Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirgʻizistonda terrorizmni moliyalashtirish va pul yuvish amaliyotlariga qarshi kurashga bagʻishlangan forum oʻtkazildi

Karvonsaroy

11-sentabr kuni Qirgʻizistonning Issiqkoʻl shahrida oʻtgan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha Yevrosiyo forumida 14 mamlakat vakillari ishtirok etdi. (YXHT)

11-sentabr kuni Qirgʻizistonning Issiqkoʻl shahrida oʻtgan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha Yevrosiyo forumida 14 mamlakat vakillari ishtirok etdi. (YXHT)

ISSIQKOʻL, Qirgʻiziston – Qirgʻiziston pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashga bagʻishlangan 1-Yevrosiyo forumiga mezbonlik qildi. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti dushanba (16-sentabr) kuni oʻz saytida xabar qilgan.

Forum 10-12-sentabr kunlari Issiqkoʻlda Qirgʻiziston davlat moliyaviy razvedka xizmati tomonidan YXHTning Bishkekdagi idorasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi koʻmagida tashkil qilindi.

Tadbirda xalqaro mutaxassislar hamda qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, jumladan, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqida preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

Forum ishida Ozarbayjon, Armaniston, Afgʻoniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Moʻgʻuliston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Shveytsariya va boshqa mamlakatlarning moliyaviy razvedka xizmatlari xodimlari va boshqa mansabdor shaxslar ham qatnashdi.

Xavflar, amaliyotlar, standartlar

“Forum pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirish holatlarini tergov qilish sohasidagi eng soʻnggi yutuqlar bilan tanishish va ekspertlarning oʻzaro fikr almashinuvi uchun norasmiy maydon boʻlib xizmat qiladi”, deyiladi YXHT xabarida.

Shuningdek, u ishtirokchilarga ilgʻor tajribalar va transchegaraviy xatarlarni muhokama qilish imkonini ham berdi.

Ishtirokchilar virtual valyutalar va ularni tartibga solish boʻyicha moliyaviy choralarni ishlab chiqishga oid standartlar va tavsiyalarni muhokama qildilar. Hozirgi kunda bu masala elektron toʻlov vositalari, blokcheyn va kriptovalyutalar yordamida giyohvand moddalardan olingan daromadlarni legallashtirish xavfi oshib borayotganligi sababli muhim ahamiyat kasb etgan.

Qirgʻizistonda xalqaro terrorchi tashkilotlarni, ayniqsa oʻgʻirlangan pullar bilan moliyalashtiruvchi yashirin guruhlar faoliyatining avj olishi kuzatilmoqda, dedi forumda soʻzga chiqqan Qirgʻiziston davlat moliyaviy razvedka xizmati rahbari Gʻulomjon Anarbayev.

“Bu moliyaviy jinoyat izlari doim topilishini yana bir karra isbotlaydi”, dedi u.

“Shu nuqtai nazardan, jahonning moliyaviy razvedka boʻlinmalari mustaqil ravishda va tegishli idoralar bilan birgalikda jinoyatlarning moliyaviy tarkibini oʻrganishga va oxir-oqibat jinoyatchilarni har qanday aktivlar va tushumlardan mahrum qilishga eʼtibor qaratmoqda”, dedi Anarbayev.

Terrorni moliyalashtirishga qarshi kurash yoʻlidagi hamkorlik

YXHT pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashda Qirgʻizistonni 2013-yildan beri qoʻllab-quvvatlab keladi.

“Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida Qirgʻiziston 2014-yilda FATFning “kulrang roʻyxatidan” chiqarildi”, dedi Bishkekdagi YXHT dasturlari idorasi rahbari, elchi Pyer fon Arks.

Bu yutuq “mamlakatni milliy moliyaviy sanoatga nisbatan xalqaro cheklovlardan himoya qilib, Qirgʻizistonda biznes yuritishni osonlashtirishga hissa qoʻshdi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500