Karvonsaroy
Diplomatiya

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston: strategik sheriklikning yangi darajasi

Kanat Altinbayev

Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-avgust kuni Bishkekda qirgʻizistonlik hamkasbi Muhammedkali Abilogʻoziyev bilan uchrashdi. (Qirgʻiziston hukumati matbuot xizmati)

Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-avgust kuni Bishkekda qirgʻizistonlik hamkasbi Muhammedkali Abilogʻoziyev bilan uchrashdi. (Qirgʻiziston hukumati matbuot xizmati)

BIShKEK – Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan doimiy saʼy-harakatlar doirasida keng qamrovli masalalar boʻyicha hamkorlikka intilmoqda.

1-avgust kuni ishchi tashrif bilan Bishkekka borgan Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov u yerda qirgʻizistonlik hamkasbi Muhammedkali Abilgʻoziyev bilan uchrashdi.

Qirgʻiziston hukumati bayonotiga koʻra, oʻzaro hamkorlik koʻplab sohalarda rivojlanib, strategik sheriklikning yangi darajasiga koʻtarilgan.

Abilgʻoziyev, shuningdek, “Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasining qolgan (bahsli) uchastkalarida demarkatsiya ishlarini yakunlash boʻyicha muzokaralar davom etayotganini” aytdi.

Qirgʻiz harbiylari oʻquv mashqlarida ishtirok etmoqda, Qirgʻiziston mudofaa vazirligining videolavhasidan olingan kadr. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston harbiylari xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha yagona strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan qoʻshma mashgʻulotlarni muntazam ravishda oʻtkazib keladilar.

Qirgʻiz harbiylari oʻquv mashqlarida ishtirok etmoqda, Qirgʻiziston mudofaa vazirligining videolavhasidan olingan kadr. Qirgʻiziston va Oʻzbekiston harbiylari xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha yagona strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan qoʻshma mashgʻulotlarni muntazam ravishda oʻtkazib keladilar.

“Umid qilamanki, yaqin orada tomonlar bitimni imzolaydilar”, dedi Abilgʻoziyev.

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegaraning uzunligi taxminan 1400 kilometrni tashkil qiladi. Bahsli hududlarning 92 foizi belgilab boʻlingan va hozirda 10 ta uchastka boʻyicha oʻzaro kelishib olish qolgan.

2017-yilda Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov Oʻzbekistonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirib, savdo, moliyaviy, ilmiy va gumanitar sohalarga oid qator kelishuvlarni imzolagan edi, deyiladi bayonotda.

Qirgʻiziston hukumati Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning javob tashrifini kutmoqda, dedi Abilgʻoziyev.

Munosabatlarning iliqlashuvi

Oʻzbekistonning mustaqillikdan keyingi birinchi prezidenti Islom Karimov hukmronligi davrida qirgʻiz-oʻzbek munosabatlaridagi tanglik avjiga chiqqan edi. Bahsli hududlarda chegarachilar oʻrtasida toʻqnashuvlar yuz berib turgan.

Suv resurslariga oid bahslar esa ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada sovuqlashtirgan edi.

Bu kabi ixtiloflar “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan radikal qarashdagi yuzlab fuqarolarga qarshi kurashishga majbur boʻlgan ikkala mamlakatning holatini yanada ogʻirlashtirdi. Buning ustiga, Oʻzbekiston urushlar tufayli vayron boʻlayozgan Afgʻoniston bilan chegaradosh.

2016-yilda iqtidorga kelgan prezident Mirziyoyev davrida Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatini keskin oʻzgartirib, mintaqaviy hamkorlikni jadallashtira boshladi. Bu Markaziy Osiyoning ikki qoʻshni mamlakati oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yordam berdi, hozirda bu munosabatlar har qachongidan ham iliqroq.

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan oqilona qaror qabul qilib, chegaralar demarkatsiyasi masalasini deyarli hal etib boʻldi, deydi xavfsizlik masalalari boʻyicha bishkeklik tahlilchi Edil Osmonbetov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston harbiylari xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha yagona strategiyani ishlab chiqishga qaratilgan qoʻshma mashgʻulotlarni muntazam ravishda oʻtkazib kelmoqdalar.

“Lekin, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻzaro birlashib ham, mintaqa xavfsizligini toʻla taʼminlashga qodir boʻla olmaydilar” deydi u. “Bu masalada xavfsizlik donori bilan hamkorlikni kuchaytirish zarur – Markaziy Osiyo uchun bu vazifani Afgʻonistondagi xavfsizlikni taʼminlashda hal qiluvchi rolni oʻynayotgan AQSh hammadan ham yaxshiroq bajarmoqda ."

“Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegara demarkatsiyasiga oid ijobiy oʻzgarishlar butun mintaqa uchun yaxshi namuna boʻlib xizmat qiladi”, deydi “Bilimlar karvoni” tahlil markazining rahbari, toshkentlik Farhod Tolipov nashr bilan suhbatda.

Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyoning besh mamlakati mintaqadagi jamoaviy xavfsizlik tizimini barpo etish loyihasi ustida birgalikda ishlashi lozim.

Iqtisodiy imkoniyatlar

1-avgust kuni oʻzbekistonlik hamkasbi bilan uchrashgan Abilgʻoziyev iqtisodiy istiqbollarga toʻxtalar ekan, mahsulotlarni qayta ishlaydigan, qadoqlaydigan va eksport qiladigan logistika markazlari bilan bir qatorda, Qirgʻiziston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonalari va loyihalarini yaratish lozimligini taʼkidladi.

“Bu ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining turmush darajasini koʻtarish va chegara hududlaridagi infratuzilmani yaxshilashga yordam beradi”, dedi u.

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston yillik savdo hajmini 500 million dollarga yetkazmoqchi. 2018-yilda bu koʻrsatkich 336 mln. dollarni tashkil etgan boʻlib, bu 2017-yilga nisbatan 8 foizga koʻp, deyiladi bayonotda.

Abilgʻoziyevning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda qirgʻiz sarmoyadorlari ishtirokida tuzilgan 96 ta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 30 tasi 2018-yilda tashkil etilgan. Ayni paytda Qirgʻizistonda 200 dan ortiq qirgʻiz-oʻzbek qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatadi.

Shu bilan birga, bir necha yillik tanaffusdan soʻng, 2018-yil bahorda Bishkek va Toshkent orasida temiryoʻl va avtobus qatnovlari qayta tiklangan va ikki poytaxt oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni oshgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Shu bilan birga, 2018-yil bahorda

Javob berish