Safar jami 18 kun davom etdi.

Notanishlar orasidagi hayot

Sardarada oila loydan yasalgan uyda kun kechirar edi.

Usmonov oyiga 6 ming afgʻoniy ishlab topar edi. U nozirlik qiladigan ID qamoqxonasida Afgʻoniston milliy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari, Afgʻon milliy armiyasi askar va zobitlari, shuningdek, hukumat tarafdori boʻlgan tinch aholi vakillari hibsda saqlanar edi.

Usmonov yaqinda afgʻon televideniyesida koʻrsatilgan ikki tojikistonlik mahbusning biri. Koʻrsatuvda chiqqan IDning boshqa bir aʼzosi Neʼmatullo IDning hafsalasi pir boʻlganini aytgan. Usmonovning pushaymonlik soʻzlari esa televizorda yangramagan.

“ID daʼvat qilayotgan jihod umuman yoʻq narsa”, deydi Neʼmatullo 1TV NEWS telekanaliga. “Uning mafkuraviy rahnamolari oʻz maqsadlari yoʻlida odamlarni aldaydilar, ularning ishonchini suiisteʼmol qiladilar va savodsizlikdan foydalanadilar.”

1TV NEWS maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda Kobuldagi 501-qamoqxonada IDning 400 aʼzosi, jumladan, Tojikiston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Rossiyadan 130 xorij fuqarosi bor.

Ekstremizmga qarshi taʼlim-targʻibot

Tojikiston huquq-tartibot va xavfsizlik idoralari ekstremistlarning tinmay daʼvat olib borishini anglagan holda, mahalliy hokimliklar, imom-xatiblar va nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda aholi orasida muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.

Bunda yoshlarga, mehnat migrantlari va ishsizlarga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

“Terrorizm va ekstremizmning mafkuraviy rahnamolari asosan odamlarning qarashlarini oʻzgartirishga harakat qiladilar”, deydi xoʻjandlik jurnalist Alisher Tolibov.

“Dunyoqarashi toʻla shakllanmagan yoshlar, dunyoviy, diniy va huquqiy savodxonligi past boʻlgan odamlar, shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganlar ularning taʼsiriga tushishi mumkin”, dedi u.

“Ularni yovuz ekstremistik mafkura taʼsiridan himoyalar ekanmiz, zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurash uchun zarur boʻlgan siyosiy hushyorlikni yoʻqotmasligimiz kerak”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1
Siyosat * Majburiy 1500 ta belgi qoldi (1500 max)

Bu tuban mentalitet, ochkoʻzlik, savodsizlik va johillik natijasi. Afsuski, Tojikistonda aholining katta qismi ektremistlar taʼsirida qolmoqda. Ular Xudoga, dinga koʻr-koʻrona eʼtiqod qiladilar. Tojikiston qoziyati savodxonligi past aholi orasida Xudoni va dinni anglash boʻyicha tushuntirish ishlarini olib bormaydi. Qoziyot va uning xodimlariga aholining, ayniqsa yoshlarning savodsiz boʻlishi foydaliroq. Islom dini arboblari koʻp asrlardan beri oddiy xalq Islom dini va falsafasi haqida yaxshi tushunchaga ega boʻlmasligidan manfaatdor boʻlib kelgan. Bugungi kunda minglab odamlar oʻz savodsizliklari va johilliklari sababli diniy arboblar jabrdiylariga aylanmoqdalar.

Javob berish