Karvonsaroy
Terrorizm

Tojik faollari radikallashuvga qarshi kurash loyihasi yordamida xavf ostidagi guruhlarni aniqlamoqda

Kanat Altinbayev

27-avgust kuni IWPR vakillari Tojikistonning Xatlon viloyati Hamadoniy tumanida mahalliy faollar bilan uchrashdilar. Hamadoniy ekstremizm taʼsiri oldidagi eng zaif tumanlardan biri boʻlib qolmoqda. (IWPR)

27-avgust kuni IWPR vakillari Tojikistonning Xatlon viloyati Hamadoniy tumanida mahalliy faollar bilan uchrashdilar. Hamadoniy ekstremizm taʼsiri oldidagi eng zaif tumanlardan biri boʻlib qolmoqda. (IWPR)

XATLON VILOYATI, Tojikiston – Londonda joylashgan Urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR) tojikistonlik faollarning, aholi, ayniqsa terrorchilar safiga qoʻshilish xavfi ostida boʻlgan yoshlar bilan tushuntirish ishlari olib borishiga koʻmaklashish maqsadida trening oʻtkazdi.

Tojikiston “Markaziy Osiyoda ochiq muloqot orqali barqarorlik” nomli IWPR loyihasining diqqat markazida boʻlib, uning doirasida mahalliy fuqarolik jamiyati faollari bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazilmoqda, diniy toqatsizlik va yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga qoʻshilish sabablari muhokama qilinmoqda.

Loyiha 2018-yil avgust oyida boshlangan boʻlib, 2020-yil martga qadar davom etishi belgilangan.

Koordinatorlar butun Markaziy Osiyo mintaqasi boʻylab oʻnlab uchrashuvlar, munozaralar va intellektual oʻyinlar tashkil etishga ulgurdilar. Dastur yakunida, tashkilot har oy mahalliy faollar uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

IWPR bu kabi uchrashuvlarni Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham oʻtkazmoqda.

Terrorizm xavfi Tojikiston uchun dolzarb muammo boʻlib, aholining radikallashuv va jangovar ekstremizm borasidagi xabardorligi past darajada, deydi IWPRning Markaziy Osiyo boʻyicha loyiha menejeri Ilhom Umaroxunov.

IWPR mamlakat fuqarolariga “bagʻrikenglik va dinlararo muloqot kabi dunyoviy tamoyillar haqida toʻgʻri tushuncha” berishga intilmoqda, dedi Umaroxunov.

Ekstremizmga moyillik

IWPR tahlilchilari 27-avgust kuni Xatlon viloyatining Hamadoniy tumanida Xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha hukumat qoʻmitasi bilan birgalikda mahalliy faollar uchun soʻnggi treningni oʻtkazdilar.

Nochorlik keng tarqalgani tufayli, mazkur tuman ekstremizm taʼsiri oldidagi eng zaif hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 20 dan ortiq fuqaro, shu jumladan uch ayol Iroq va Suriyadagi radikal guruhlar safiga qoʻshilgan.

Hamadoniy tumanida yashovchilar IWPRga ishsizlik va turmush darajasining pastligidan shikoyat qilishgan. Ushbu hududdagi ahvol shundoq ham iqtisodiy nochor boʻlgan Tojikistonning boshqa mintaqalariga nisbatan yomonroq.

IWPRning Markaziy Osiyo tahliliy hisobot idorasiga (CABAR) koʻra, 138 mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan Hamadoniyda sanoat korxonalarining yoʻqligi sababli ham ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda.

Ish bilan taʼminlanganlar esa juda kam maosh oladilar, hududning aksar aholisi asosan tomorqalarda yetishtirilgan hosilni sotish orqali kun koʻradi, deyiladi xabarda.

Ushbu trening fuqarolarning din va davlat oʻrtasidagi munosabatlar hamda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xabardorligini oshirishda muhim rol oʻynaydi, deydi Umaroxunov.

“Biz dunyoviylik tamoyillari va davlatning din borasidagi siyosati toʻgʻrisida tushuncha beramiz. Terrorchi guruhlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini “yoqtirganliklari” yoki ekstremistik mazmundagi materiallarni oʻqiganliklari sabab qamoqqa tushmasliklari uchun odamlarni qonunchilik bazasi bilan tanishtiramiz. Biz ularda (boshqa dinlarga nisbatan) bagʻrikenglikni tarbiyalashga harakat qilamiz”, dedi u.

Mahalliy aholi ayniqsa, radikal odamlarni qay tarzda ajratish va jangovar ekstremizm, jumladan terrorchilikka yollashga urinish holatlariga qarshi qanday kurashish kerakligi bilan qiziqmoqdalar, dedi Umaroxunov.

“Har bir inson, ayniqsa adolat izlayotgan odamlar radikallashuv xavfi ostidadirlar, ularning aksari oʻzlarini adolatsiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan deb hisoblaydi”, dedi Umaroxunov. Bu xavf guruhiga sobiq mahkumlar, shuningdek qashshoqlik chegarasidan quyida yashovchi shaxslar kiradi, deya qoʻshimcha qildi u.

“Har bir odamning oʻz sabablari bor”, dedi Umaroxunov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500