https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/09/04/feature-01
Astana Club majlisi ishtirokchilari Qozogʻistonni xalqaro vositachi sifatida eʼtirof etdilar
| Jamiyat

Qirgʻiziston hukumati Iroq va Suriyadagi jangarilarning oilalarini vataniga qaytarmoqchi

Munara Borombayeva

image

31-avgust kuni Bishkek markazida Mustaqillik kunini nishonlayotgan qirgʻizistonliklar. Rasmiy statistikaga koʻra, Suriya va Iroqda 850 nafar Qirgʻiziston fuqarosi, jumladan ayollar va bolalar bor. Qirgʻiziston hukumati sentabr oyida Iroqdagi qirgʻiz fuqarolarining farzandlarini vataniga qaytarish boʻyicha operatsiyani amalga oshirmoqchi. (Melisovskiy)

BISHKEK – Qirgʻiziston hukumati Suriya va Iroqda qoʻlga olingan yoki oʻldirilgan radikal fuqarolarning oilalarini vataniga qaytarish boʻyicha ish olib bormoqda.

Ushbu operatsiya bosh vazir oʻrinbosari Jenish Razakov rahbarligidagi idoralararo ishchi guruh tomonidan muvofiqlashtirilmoqda, deyiladi hukumatning rasmiy bayonotida.

Ishchi guruh Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar va tashqi ishlar vazirliklari hamda Davlat roʻyxatga olish xizmati vakillaridan tarkib topgan.

Xabarlarga koʻra, delegatsiya sentabr oyida Bagʻdodga yoʻl olishi kutilmoqda. Guruhning har bir aʼzosiga Iroq vizasi berilgan va Qirgʻizistondan Iroqqa charter reysi tashkil etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Qirgʻiziston Iroqda ota-onasiz qolgan va mamlakatning viza tartibini buzgan deb topilgan bolalar uchun jarima toʻlashni ham rejalashtirmoqda. Qirgʻiziston hukumati hozirda buning uchun zarur mablagʻ ajratish masalasini koʻrib chiqmoqda.

Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, Suriya va Iroqdagi urush hududlarida 850 nafar Qirgʻiziston fuqarosi, shu jumladan ayollar va bolalar bor.

“Qirgʻiz fuqarolarini Suriyadagi kurd jamlogʻidan qaytarish masalasiga kelsak, Qirgʻizistonning Turkiyadagi diplomatik korpusi va konsullik xizmati orqali xalqaro tashkilotlar resurslaridan foydalangan holda kurd jamlogʻiga kirish va qirgʻiz fuqarolarining turgan joyini aniqlash ishlari olib borilmoqda”, deyiladi hukumat bayonotida.

“Ekstremistik mafkuraga barham berish”

Qirgʻiz ayollari va bolalarini vataniga qaytarishdan oldin, hukumat oʻz fuqarolarini olib kelish va reabilitatsiya qilish boʻyicha puxta rejaga ega boʻlishi kerak, dedi Din ishlari boʻyicha davlat agentligining sobiq direktori Oʻrozbek Moldaliyev.

“Biz Oʻzbekiston va Qozogʻiston bilan tenglashib, bolalarimizni olib kelmoqchimiz. Olib kelamiz ham, ammo keyin ularga kim qaraydi?” deydi Moldaliyev.

“Shuni hisobga olishimiz kerakki, bu bolalarning onalari ongli ravishda “xalifalik” gʻoyalariga berilgan erlarini qoʻllab-quvvatlab, ularning ortidan mamlakatni tark etganlar”, dedi u. “Ularga ekstremistik gʻoyalar singdirilgan. Qanday qilib ular oʻz farzandlaridan voz kechishga rozi boʻladilar? Ularni radikalizmdan xalos qilish qilish uchun bizga ekstremistik gʻoyalarni fosh qiladigan kuchli ekspertlar va mutaxassislar kerak.”

Hukumat bolalarni vataniga qaytarib toʻgʻri ish qilyapti, deydi bishkeklik diniy xavfsizlik masalalari boʻyicha tahlilchi Iqbol Mirsaitov.

“Bizning hukumat va jamoatchilik bu bolalarga nisbatan insoniy munosabatda boʻlishni istaydi, chunki ularda gunoh yoʻq, ularni ota-onalari oʻzi bilan olib ketgan”, dedi u. “Bu birinchidan. Ikkinchi tomondan, inson huquqlari tashkilotlariga koʻra, urush hududlaridagi bolalar ogʻir ahvolda qolishgan.”

Bu bolalarning koʻpchiligi kasal va davolanishga muhtoj, ayrimlari juda kichik yoshda ota-onasiz qolishgan, deb qoʻshimcha qildi u.

“Menimcha, hukumat toʻgʻri insonparvarlik choralarini koʻrmoqda”, dedi Mirsaitov. “Aldanganlar orasida katta yoshdagilar ham bor. Biz jamiyatga ularning tavba qilganini koʻrsatishimiz kerak.”

Reabilitatsiya va moslashtirish

Qaytib kelganlarni reabilitatsiya qilish va ularni jamiyatga moslashtirish eng asosiy masaladir, dedi Qirgʻiziston mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Aziza Sultonbekova.

“Ularning qaytarilishi – ishning 20 foizini tashkil etadi, eng asosiy ish ular bu yerga kelganlaridan keyin boshlanadi”, dedi Sultonbekova “Noviye litsa” gazetasiga bergan intervyusida.

“Qaytarilganlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha maxsus protokol mavjud, lekin ayni damda biz operatsiyaning xavfsizlik va nozik tomonlarini hisobga olib, barcha tafsilotlarni ochiqlay olmaymiz”, dedi u. “Bolalar Qirgʻizistonga qaytarilganida koʻp narsa oydinlashadi.”

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Barakalla! Qozogʻiston siz bilan!

Javob berish