DUSHANBE – Tojikistondagi AQSH elchixonasi tojik ayollari uchun moʻljallangan ilk tarixiy taʼlim muassasasi – Oyim madrasasini taʼmirlash va qayta tiklash ishlarini moliyalashtirdi.
25-iyun kuni AQSHning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommershaym mahalliy rasmiylar bilan birga Konibodomdagi 19-asrga oid binoning ochilish marosimida ishtirok etgan.
Elchixona madaniy merosni saqlash boʻyicha AQSH elchilari jamgʻarmasi (AFCP) dasturi doirasida madrasani tiklash va taʼmirlash ishlari uchun “Imdodi Gʻayrat” nodavlat tashkilotiga 77154 AQSH dollari (727 ming somoniy) taqdim etgan.
Oyim madrasasi endi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi muzey sifatida faoliyat koʻrsatadi.
“Boy madaniy merosga ega tojik xalqi bu merosni kelajak avlod mulkiga aylantirish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak”, dedi Pommershaym ochilish marosimida.
Qoʻshma Shtatlar Tojikistonning noyob madaniy merosini saqlab qolish uchun qariyb 620 ming AQSH dollari (5,8 million somoniy) miqdorida grant ajratdi, deyiladi elchixonaning 25-iyun kungi bayonotida.
Avvalgi loyihalar “9-asrga oid Xoja Mashhad madrasani saqlab qolish va muhofazalash, Shahrituzdagi maqbara, qadimgi Panjakentdagi Quyi saroyning devoriy chizgilari, Hisordagi 16-asrga mansub madrasai Koʻhna va Osori-atiqalar davlat muzeyining jamlanmalarini tiklash va muhofaza qilish kabilarni oʻz ichiga olgan”, deyiladi elchixona xabarida.
“27 yillik hamkorlik davomida Qoʻshma Shtatlar jami 17 hududdagi 18 ta madaniy meros obʼektini tiklashda Tojikistonga koʻmaklashdi. Men oʻziga xos meʼmorchiligi bilan ajralib turadigan shunday obʼektlardan bir nechtasini ziyorat qilish imkoniyatiga ega boʻldim”, dedi Pommershaym.
“Oyim madrasasining yangilanishi ... Tojikiston xalqining madaniy merosini tiklash yoʻlidagi kichik yordamimiz va bu soʻnggi emas”, dedi u.
Tarixiy obʼekt
1824-1825-yillarda mahalliy meʼmorlar tomonidan barpo etilgan Oyim Madrasasi noyob tarixiy obʼekt hisoblanadi. Tojikiston hukumati ushbu madaniy yodgorlikni oʻzining tarixiy va meʼmoriy obʼektlari katalogida roʻyxatdan oʻtkazgan.
Mahalliy aholining soʻzlab berishicha, 1820-yillarda oʻzining ilgʻor qarashlari uchun Qoʻqon xonlarining taʼqibiga uchragan Mulla Mir Olim Konibodomdan boshpana topadi.
Mahalliy aholi olimni 10 yoshli qizi Bibi Oyim bilan birgalikda oʻz himoyasi ostiga olgan.
Mir Olim odamlarni maʼrifatparvarlik gʻoyalari bilan ruhlantirgan, ular hashar yoʻli bilan masjid barpo etib, u yerda faqat ibodat qilibgina qolmasdan, balki farzandlariga ham maʼnaviy va diniy taʼlim berganlar. Binoning bir qanoti qizlarning taʼlim olishi uchun ajratilgan”, dedi mahalliy oʻlkashunoslik muzeyi direktori Rahmon Ismoilov.
Bu muassasa qizlar uchun Markaziy Osiyodagi mavjud ikki diniy taʼlim maskanidan biri boʻlib xizmat qilgan. Boshqa shu kabi muassasa mintaqadagi eng yirik ilm-fan markazlaridan biri boʻlmish Buxoro shahrida tashkil etilgan edi.
Muzey ekstremistlarning ayollarni taʼlimdan mahrum qilish chaqiriqlariga qarshi oʻziga xos javobdir.
