https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/10/23/feature-02
Rossiyaning Suriya hududi boʻylab yurishlari aholi tomonidan sovuq qarshi olinmoqda
| Terrorizm

Suriyadan qaytgan qozogʻistonliklar IDga aloqador jinoyatlarda ayblanib sudlandi

Aydar Ashimov

image

Xavfsizlik xizmati xodimlari 11-oktabr kuni Tarazda boʻlib oʻtgan “Temiryoʻl-Antiterror 2019” mashqlarida ishtirok etmoqdalar. Qozogʻiston mamlakat boʻylab aksilterror choralarni kuchaytirmoqda. (MXQ)

NUR-SULTON – Suriyada “Islom davlati” (ID) safida jang qilgan oʻn toʻrt nafar qozoq fuqarosi terrorchilik jinoyatida ayblanib sud qilindi. Bu haqda Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) xabar berdi.

“Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi davomida Qozogʻistonga qaytarilganlar ustidan jinoiy tergov harakatlari yakunlangan, deyiladi MXQning 17-oktabr kungi bayonotida.

Qozogʻiston hukumati 600 fuqaro, jumladan 400 ta yosh bolani Suriyadan vataniga qaytarish uchun bir nechta reysni amalga oshirdi. Operatsiya 2019-yil davomida oʻtkazilgan.

Qoʻlga olingan 14 nafar shaxs terrorchilik, jumladan tashviqot va yollash faoliyatini olib borish hamda boshqa ogʻir jinoyatlarda ayblanmoqda, deb xabar bergan MXQ.

image

MXQ xodimlari Olmaotada A. J. Bitimbayevni qoʻlga oldilar, surat sanasi nomaʼlum. Bitimbayev savdo markazlarida terrorchilik hujumini rejalashtirganlikda ayblanib qamoqqa olingan. (MXQ)

image

Xavfsizlik xizmati xodimlari 11-oktabr kuni Tarazda boʻlib oʻtgan “Temiryoʻl-Antiterror 2019” mashqlarida ishtirok etmoqdalar. (MXQ)

Nur-Sultondagi qamoqxonada boʻlib oʻtayotgan sud jarayonining ayrim tafsilotlari paydo boʻldi.

14 ayblanuvchidan biri Amanjol Jansengirov vintovka ushlab, biri oyogʻi ostiga tashlangan bir nechta odam boshi bilan tushgan suratini jon-jahdi bilan izohlashga urindi, deb yozgan “Fergana News” nashri chorshanba (23-oktabr) kuni.

Jansengirovning soʻzlariga koʻra, qoʻmondoni unga shunday suratga tushishni buyurgan.

Mazkur sud jarayoniga qadar, yil boshida vataniga qaytarilgan 10 ta erkak va 5 nafar ayolning sudi boʻlib oʻtgan va ular ayni paytda jazo muddatini oʻtamoqdalar.

Amalga oshmagan terrorchilik hujumlari

Bu orada MXQ 11-oktabr kuni odamlar bilan gavjum joyda terrorchilik hujumini rejalashtirgan shaxs aybdor deb topilgani haqida xabar berdi.

Olmaotaning Olmali tuman sudi “terrorchilik faoliyatini rejalashtirish, terrorchilik tashviqoti, diniy nafrat qoʻzgʻash va noqonuniy qurol saqlash” kabi ayblovlar bilan qozogʻistonlik A. J. Bitimbayevga 10 yillik qamoq jazosi belgiladi, deyiladi MXQ bayonotida.

Bitimbayev ID tarafdori ekanligi aniqlanishi bilan huquq tartibot idoralari eʼtiboriga tushgan edi.

Tintuv chogʻida uning savdo markazlarida portlovchi moddalar bilan terrorchilik hujumini rejalashtirgani aniqlandi. U aprel oyida qoʻlga olingan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tintuv chogʻida oʻqotar qurollar, qoʻlbola portlovchi moslamalar yasashda ishlatiladigan ashyolar va uchta savdo markazining chizmalarini musodara qilishgan. Bitimbayev hujumni amalga oshirganidan keyin ID safiga qoʻshilish uchun Suriyaga joʻnab ketishni rejalashtirgan.

“Terrorchi mutaassiblarning shafqatsizligi va orsizligi chegara bilmasligini koʻrib turibmiz”, dedi Chimkentda joylashgan “Altin karligash” (Oltin qaldirgʻoch) nodavlat tashkiloti rahbari Leyla Baymanova.

“Avvallari terrorchilik hujumlari huquqni muhofaza qilish xodimlari va harbiylarga qarshi qaratilgan boʻlsa, bu holatda tinch aholini oʻldirish rejalashtirilgan”, dedi u.

Temiryoʻldagi aksilterror mashqlar

11-oktabr kuni Taraz shahrida “Temiryoʻl - Aksilterror 2019” xavfsizlik mashgʻulotlari oʻtkazildi, deb xabar beradi MXQ.

Mashgʻulotlar chogʻida temiryoʻl obyektlarining terrorchilik hujumlaridan himoyalanganlik holati va ulardagi axborot tizimlarinining kiber-himoyasi tekshiruvdan oʻtkazildi.

Maxsus kuchlar garovga olinganlarni ozod qilish va poyezd vagonidagi terrorchilarni zararsizlantirish boʻyicha mashq operatsiyasini oʻtkazdilar.

Mashqlarda maxsus kuchlar bilan birga boshqa idoralar vakillari ham qatnashdi.

Bundan ikki yil avval Qozogʻiston hukumati temiryoʻl va havo transportida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan edi. Milliy xavfsizlik qoʻmitasi va politsiyachilar yoʻlovchilar va yuklarni maxsus jihozlar yordamida sinchiklab tekshira boshlagan.

“Koʻrik tufayli yoʻlovchilarga tugʻdirilgan noqulayliklar asosli”, deydi tarazlik siyosatshunos va “Beybit Aspan” (Tinch osmon) NNT direktori Ruslan Seksenbayev.

“Bu bizning xavfsizligimiz uchun qilinayotganini tushunishimiz kerak” dedi u. “Qayerga hujum qilinishi – maktab, samolyot yoki poyezdgami – terrorchilarning oʻziga maʼlum, shu bois huquq-tartibot idoralari jangovar shay holatda boʻlishi kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?
0
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Nega uni bir yilga qamashmadi? Oʻn yilmish, heh!

Javob berish