Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻiston savdo va xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda

Aydar Ashimov

Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin (chapda) 11-iyul kuni Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan qoʻl siqishmoqda. (Tojikiston prezidenti matbuot xizmati)

Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin (chapda) 11-iyul kuni Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan qoʻl siqishmoqda. (Tojikiston prezidenti matbuot xizmati)

NUR-SULTON – Yaqinda Qozogʻistonning Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar bilan yuqori darajagi uchrashuvlari oʻzaro munosabatlarning iliqlashuvi boʻyicha uzoq muddatli tendentsiyaning bir qismi boʻlib, mintaqada savdo va xavfsizlikni kuchaytirishga xizmat qiladi, deydi kuzatuvchilar.

Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin 11-iyul kuni Dushanbe shahrida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida muzokara oʻtkazdi, deb xabar berdi Maminning matbuot xizmati.

“Qozogʻiston Tojikiston bilan oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali sheriklikni kengaytirish niyatida”, deb aytgan Mamin uchrashuvda.

Qozogʻiston mahsulot aylanmasi boʻyicha Tojikistonning ikkinchi eng yirik savdo hamkoridir, dedi Rasulzoda. Uning qoʻshimcha qilishicha, ikki mamlakat kelgusi uch-toʻrt yil ichida yillik savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishga harakat qilmoqda.

Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedkali Abilgʻoziyev (chapda) va Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin 12-iyul kuni Bishkekda faxriy qorovul oldidan oʻtmoqdalar. (Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmati)

Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedkali Abilgʻoziyev (chapda) va Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin 12-iyul kuni Bishkekda faxriy qorovul oldidan oʻtmoqdalar. (Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmati)

Qozogʻiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda Tojikiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo hajmi 8,2 foizga oshib, 900 million dollarni tashkil etgan.

Maminning rasmiy tashrifi asnosida ikki mamlakat qozoq-tojik hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan umumiy qiymati 80 million dollardan ortiq 11 ta bitimni imzolaganlar.

“Tojikiston qozogʻistonlik investorlarga qator istiqbolli loyihalar, jumladan, agrosanoat tarmoqlari va energetika, yengil sanoat, foydali qazilmalarni qayta ishlash, transport va kommunikatsiya sohalariga oid loyihalarni taklif qilishga tayyor”, dedi Rahmon oʻz bayonotida.

Qozogʻiston va Qirgʻiziston

Dushanbedagi muzokaralardan bir kun oʻtib, Mamin Qozogʻiston - Qirgʻiziston hukumatlararo kengashi yigʻilishida ishtirok etish va Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedkali Abilgʻoziyev va prezident Sooronbay Jeyenbekov bilan muzokaralar oʻtkazish uchun Bishkekka yoʻl oldi.

Kengash 12-iyul kuni savdo, investitsiyalar, sanoat, transport, neft va gaz, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, gidroenergetika, bojxona va chegara sohasidagi hamkorlikka taalluqli 18 ta masalani koʻrib chiqdi.

Mamin qishloq xoʻjaligi, immigratsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid memorandumlarni imzolagan.

“Qozogʻiston asosiy savdo hamkorlarimizdan biri. Bu yil prezidentlarimiz ikkita uchrashuv oʻtkazdi va unda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish hamda doʻstlik, birodarlik va qardoshlikning anʼanaviy tamoyillarini mustahkamlash borasida qatʼiyatli ekanliklarini tasdiqladilar”, dedi Abilgʻoziyev.

2018-yilda Qirgʻiziston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 843 million AQSh dollariga yetib, 2017-yilgi koʻrsatkichga nisbatan 7 foizga oshgan, deyiladi hukumat maʼlumotlarida.

Joriy yilning yanvar va aprel oylarida savdo hajmi 284 million AQSh dollarini tashkil qildi.

Davlatlar oʻrtasida savdo hajmi oʻsgan boʻlsa-da, “ikki tomonlama savdoni kengaytirish imkoniyati undan-da yuqori”, dedi Mamin.

“Hukumatning maqsadi tez orada yillik savdo hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish. Men bunga erishish mumkinligiga ishonaman”, dedi Mamin.

Oʻzaro manfaatli hamkorlik

“Qoʻshnilar bilan doʻstona munosabatda boʻlish foydali ekanligi hammaga ayon”, deydi Nu-Sultonlik siyosiy tahlilchi Bolatbek Isayev.

“Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida muvaffaqiyatli hamkorlikning shohidi boʻlyapmiz”, dedi Isayev. “Bu hamkorlik eng avvalo, savdo va xavfsizlik yoʻnalishlariga taalluqli boʻlmoqda.”

Bu orada Qozogʻistonning Xitoy va Rossiya bilan ish olib borishi “koʻplab savollar va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda, chunki bu davlatlar mintaqada keng qamrovli manfaatlarni koʻzlayotgani aniq”, dedi u.

“May oyida Olmaotada oʻtgan Yevroosiyo media forumida ukrainalik jurnalist va jamoat arbobi Dmitriy Gordon: “Ogoh boʻling, Putin sizning yerlaringizga ham bostirib kelishi mumkin” deya qozogʻistonliklarni haqli ravishda ogohlantirgan edi.Buni yoddan chiqarmaslik kerak”, dedi Isayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning 2014-yilda Qrimni noqonuniy ravishda bosib olishi kabi irredentistik xatti-harakatlarini nazarda tutib.

Isayevning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston birinchi navbatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka tayanishi lozim.

“Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning qardosh xalqlari oʻrtasidagi hamkorlik (Rossiya bilan hamkorlikdan farqli oʻlaroq) halol asosga ega”, dedi u.

“Biz bir-birimizga siyosiy qarashlarni singdirishga harakat qilmaymiz. Qoʻshni davlatlarning yerlariga nisbatan manfaatlarimiz yoʻq”, dedi u. “Biz uchun hamkorlik qilib, tinch-totuvlikda yashash maʼqulroq.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500