Mahalliy aholiga koʻra, Oyim madrasasi erksevarlik, ezgulik va adolat, Tojikistonning muayyan hududlari odamlarining ilm olishga boʻlgan intilishi timsolidir.
“Mahalliy aholi bu anʼanalarni asrlar osha saqlab kelmoqda. Ehtimol, shu sababli ham Tojikistonning ushbu burchagida ayolning oiladagi oiladagi oʻrni biroz boshqacharoq, ularning qarashlari, hayot tarzi va tanlovi birmuncha erkinroq”, deydi Ismoilov.
“Mullo Mir Olimning vafotidan soʻng, madrasaning uning qizi Bibi Oyim boshqardi va oʻz hayotini ilm-fanga baxshida qildi. U 85 yil umr koʻrdi”, dedi u.
“Bibi Oyimning vafotidan soʻng, madrasani uning sharafiga Oyim madrasasi deb nomladilar”, deydi Ismoilov.
Oyim madrasasi koʻhna tarixiy-madaniy yodgorlik boʻlmasa-da, u turli davrlarda mahalliy jamiyat hayotida yuz bergan ayrim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni oʻzida aks ettiradi, deydi konibodomlik tarixchi-sanʼatshunos Muyassara Ibrohimova.
Bugungi avlod ulardan boxabar boʻlishi lozim, dedi u.
Madrasa “maʼrifat va anʼanaviy islom madaniyati gullab-yashnagan davrlarga guvoh boʻlgan, qizlar uchun moʻljallangan taʼlim muassasi faoliyati bunga misol. U shuningdek, bolsheviklar hukmronligi va ateizm davrlarini ham bosib oʻtdi, u vaqtda madrasa bolalar koloniyasiga aylantirildi. Uni tiklash uchun mablagʻ kerak boʻlgan vaqtda esa bir muddat bekor turdi”, dedi Muyassar Ibrohimova.
“Bizning amerikalik doʻstlarimiz esa ushbu madaniy meros obʼektini taʼmirlash va qayta tiklash uchun grant ajratib, shunday xayrli ishga qoʻl urdilar”, dedi Ibrohimova.
AQSH koʻmagining ahamiyati
“AQSHning moliyaviy koʻmagi bizga madrasa tomini, xonalarini taʼmirlash, gʻisht devorlardan dogʻlar va gʻuborlarni ketkazish, shuningdek, madrasaning tarixiy qiyofasini tiklash uchun bir qator restavratsiya ishlarini olib borishga imkon beradi”, dedi “Imdodi Gʻayrat” jamoat tashkiloti rahbari Mavluda Boxirova.
Mahalliy hukumat rasmiylariga koʻra, tarixiy va meʼmoriy ahamiyatga ega obʼektlarni tiklash va yangilash ishlari Tojikiston shahar va qishloqlarini rivojlantirish boʻyicha yaqin uch yilga moʻljallangan dastur doirasida amalga oshirilgan.
Bunday saʼy-harakatlar natijasida shaharlar oʻziga xos qiyofa kasb etibgina qolmay, balki sayyohlarni jalb qiluvchi omilga ham aylanmoqda.
“Bu shimoli-gʻarbda Tojikistonning oʻziga xos darvozasi hisoblangan Konibodomdek shahar uchun nihoyatda muhim. Oʻzbekiston bilan chegaralar ochilgach, ushbu hududdan sayyohlar oqimi kuchaymoqda”, deydi Ismoilov Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Amerikaning koʻmagi biz uchun muhim, boisi u Buyuk Ipak yoʻli boʻylab tarixiy joylarga qiziquvchi chet ellik sayyohlarini jalb qilishga yordam beradi”, dedi u.
“Fargʻona va Samarqand singari qadimiy shaharlar orasida joylashgan Konibodom oʻzining kichik, ammo qadimiy tarixiy va madaniy yodgorliklari bilan oʻziga xos chorrahaga aylanishi mumkin”, deydi Ismoilov.
AQSH – demokratiya va taraqqiyot demak.
Javob berishAQSHda boshqacha kiyinishni yaxshi koʻrishadi...
Javob berishFikrlar 2