Karvonsaroy
Din

Turkmaniston muftiyatining yuqori lavozimli mansabdorlari korrupsiyada ayblanib hibsga olindi

Jumaguli Annayev

Ashxoboddan 15 km uzoqlikda joylashgan Qipchoq shahridagi masjid yonidan oʻtib ketayotgan turkmanistonlik ayol. Turkmaniston huquq-tartibot idoralari mamlakat muftiyatida pora olishda gumon qilingan bir guruh yuqori lavozimli mansabdorlarni fosh qilgan. [AFP]

Ashxoboddan 15 km uzoqlikda joylashgan Qipchoq shahridagi masjid yonidan oʻtib ketayotgan turkmanistonlik ayol. Turkmaniston huquq-tartibot idoralari mamlakat muftiyatida pora olishda gumon qilingan bir guruh yuqori lavozimli mansabdorlarni fosh qilgan. [AFP]

ASHXOBOD – Turkmaniston huquq-tartibot idoralari yaqinda mamlakat muftiyatining yuqori lavozimli mansabdor shaxslari orasida korrupsiya bilan bogʻliq holatlarni fosh etdilar.

13-sentabr kuni hukumatning kengaytirilgan majlisida soʻzga chiqqan Turkmaniston bosh prokurori Botir Atdayevning aytishicha, bir nechta mansabdor shaxs Makkaga haj qilishni istagan ziyoratchilardan pora olgan.

Xorijdagi turkman ommaviy axborot vositalarining avgust oyidagi xabariga koʻra, pora 10 ming turkman manatiga (rasmiy kurs boʻyicha 2857 dollarga) teng boʻlgan.

Hukumat majlisida qoʻllariga kishan solingan gumondorlar koʻrsatilgan, majlis barcha milliy telekanallar orqali efirga uzatilgan.

Muftiyat ichidagi korrupsiya holatlari haqidagi xabar turkmanistonlik musulmonlarni qattiq ranjitdi. [Pexels]

Muftiyat ichidagi korrupsiya holatlari haqidagi xabar turkmanistonlik musulmonlarni qattiq ranjitdi. [Pexels]

Ayblanuvchilar orasida Turkmaniston muftiyatining bosh mutaxassisi Rovshen Allaberdiyev, kadrlar boʻlimi bosh mutaxassisi Muxammetmirat Gurbangeldiyev va Turkmaniston Vazirlar mahkamasining diniy tashkilotlar bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi Qurbonberdi Nursaxedovlar bor edi.

Shuningdek, ayrim imomlar ham korrupsiya ayblovlari bilan javobgarlikka tortilganlar.

Bosh prokuror olingan poralar miqdori haqida maʼlumot bermagan.

Ushbu ayblovlar turkmanistonliklarni qattiq ranjitdi.

“Diniy idora mutasaddilari, xususan, Allohga suyukli boʻlgan muqaddas haj ibodatini ado etish uchun pora olmaydi, deb ishonar edik”, deydi Ashxoboddagi Ertugʻrul Gʻoziy masjidining qavmidan boʻlgan 40 yashar Gurbanmirat.

“Ularning hibsga olingani va harom yoʻl bilan orttirgan juda katta miqdordagi pullari, uylari, qimmatbaho mashinalari va taqinchoqlarning musodara qilingani yaxshi boʻldi, ammo ishoning, odamlar koʻnglidagi xijillik tarqagani yoʻq”, deb qoʻshimcha qildi u.

Bu xabar negadir hukumat mansabdorlar aralashgan korrupsiya holatlaridan koʻra kishini koʻproq ranjitadi, dedi u.

“Ular (poraxoʻr imomlar) oʻzlarini obroʻsizlantirganlari yetmagandek, koʻpchilik musulmonlarning din peshvolariga nisbatan ishonchiga ham putur yetkazdilar”, deydi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan Lebap viloyatidagi masjidlardan birining imomi.

Turkmanistondan har yili 160 nafar ziyoratchi davlat hisobidan haj qilib qaytadi.

Ushbu qimmatbaho oʻrinlar uchun raqobat poraxoʻrlikning avj olishiga sabab boʻldi, dedi imom.

“Endi bu omil bartaraf etiladi”, dedi u Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning davlat hisobidan haj qiladigan ziyoratchilar sonini ikki baravar oshirish toʻgʻrisidagi qarorini nazarda tutib. Shuningdek, oʻz hisobidan haj qilishni istagan fuqarolar uchun qoʻshimcha reyslarni tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Saudiya Arabistoni tomonidan turkmanistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan Haj kvotasi qariyb 4500 kishini tashkil etsa-da, Turkmaniston hukumati ularning bir qisminigina Hajga yuboradi, xolos.

Korrupsiya radikallashuvni keltirib chiqarmoqda

Kuzatuvchilarga koʻra, muftiyatning mansabdor shaxslari ishtirokidagi korrupsiya mojarosi radikal daʼvatchilarni harakatga keltirishi mumkin.

Korrupsiya holatlarini koʻrib hafsalasi pir boʻlgan koʻplab turkmanistonliklar “haqiqiy islom” daʼvatchilari va yollovchilarining taʼsiriga tushib qolishlari hech gap emas, deydi Lebap imomi ekstremistlarning oʻz murojaatlariga bergan taʼriflarini nazarda tutib.

“Afsuski, muftiyatning yuqori rahbariyatida fosh etilgan korrupsiya holatlari sababli, biz radikal daʼvatchilarga qarshi bahsda ojiz boʻlib qolyapmiz”, dedi u.

Uning aytishicha, radikalizm va ekstremizm holatlariga qarshi kurash vazifasi yuklatilgan xavfsizlik idoralari har qanday radikal daʼvatchilar faollashuviga qarshi hushyor turishi lozim.

“Milliy xavfsizlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va boshqa hukumat idoralari terrorga yollovchilar hamda Markaziy Osiyoda “islom xalifaligi” tuzishga chaqiruvchi daʼvatchilar va ularning izdoshlarini aniqlash boʻyicha olib borilgan ishlar haqida muntazam ravishda hisobot berib turishlari kerak”, dedi u.

Turkmaniston muftiyati ham yuz bergan voqealardan xavotirda ekanini maʼlum qildi.

“Aholining imomlarga boʻlgan ishonchi va hurmatini tiklash uchun juda koʻp ishlar qilishimiz kerak”, deydi muftiyat xodimlardan biri.

“Yuz bergan voqeadan soʻng, hajga navbatda turganlar roʻyxati qayta koʻrib chiqilishiga shubham yoʻq”, dedi u. “Baʼzilar yillar davomida navbat kutayotgan bir paytda, boshqalar bir necha marta haj qilishgan. Endi hammasi tartibga solinadi.”

Ekstremizmga qarshi kurash

Turkmaniston Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari singari, ekstremizmga qarshi kurashib keladi.

Soʻnggi oʻn yil ichida Suriya va Iroqdagi janglarda qoʻlga olingan yoki oʻldirilgan turkman jangarilarining soni aniq emas.

AQSHning “Soufan Group” tadqiqot markazining 2017-yilgi hisob-kitoblariga koʻra, terrorchi guruh gullab-yashnagan davrda 400 dan ortiq turkman fuqarolari “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilganlar .

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500