TOSHKENT – Avgust oyi boshida muntazam qiynoqlari bilan tanilgan mashʼum Jasliq koloniyasini tugatish haqidagi Oʻzbekiston hukumatining qarori xalqaro hamjamiyat va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari tomonidan olqishga sazovor boʻldi.
2-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qamoqxonani tugatish haqidagi qarorni imzolagan boʻlsa-da, mahbuslarni boshqa joyga koʻchirish va boshqa zaruriy ishlarni amalga oshirish uchun qancha vaqt kerak boʻlishi noaniq.
Ushbu voqea Oʻzbekiston Mirziyoyevning oʻtmishdoshi, marhum Islom Karimov humkronligi davridagidan farqli ravishda inson huquqlarini poymol qilmasdan ekstremizmga qarshi kurashga intilayotgan bir vaqtga toʻgʻri keldi.
Jasliq qamoqxonasi 1999-yilda Toshkentda yuz bergan qonli portlashlardan soʻng, Qoraqalpogʻiston avtonom respublikasida tashkil etilgan edi, deb xabar bergan Ozod Yevropa / Ozodlik radiosi.
Hukumat portlashlar uchun masʼuliyatni ekstremistlar zimmasiga yuklar ekan, oʻn minglab odamlar hibsga olinib, ularga nisbatan tazyiqlar boshlangan.
Oʻshandan beri qamoqxonada koʻp bor inson huquqlarining buzilishi va qiynoqlar qoʻllanganiga oid ayblovlar yangragan. Jumladan, Human Rights Watch tashkilotining 2000-yilgi hisobotida Jasliq va boshqa qamoqxonalardagi ogʻir sharoit, mahbuslarga nisbatan shafqatsizliklar va qiynoqlar qoʻllanishi aytilgan edi.
Uning yopilishi “mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqea boʻldi”, dedi 5-avgust kuni ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov Oʻzbekiston televideniyesidagi chiqishida.
Qamoqxonani tugatishdan koʻzlangan maqsadlardan biri – “xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy imidjini yaratish edi”, deyiladi koloniyaning tugatilishiga oid IIV bayonotida.
“Aholi bilan olib borilgan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot mahkumlarning hibsdagi sharoitlari yaxshilanishi kerakligini koʻrsatmoqda”, deb qoʻshimcha qildi IIV.
Iyul oyida qamoqxonadagi 395 mahbusning 10 foizigina ekstremizmda ayblanganlardan iborat boʻlgan, dedi Bobojonov. Unga koʻra, inshoot 1100 mahbus uchun moʻljallangan.
“Turli vaqtlarda jurnalistlar va inson huquqlari faollari bu yerda terrorizm va ekstremizmda ayblangan bir necha ming odam hibsda saqlangani haqida xabar berishgan”, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Valeriy Xan nashr bilan suhbatda. “Ularga koʻra, raqamlar 1000 dan 10000 gacha boʻlgan.”
Xanga koʻra, Oʻzbekiston hukumati qamoqxona haqida shu vaqtgacha hech qanday maʼlumot bermay kelgan.
“Raqamlar nomaʼlum, qamoqxona ichiga kirishga hech kimga ruxsat berilmagan. Shu sababli turli mish-mishlar tarqagan edi”, dedi u.
IIV xabariga koʻra, Jasliq mahbuslari oʻz jazo muddatlarini endi boshqa qamoqxonalarda oʻtaydilar.
Zulm ramzining tugatilishi
Oʻzbekiston oʻz obroʻsini himoya qilish yoʻlida “Jasliqqa oʻxshash joyni qayta yaratmasligi kerak”, dedi Oʻzbekiston inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov 6-avgust kuni Kun.uz nashriga bergan intervyusida.
“Biz Jasliq bilan bogʻliq salbiy oʻtmishdan saboq chiqarishimiz lozim”, dedi u.
Qoʻshma Shtatlar Jasliqni yopish qarorini olqishlagan.
“Oʻzbekistonda inson huquqlarini yaxshilash boʻyicha yana koʻp ishlar qilinishi zarur, ammo bu kabi zulm ramzining tugatilishi islohot yoʻlidagi muhim qadamdir”, deyiladi 15-avgust kuni AQSh elchixonasining Facebook sahifasida chop etilgan bayonotda.
May oyida AQShning diniy erkinliklar boʻyicha xalqaro komissiyasi oʻzining yillik hisobotida Oʻzbekiston hukumatiga “koʻplab diniy mahbuslar hibsda saqlanadigan mashʼum Jasliq qamoqxonasini yopishni va qamoqxonalarning mustaqil kuzatuviga ruxsat berishni” tavsiya qilgan edi.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) va Yevropa Ittifoqi (YI) ham qamoqxona yopilishini olqishlaganlar.
“Bu qaror BMT inson huquqlari mexanizmining uzoq muddatli tavsiyalariga mos keladi”, dedi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer 7-avgust kungi bayonotida.
BMT vakillari Jasliqni tugatishni 2002-yildan beri tavsiya qilib kelganlar, deya taʼkidladi u.
“Olib borilayotgan islohotlarga xorijiy va ichki operatorlarning ishonchi hamda ularning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga tayyorligi bu sohaning (qonun ustuvorligi va inson huquqlariga rioya etilishi) doimiy taraqqiyotiga bogʻliq”, deyiladi YeIning Jasliqni yopish qarori boʻyicha eʼlon qilgan bayonotida.
Reabilitatsiya choralari
Qamoqxonaning yopilishi Oʻzbekistonning ekstremistlarni reabilitatsiya qilish va ularni jamiyatga moslashtirish choralari bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi.
May oyida Oʻzbekiston Yaqin Sharqdagi “Islom davlati” (ID) taʼsiriga tushib qolgan 156 nafar oʻzbekistonlikni evakuatsiya qildi va ularning osuda hayotga qaytib, ish va uy-joyga ega boʻlishlari hamda taʼlim dasturlarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratdi.
“2017-yildan beri prezident 4 mingta mahbusni avf etgan. Erkinlikka chiqqanlarni davlat va jamiyat eʼtibordan chetda qoldirmadi”, dedi Bobojonov 5-avgust kuni televideniyedagi chiqishida.
Uning soʻzlariga koʻra, afv etilganlarga tibbiy, moddiy va ishga joylashish boʻyicha yordam koʻrsatiladi.
2017-yilda Oʻzbekiston hukumati 18 ming fuqaroni ekstremistlarning qora roʻyxatidan chiqargan edi.