Karvonsaroy
Terrorizm

Barcha alomatlar Rossiyaning Suriyadagi muddatsiz istilosidan darak bermoqda

AFP va Karvonasaroy

Rus pravoslav ruhoniysi Rossiya armiyasi generaliga oq fotiha bermoqda, Suriyadagi Xmeymim harbiy bazasi, 2019-yil 26-sentabr. Suriyadagi rus askarlariga “barcha zarur qulayliklar” yaratib berilgan, jumladan ruscha pishiriqlar tayyorlaydigan qandolatchilik rastalari, yogʻochdan ishlangan hammomlar, hatto piyozsimon gumbazli, ichi ikonalarga toʻla pravoslav cherkovlari bor. (Maksim Popov/AFP)

Rus pravoslav ruhoniysi Rossiya armiyasi generaliga oq fotiha bermoqda, Suriyadagi Xmeymim harbiy bazasi, 2019-yil 26-sentabr. Suriyadagi rus askarlariga “barcha zarur qulayliklar” yaratib berilgan, jumladan ruscha pishiriqlar tayyorlaydigan qandolatchilik rastalari, yogʻochdan ishlangan hammomlar, hatto piyozsimon gumbazli, ichi ikonalarga toʻla pravoslav cherkovlari bor. (Maksim Popov/AFP)

TARTUS, Suriya – Baza qoʻmondoni Suriyaning Tartus portidagi Rossiya harbiy-dengiz bazasida tashkil etilgan xiyobonga razm solar ekan, qator daraxtlarga ishora qiladi.

“Bu daraxtlar hali katta boʻladi”, deydi kamuflyajli bosh kiyimi bilan koʻzlarini Oʻrtayer dengizi quyoshidan toʻsgan rus askari.

Rossiya armiyasi prezident Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Suriya mojarosiga aralashganiga toʻrt yil toʻlar ekan, ular bu yerni hali-beri tark etadiganga oʻxshamaydi. Hammasi tamoman aksincha.

Yaqinda Rossiya mudofaa vazirining Suriyaga tashrifi chogʻida, AFP va boshqa nashrlar jurnalistlari Rossiya qoʻshinlarining Yaqin Sharq boʻylab taʼsirga ega boʻladigan harbiy hozirliklarini mustahkamlayotganiga guvoh boʻldilar.

Rossiyalik askarlar dam olish vaqtida basketbol oʻynamoqdalar, Suriyaning Oʻrtayer dengizidagi Tartus bandargoh shahri, 2019-yil 26-sentabr kuni olingan surat. Rossiya armiyasi prezident Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Suriya mojarosiga aralashganiga toʻrt yil toʻlar ekan, ular bu yerni yaqin orada tark etmaydigan koʻrinadi. (Maksim Popov/AFP)

Rossiyalik askarlar dam olish vaqtida basketbol oʻynamoqdalar, Suriyaning Oʻrtayer dengizidagi Tartus bandargoh shahri, 2019-yil 26-sentabr kuni olingan surat. Rossiya armiyasi prezident Bashar Asadni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Suriya mojarosiga aralashganiga toʻrt yil toʻlar ekan, ular bu yerni yaqin orada tark etmaydigan koʻrinadi. (Maksim Popov/AFP)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya prezidenti Bashar al-Asad (chapdan ikkinchi) va Rossiya mudofaa vazirligining yuqori mansabdorlari, Rossiya armiyasi bosh shtabi bilan oʻtgan yil noyabr oyida uzoq muddatli rejalarni muhokama qilish uchun uchrashdilar. (Kreml)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya prezidenti Bashar al-Asad (chapdan ikkinchi) va Rossiya mudofaa vazirligining yuqori mansabdorlari, Rossiya armiyasi bosh shtabi bilan oʻtgan yil noyabr oyida uzoq muddatli rejalarni muhokama qilish uchun uchrashdilar. (Kreml)

Rossiyaning harbiy va suv osti kemalari Oʻrtayer dengizi sharqidagi ulkan majmua – Tartus bazasiga namoyishkorona joylashtirilgan.

Muxbirlarga dam olayotgan askarlarning trenajyor zalda mashq qilayotgani, ruscha pishiriqlar bilan siylayotgan qandolatchilik rastalari, banya nomi bilan tanilgan mashhur yogʻoch hammomlar va hatto piyozsimon gumbazli, ichi ikonalarga toʻla pravoslav cherkovlari koʻrsatilgan.

Rus askarlari uchun “barcha zaruriy qulayliklar” yaratib berilgan, deydi zobitlardan biri.

2015-yil sentabr oyi oxirida, fuqarolar urushining avj pallasida, radikal jangarilar va boshqa isyonchilar mamlakatning katta qismlarini nazoratga olgan vaqtda Moskva Asadni qoʻllab-quvvatlovchi kampaniyani boshlagan edi.

Rossiyaning aralashuvi keskin oʻzgarishlarga olib keldi va rejimparast kuchlar hukumat nazoratida boʻlmagan hududlarning katta qismini egalladilar.

