MOSKVA – Bir qator halokatli fojialar tufayli obroʻsizlangan Rossiya armiyasi yana bir muvaffaqiyatsizlikka uchradi – harbiylar tarafidan asosiy yadro tadqiqotlari maydonida yangi qurolni ishlab chiqarishga urinish chogʻida portlash yuz berdi.
8-avgust kuni yadroviy raketa sinovi vaqtida yuz bergan portlash natijasida 5 nafar xodim halok boʻlgan va radiatsiya darajasi koʻtarilgan.
Bu iyul oyidan beri yuz bergan halokatli hodisalarning uchinchisi boʻldi.
Yakshanba (11-avgust) kuni Moskvadan 500 km sharqda joylashgan Nijniy Novgoroddagi yopiq Sarov shahrida halok boʻlganlarning dafn marosimlari boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Tegishli farmonda qurbonlarning besh nafari Rossiya federal yadro markazi xodimlari ekanligi aytib oʻtilgan.
Sovuq urush davrida Sarov “Arzamas-16” nomi bilan tanilgan oʻta maxfiy shahar boʻlgan. Markazda Sovet Ittifoqining birinchi yadroviy quroli ishlab chiqarilgan edi. U hamon yopiq shahar boʻlib, unga faqat maxsus hujjat bilan kirish mumkin.
Rossiyaning “Rosatom” yadro agentligi xabariga koʻra, halokat Arxangelsk viloyatining shimoliy qismida joylashgan sohilboʻyi platformasida raketani sinovdan oʻtkazish paytida roʻy bergan.
Yoqilgʻi portlab, xodimlarni dengizga uloqtirib yuborgan, deyiladi bayonotda.
Portlash 9M730 “Burevestnik” (NATO “SSC-X-9 Skyfall” deb nomlagan) qanotli yadroviy raketaga tegishli ekanligi aytilmoqda.
Hukumat dastavval Oq dengiz boʻyidagi “Nyonoksa” sinov-tadqiqot maydonida yuz bergan falokatga oid ayrim tafsilotlarni ochiqlagan, bu hududdan yadroviy suvosti kemalari va harbiy kemalarda qoʻllaniladigan raketalarni sinash uchun foydalanilgan.
Dushanba (12-avgust) kuni Rosatom yadroviy agentligi halok boʻlganlarni xotirlab, qurollarni ishlab chiqish davom ettirilishini aytdi.
“Ularni hurmat bilan yodga olishning eng yaxshi yoʻli – yangi qurollarni ishlab chiqarishda davom etish”, dedi Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev. Bir qator axborot agentliklari uning bu soʻzlaridan iqtibos keltirganlar.
Yod vahimasi
Halokatdan soʻng qoʻshni Severodvinsk shahrida radiatsiya koʻrsatkichlari oshgan, tahlikaga tushgan aholi yod olish uchun dorixonalarga oshiqqan. Bu modda radiatsiyaning qalqonsimon bezga taʼsirini kamaytirishga yordam beradi.
“Odamlar tahlikaga tushdilar. Bir soat ichida barcha yod va tarkibida yod boʻlgan dorilar batamom sotib boʻlingan edi”, dedi dorixona sotuvchisi Yelena Varinskaya AFP nashriga.
Rossiya onlayn OAV tomonidan manbasi noaniq videolavha eʼlon qilingan boʻlib, unda tez yordam mashinasi Moskva koʻchalari boʻylab katta tezlikda radiatsiya taʼsiriga tushgan qurbonlarni davolovchi markazga ketayotgani aks etgan.
Amerika olimlari federatsiyasi xodimi Ankit Panda oʻz Tvitter sahifasida “dvigatelda qandaydir juda kichik reaktor borligi haqida gumonlar mavjud. Avariya sezilarli radioizotoplar tarqalishiga olib kelgan”, deb yozdi.
Tadqiqotchilar Severodvinskdagi radiatsiya darajasini oʻlchab, meʼyordan birmuncha ortiqroq koʻrsatkichlarni qayd etishdi, dedi Sarov yadro markazining tadqiqot ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Aleksandr Chernishov yakshanba kungi videomurojaatida.
Izotop quvvat manbalari ular bilan ishlovchilarga xavf tugʻdiradi, deb aytgan Moskvadagi yadroviy tadqiqotlar instituti kimyogari Boris Juykov mustaqil RBK yangiliklar saytiga.
