Markaziy Osiyo mamlakatlari Suriya va Iroqda “Islom davlati” (ID) safida jang qilib, oʻldirilgan yoki qoʻlga olingan xorijlik jangarilarning oilalarini vataniga qaytarish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga boshchilik qilmoqdalar.
Iyun oyida BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bachelet Suriyadagi xorijlik jangarilarning oilalarini, jumladan ID jangarilarining 29 mingga yaqin farzandini oʻz vataniga qaytarishga chaqirgan edi.
Xalqaro qutqarish qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda qochqinlar lagerlarida dunyoning 40 mamlakatidan kelgan 1200 xorijlik – 4000 nafar ayol va 8000 ta yosh bola saqlanmoqda.
Jenevada BMTning inson huquqlari boʻyicha kengashi majlisida nutq soʻzlagan Bachelet, dunyo mamlakatlaridan Suriyada uzoqqa choʻzilgan urushda qolib kelgan fuqarolari uchun masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishni talab qilgan edi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uning bu chaqirigʻidan avvalroq oʻz fuqarolarini nizoli hududlardan olib kelish choralarini jadallashtirgan edilar.
28-31-may kunlari Qozogʻiston hukumati “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasining yakuniy bosqichi sifatida 67 ayol va 171 bolani Suriyadan evakuatsiya qildi. Ushbu operatsiyadan ID safiga jang qilish uchun borgan jangarilarning oila aʼzolarini vataniga qaytarish maqsad qilingan edi.
Bu joriy yil boshidan beri oʻtkazilgan uchinchi operatsiya boʻldi. Jami 524 qozoq fuqarosi – 137 ayol, 357 bola va 30 erkak vataniga qaytarilgan.
30 may kuni Oʻzbekiston hukumati “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirilgani va natijada 156 nafar oʻzbek fuqarosi vataniga qaytarilgani haqida eʼlon qildi.
Operatsiya davomida 106 bola va 48 ayol olib kelindi. Shuningdek, ikki erkak evakuatsiya qilingan.
Vatanga qaytish
Shuningdek, qoʻshimcha saʼy-harakatlar ham rejalashtirilgan.
Qirgʻiziston hukumati Suriya va Iroqdan qirgʻiz bolalarni qaytarish boʻyicha idoralararo ishchi guruhini tashkil etgan, deb xabar berdi 24.kg dushanba (5 avgust) kuni.
Rasmiylarning xabar berishicha, ishchi guruh vakillari fuqarolarni qaytarish operatsiyasini boshlash uchun sentabr oyida Bagʻdodga borishni rejalashtirmoqda. Qirgʻiziston hukumati, shuningdek, Iroqning viza qoidalarini buzgan bolalar uchun jarimalarni ham toʻlab bermoqchi.
“Suriya va Iroq Kurdistonida 1000 dan ortiq qirgʻiz ayollari va bolalar azob chekmoqdalar”, dedi 1-avgust kuni Bishkekda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida jamoatchilik faoli va davlat arbobi Kubanichbek Toktosunov. “Ularning erlari va otalari oʻlgan yoki qamoqda.”
“Lagerlarda bolalar ota-onasiz qolib ketgan holatlar ham yoʻq emas”, dedi Toktosunov. U koʻngillilar oʻz hisobidan ayollar va bolalarni vataniga olib kelib, ular uchun reabilitatsiya markazlari ochishga ham tayyor ekanini aytgan.
Bu orada Tojikiston hukumati Suriya va Iroq qamoqxonalarida saqlanayotgan 48 nafar tojik ayolini vataniga qaytarish boʻyicha komissiya tuzdi, deb xabar bergan Asia-Plus.
Bu haqda hukumatning oila va ayollar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi muovini Marabu Olimi 1-avgust kuni Dushanbeda oʻtgan matbuot anjumani chogʻida bayonot bergan.
“Suriya va Iroqdagi ayollar jinoyatchi deb hisoblanishi mumkin emas”, dedi Olimi. “Ular jabrdiydalar. Ular erlarining talabi bilan Iroq va Suriyaga borganlar. Tojikiston hukumati buni isbotlamoqchi va bu ayollarni uyiga qaytarmoqchi.”
Jami 158 tojikistonlik ayol xorijiy davlatlarda, jumladan 48 nafari Suriya va Iroqda hibsda saqlanmoqda, dedi u.
Asia-Plus nashri xabariga koʻra, Iroqning oʻzida jami 43 tojikistonlik ayol va bir nafar yosh bola bor, deb xabar bergan Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 2-avgust kuni.