Kampaniya davomida Suriyada rasman 63 mingga yaqin rus harbiy xizmatchilari, jumladan askarlar, dengizchilar va bombalash amaliyotlarining avjida bir kunda 100 tadan ortiq jangovar parvozlarni amalga oshirgan uchuvchilar boʻlgan.

Shu bilan birga, Suriyada yuzlab xususiy harbiy pudratchilar, jumladan taniqli Wagner Guruhi ham ish olib borgan. Xabar qilinishicha, ular rejimni qoʻllab-quvvatlovchi askarlar bilan bir qatorda avvalgi saflarda jang qilishgan.

Ushbu mojaro xorijdagi Rossiya harbiy kuchlari uchun eng muhim poligonga aylandi va Moskvaning “Kalibr” raketalari hamda “Tu-22M” uzoq masofaga uchadigan bombardimonchi samolyotlarini sinash imkonini berdi.

Hozirda Suriyadagi 3000 ga yaqin rossiyalik harbiy xizmatchilar Tartus va Xmeymim aviabazasi kabi obʼektlarda joylashtirilgan.

Rossiyaning qoʻllovi xalqaro sahnada bahs-munozalarga sabab boʻldi.

Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari tomonidan yana bir kimyoviy hujum uyushtirilgani tasdiqlangach, payshanba (26-sentabr) kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari Rossiyaning Suriyadagi kontrabanda operatsiyasiga qarshi yangi sanktsiyalarni eʼlon qilgan.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeoning bayonot berishicha, Asad rejimi 19-may kuni Latakiya provinsiyasida Idlibdagi isyonchilarning so‘nggi asosiy istehkomini qaytarib olishga qaratilgan hujum paytida xlorin ishlatgan.

Bu Rossiya qoʻllovidagi rejim tomonidan sodir etilgani tasdiqlangan koʻp sonli kimyoviy hujumlardan biri boʻldi. Jumladan, oʻtgan yili shu kabi hujumlar natijasida Dumada 80 kishi hayotdan koʻz yumgan.

Moskva oʻz ittifoqchisi boʻlmish Suriyani himoya qilish maqsadida, BMTning ushbu nizoga oid rezolyutsiyalariga veto qoʻyishda davom etdi.

19-sentabr kuni Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik kengashiga aʼzo 15 mamlakatdan 12 tasi qoʻllab-quvvatlagan rezolyutsiyasiga veto qoʻydi. U Idlib viloyatida otashkesim eʼlon qilishni koʻzda tutar edi.

Germaniya, Belgiya va Kuvayt ushbu rezolyutsiyani qabul qilishni qatʼiyan talab qilganlar, ularning taʼkidlashicha, bundan toʻrt oy muqaddam hukumat kuchlari hujum boshlaganidan beri yarim million suriyalik Idlibdan siqib chiqarilgan.

Ular agar jangovar harakatlar davom etadigan boʻlsa, mojaro asrning eng yomon gumanitar inqiroziga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Rossiyani “sof gumanitar” tadbirga veto qoʻymaslikka chaqirganlar.

“Strategiya yoʻq”

Shu bilan birga, Moskva bu ikki obʼektni ijaraga olish boʻyicha 49 yilga moʻljallangan shartnomani imzoladi, bu Rossiyaga Yaqin Sharqda ilk marotaba uzoq muddatli harbiy hozirlik oʻrnatishga imkon beradi.

Moskvaning global taʼsirini kengaytirishni maqsad qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat qoʻshinlari Suriyada qancha zarur boʻlsa, shuncha muddatga qolishini bildirdi.

“Harbiylarimiz Rossiya manfaatlarini taʼminlash maqsadida dunyoning muhim mintaqasida boʻlib turibdi”, degan edi Putin oʻtgan yilgi telemarafon chogʻida.

Bazalardan olisda, Moskvaning hozirligi butun mamlakat boʻylab seziladi.

Rossiya harbiy mashinalari Asad va Putinning surati ilingan yoʻllar boʻylab patrul nazoratini olib bormoqda.

Damashqdan gʻarb tomondagi qishloq joylarda jurnalistlarga rus harbiy maslahatchilaridan saboq olayotgan yangi va oʻqdan himoyalangan formadagi Suriya armiyasi bataloni koʻrsatilgan.

Shunday boʻlsa-da, muammolar saqlanib qolmoqda va Suriyada hech narsa aniq emas.

Qonli rejim hujumiga qaramay, Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyati hukumat nazorati ostida emas.

Bu oy BMT yangi konstitutsiyaviy qoʻmitani tashkil etish toʻgʻrisida eʼlon qilganiga qaramay, uzoq muddatli siyosiy yechimga umid kam.

Mudofaa masalalari boʻyicha rossiyalik tahlilchi Aleksey Malashenkoning aytishicha, Asadni bu qadar ochiq qoʻllab-quvvatlash bilan Rossiya oʻzini zaif qilib qoʻygan boʻlishi mumkin.

“Rossiyaning boshqa chorasi yoʻq. Uning yaxshi taktika bor, ammo strategiya yoʻq”, deydi u. “Keyin nima boʻlishini hech kim bilmaydi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Suriya xalqiga qarshi jinoyatlari uchun ruslarni ogʻir jazo kutmoqda

Javob berish