“Ular portlaganida yaqin-atrofdagi odamlarga zarar yetishi mumkin. Radioizotop manbalarida plutoniy, prometiy, tseriy kabi moddalardan yoqilgʻi sifatida foydalaniladi”, dedi Juykov.
1986-yilda Sovet Ittifoqi dunyodagi eng mudhish yadroviy halokat – Chernobilni boshidan kechirgan, hukumat esa oʻz oʻrnida bu fojeani yashirishga harakat qilgan edi.
Harbiy halokatlarning ortib borishi
8 avgust kungi portlash – Rossiya harbiylari va ularning tarafdorlariga zarba bergan falokatlar va baxtsiz hodisalarning navbatdagisi boʻlib, mamlakat mudofaa tizimiga oid xavotirlarning kuchayishiga sabab boʻldi.
Avgust boshida Krasnoyarsk viloyatining Achinsk shaharchasidagi oʻq-dori omborxonasida bir necha kun davomida ketma-ket portlashlar sodir boʻlgan edi.
5-avgust kuni sodir boʻlgan portlashda bir kishi hayotdan koʻz yumgan. EuroNews xabariga koʻra, 9-avgust kuni xuddi shu hududni minalardan tozalash vaqtida kamida toʻqqiz kishi jarohat olgan.
Shuningdek, 11-iyul kuni 14 nafar rossiyalik dengizchi suvosti kemasida yuz bergan yongʻin natijasida halok boʻlgan edi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi xabar qilgan.
Oʻn toʻrt qurbonning yetti nafari yuqori lavozimdagi zobitlardan iborat boʻlgani vazifaning oddiy emasligidan darakdir. Suvosti kemasida jami nechta dengizchi boʻlgani nomaʼlum.
“Novaya gazeta” nashrining manbalarga tayanib xabar berishicha, avariya ekstremal chuqurlik nuqtalariga tusha olish qobiliyatiga ega AS-12 (“Losharik” nomi bilan tanilgan) mitti atom suvosti kemasida yuz bergan. 2003-yilda foydalanishga topshirilgan hamda tadqiqot, qutqaruv ishlari va maxsus harbiy operatsiyalar uchun moʻljallangan AS-12 haqida koʻp narsa maʼlum emas.
Rossiyaning eskirgan harbiy texnikasi bir qator halokatli hodisalarga sabab boʻlgan. Ularning aksariyatida postsovet davrida yuz bergan.
2000-yilning avgustida Barents dengizida “Kursk” suvosti kemasining suvga gʻarq boʻlishi oqibatida uning bortida boʻlgan 118 kishi halok boʻlgan edi. Aniqlanishicha, halokat torpedo portlashi natijasida yuz bergan.
Fojiadan soʻng bir necha kun oʻtib ham oʻz taʼtilini davom ettirgan Putinning bunday munosabati tanqidlarga sabab boʻlgan edi.
Buning ustiga, Moskva xorijiy mamlakatlarning qutqaruv ishlarida yordam berish haqidagi takliflarini ham rad etgan.
2008-yilda yuz bergan boshqa bir baxtsiz hodisa Yapon dengizidagi sinovlar chogʻida yuz bergan – kemaning yongʻinni oʻchirish tizimi tasodifan ishlab ketishi oqibatida Rossiya harbiy dengiz kuchlarining uch zobiti va 17 fuqaro gazdan zaharlanib hayotdan koʻz yumgan edi.
Bu voqeadan soʻng, 2011-yilda Rossiyaning eng yirik suvosti atom kemalaridan biri – “Ekaterinburg” shimoliy Murmansk viloyatidagi dokda taʼmirlanayotgan paytda yonib ketgan.
Keyinroq, kemaga oʻt ketgan vaqtda unda uzoq masofali yadroviy raketalar boʻlgani xabar qilingan edi.
Rossiya ketma-ket falokatlardan iborat hayotni boshdan kechirmoqda.
Javob berishFikrlar 3
Yaxshigina portladi. Rossiya oʻz multfilmida AQSHni shu raketa bilan qoʻrqitgan edi. Multfilmligicha qolib ketgani yaxshi edi
Javob berishFikrlar 3
Rutiniya – hayot uchun doimo xavfli.
Javob berishFikrlar 3