Suriya Inson huquqlari tarmogʻi (SNHR) Rossiyani 2015-yildan beri Suriyada olib borgan harbiy operatsiyalari davomida “yuzlab harbiy jinoyatlar” sodir etganlikda ayblamoqda.
30-sentabr kuni Rossiyaning Suriya mojarosiga harbiy aralashuvining toʻrt yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan 40 sahifalik hisobotda taʼkidlanishicha, Rossiyaning harbiy operatsiyalari natijasida 6500 dan ortiq tinch fuqarolar halok boʻlishgan.
Rossiya ushbu halokatlar uchun uzr ham soʻramagan, qurbonlardan birortasining oilasiga tovon puli ham toʻlamagan, deyiladi hisobotda. U kasalxonalar, fuqarolik mudofaasi inshootlari va turar-joy mavzelarini bombalayotganini inkor qilishda davom etmoqda.
Suriyalik faollar tomonidan joylarda toʻplangan dalillarga koʻra, soʻnggi toʻrt yil ichida Rossiya kuchlari tomonidan 6686 tinch fuqaro, jumladan 1928 nafar bola va 908 ayol oʻldirilgan.
Rossiyaning hujumlari natijasida halok boʻlganlar orasida tibbiyot va OAV xodimlari ham bor: 107 nafar tibbiyot va 21 nafar OAV xodimi hayotdan koʻz yumgan.
Hisobotga koʻra, Rossiya kuchlari urush davrida xalqaro konvensiyalar himoyasida boʻlgan kamida 1083 ta muhim obʼektni, jumladan 201 ta maktab va 190 ta tibbiy muassasani bombardimon qilganlar.
Hisobotda, shuningdek, Rossiya harbiylarining xalqaro miqyosda taqiqlangan kassetali bombalardan foydalanishi bilan bogʻliq 236 ta, shuningdek, yondiruvchi qurol qoʻllash bilan bogʻliq 125 ta holat qayd etilgan.
Hisobotga koʻra, ushbu xulosalar Rossiya hukumati yoki uning nomidan berilgan yolgʻon bayonotlar va OAV xabarlaridagi “Rossiya faqat terrorchilarni yoʻq qilish va Suriya xalqiga yordam berish bilan shugʻullanmoqda”, degan maʼlumotlarga zid.
Unda taʼkidlanishicha, Rossiya mudofaa vazirligi “minglab jangari-terrorchilarni oʻldirganini daʼvo qilib, oʻz operatsiyalari va havo hujumlarining natijalarini umumiy va noaniq atamalar bilan eʼlon qiladi.”
Hisobotda aytilishicha, Rossiya tinch aholining ommaviy ravishda koʻchirilishi uchun javobgar. Hisobotga koʻra, soʻnggi harbiy amaliyotlar chogʻida 600 mingdan ziyod tinch aholi, Rossiyaning xatti-harakatlari oqibatida esa 3,3 million tinch aholi boshqa joyga koʻchirilgan.
“Biz Rossiya tomonidan homiylik yoki nazorat qilinadigan hech qanday siyosiy nizolarni hal etish jarayoniga ishona olmaymiz. U shafqatsiz operatsiyalar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda Suriya rejimini qoʻllab-quvvatlab, BMT rezolyutsiyalariga 13 bor veto qoʻygan”, dedi Suriya Inson huquqlari tarmogʻi raisi Fadel Abdul Gʻani hisobot bilan tanishtirar ekan.
“Rossiya harbiy jinoyatlarga aloqador va bu jinoyatlar uchun uzr soʻrashi, soʻngra oʻzi vayron qilgan narsalarni tiklashi, qurbonlar uchun tovon puli toʻlashi va Suriyadagi bir oilaning sulolaviy diktaturasini qoʻllab-quvvatlashni bas qilishi lozim”, dedi u.
“Shundan soʻnggina, demokratiya, inson huquqlari, Suriya va uning jamiyatini qayta qurish hamda barqarorlik sari siyosiy oʻtish jarayoni muhokama qilinishi mumkin.”
Kimyoviy hujumlar va obstruksionizm
Inson huquqlariga oid ushbu hisobot Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari tomonidan yana bir kimyoviy hujum uyushtirilgani tasdiqlangach, 26-sentabr kuni AQSH Rossiyaning Suriyadagi kontrabanda operatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishi ortidan eʼlon qilingan.
Asad rejimi 19 may kuni Latakiya viloyatida Idlibdagi isyonchilarning soʻnggi yirik istehkomini qaytarib olishga qaratilgan hujum paytida xlorin gazini ishga solgan.
Amerika Qoʻshma Shtatlari va Fransiya avvalroq ham kimyoviy hujum haqidagi gumonlarini bildirgan, ammo qoʻshimcha tekshiruvlar zarurligini aytib, rasmiy qaror qabul qilishni keyinga qoldirgan edilar.
Xalqaro tergovchilarga koʻra, Asad 370 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan fuqarolar urushida gʻolib boʻlish maqsadida, avvallari ham fuqarolik obyektlariga qarata bir necha bor kimyoviy qurol qoʻllagan.
Ushbu hodisalar Rossiya va Xitoyning BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga veto qoʻyishi ortidan yuz berdi. Urushlar tufayli vayron boʻlgan Idlib viloyatida oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi bayonot kengashga aʼzo 15 mamlakatning 12 tasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.
2011-yilda Suriya mojarosi boshlanganidan beri Rossiya BMT rezolyutsiyalariga 13 marta veto qoʻygan.
Germaniya, Belgiya va Kuvayt ushbu rezolyutsiyani qabul qilishni qatʼiyan talab qilganlar, ularning taʼkidlashicha, bundan toʻrt oy muqaddam hukumat kuchlari hujum boshlaganidan beri yarim million suriyalik Idlibdan siqib chiqarilgan.
Ular agar jangovar harakatlar davom etadigan boʻlsa, mojaro asrning eng ogʻir gumanitar inqiroziga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Rossiyani “sof gumanitar” choraga veto qoʻymaslikka chaqirganlar.
Okkupant Rossiya BMTda nima qilib yuribdi degan savol tugʻiladi, ular u yerda nimaga kerak oʻzi. Agressorni xalqaro tashkilotlardan butunlay haydash kerak.
Javob berishFikrlar 8
Qancha tinch aholi terrorchilarning qoʻlidan halok boʻlganini kimdir hisoblay oladimi?
Javob berishFikrlar 8
Endi Rossiya ularga tovon puli toʻlashi va Suriyada vayron etilgan hamma narsani tiklashi kerak.
Javob berishFikrlar 8
Moskva tinch xalqlarni qatliom qilishni maʼqul koʻradi
Javob berishFikrlar 8
Rossiya bo‘lmaganida, Amerika barcha musulmon yerlarini yoqib yuborardi. Amerikaliklar jahannamda yonsin!
Javob berishFikrlar 8
Аfgʼonistondan qanday haydab chiqarilgan boʻlsa, Suriyadan ham shunday tepib chiqarish kerak ularni. Rossiya Аfgʼonistonda 10 yil davomida urush olib bordi va oxiri dumini qisib sharmandalik bilan chiqib ketdi.
Javob berishFikrlar 8
Rossiya har doimgidek tinch aholini qirib, qonini to‘kmoqda.
Javob berishRossiya bor joyda urush bor
Javob berishFikrlar 8