Muhriddinning soʻzlariga koʻra, Suriyadagi qamoqlardan farqli oʻlaroq, lagerlarda 86 ta tojikistonlik ayol va 468 ta yosh bola bor.
30-aprel kuni Tojikiston hukumati Iroqdan 84 nafar tojikistonlik bolani vataniga qaytargan edi. Ularning onalari qamoqda yoki sud jarayonini kutayotgan edilar.
Ochlik va kasalliklar
ID aʼzolari orasida qolib ketganlar oʻz boshlaridan kechirgan dahshatli voqealarni soʻzlar ekan, mamlakatlar oʻz fuqarolarini vataniga qaytarishni tezlashtirmoqda.
Toʻrt nafar farzandi bilan Qaragʻandadagi reabilitatsiya markazida tiklanayotgan qozogʻistonlik 28 yashar Rimma Iroqda qolib ketgan oilalar boshiga tushgan bevalik, ochlik, kasallik va umidsizlik haqida hikoya qilib bergan.
Uning oilaviy sayohati 2012-yilda turmush oʻrtogʻi Misrda diniy taʼlim olishi va oʻzi bilan oilasini ham olib ketganidan boshlangan, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosining qozoq xizmati.
Alaloqibat, ular Turkiyaga koʻchib oʻtadilar, ammo faqat Suriya tomon yoʻl olganlaridagina u ayoliga qayerga ketayotganliklarini aytadi. U yerda olti oy yashaganlaridan soʻng, guruhning ahvoli ogʻirlashgach, ular oʻz hayotlarini saqlab qolish maqsadida Iroqqa qochishgan.
Hozir ikki yoshga kirgan eng kichik oʻgʻil farzandiga qirq kun toʻlganida Rimmaning eri jangda halok boʻlgan edi.
Rimma oilasini saqlab qolishga harakat qilar ekan, “oziq-ovqat va pul qolmagani sababli, odamlar oʻt-oʻlan va don kepaklarini yeyishganini” yodga oldi. “Odamlar tirik boʻlishlariga qaramay, tanalari chiriy boshlagan edi. Bir ayol oʻtirganini, uning ustini esa qurtlar bosib ketganiga oʻzim guvoh boʻlganman.”
U boshqa odamga erga tegishdan qatʼiy bosh tortdi, ammo turmush oʻrtoqlari janglarda halok boʻlgan ayrim ayollar “hayotlarini saqlab qolish” uchun bir necha marta erga tegishgan va shu bilan mahalliy aholi nafratiga sabab boʻlishgan, dedi u.
Rimma va uning farzandlari kurdlar boshqaruvidagi lagerga kelganlaridan soʻng, Qozogʻistonga qaytish navbati ham keldi, dedi u.
“Turli davlatlardan kelgan ayollar koʻz yoshi bilan hech qayerga bora olmasliklarini, agar vatanlariga qaytsalar qamalishlari yoki oʻlib ketishlari mumkinligini aytar edilar”, deb qoʻshimcha qildi u.
Markaziy Osiyolik jangarilar Afgʻoniston va Suriyada tarqoq holda harakat qilmoqdalar.
Koʻp frontlarda yengilgan Markaziy Osiyolik jangarilar Afgʻoniston va Suriyada qayta birlasha olmayaptilar.
15-iyul kuni BMT tomonidan chop etilgan hisobotga koʻra, Afgʻonistonning Badaxshon viloyatida al-Qoidaga aloqador bir nechta Markaziy Osiyolik guruh faoliyat yuritadi.
Bular orasida 50 ta jangari Imom Buxoriy jamoatida, 100 ga yaqin kishi Oʻzbekiston islom harakatida va yana 50 odam Islomiy jihod ittifoqida faoliyat olib boradi. Sharqiy Turkiston islom harakatida 350 nafarga yaqin jangari, Jamoat Ansarulloh guruhida esa 30 tojikistonlik bor, deb xabar berdi BMT.
Hujjatga koʻra, bu vaqtda Afgʻonistondagi ID mahalliy boʻlinmasining 200 jangarisi Markaziy Osiyoliklardan iborat, ularni tojikistonlik Sayvali Shafiyev boshqaradi.
Hisobotga koʻra, Shafiyev Nangarhor viloyatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, IDga safiga oʻtgan Markaziy Osiyoning yuqori lavozimli sobiq rasmiysi – Tojikiston ichki ishlar vazirligi maxsus kuchlarining (OMON) sobiq qoʻmondoni Gulmurod Halimov Idlib viloyatida tojik jangarilaridan iborat 600 kishilik guruhga rahbarlik qiladi, deyiladi hisobotda.