26-oktabr kuni AQSH maxsus kuchlari tomonidan “Islom davlati” (ID) yetakchisi Abu Bakr Al-Bagʻdodiyga qarshi olib borilgan va uning oʻlimi bilan yakunlangan reydning videoyozuvi va fotosuratlari 30-oktabr kuni Amerika harbiylari tomonidan eʼlon qilingan.
Oq-qora kadrlarda AQSH askarlarining Suriya shimoli-gʻarbidagi Al-Bagʻdodiy yashiringan baland devorli majmua tomon piyoda yurib borayotgani aks etgan.
Al-Bagʻdodiyning Idlib viloyatidagi boshpanasini shturm qilish uchun AQSH harbiylarini olib ketayotgan vertolyotlarga oʻq uzgan nomaʼlum jangarilar guruhiga qarshi havo zarbalari berilgani aks etgan videoyozuv eʼlon qilingan.
AQSH Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni, dengiz-piyoda qoʻshinlari generali Kennet MakKenzi reyd chogʻida “katta miqdorda” elektron qurilmalar va hujjatlarga duch kelinganini aytgan.
Ekspertlar Al-Bagʻdodiy shaxsini uning Iroq qamoqxonasida 2004-yildan beri saqlanayotgan DNKsi bilan taqqoslash orqali aniqladilar, dedi MakKenzi.
Al-Bagʻdodiy jasadining qoldiqlari uning shaxsini tasdiqlash uchun bazaga qaytarilgan va oʻlimidan soʻng 24 soat ichida “qurolli toʻqnashuv qonunlariga muvofiq” dengizga dafn qilingan, dedi u.
25 mln. dollarlik mukofot
25 million dollarlik mukofot, katta ehtimol bilan Bagʻdodiyning harakat yoʻnalishiga oid muhim tafsilotlarni yetkazgan informatorga qisman yoki toʻliq berilishi mumkin, deb xabar bergan Washington Post chorshanba kuni.
Axborotchi ID tarkibiga singdirilgan operativ xodim boʻlib, u Al-Bagʻdodiyning Suriya boʻylab harakatlanishiga koʻmaklashgan va uning Suriyadagi boshpanasi qurilishini nazorat qilishda yordam bergan.
Axborotchi reyd oʻtkazilayotgan paytda voqea joyida boʻlgan va ikki kundan keyin oilasi bilan birga evakuatsiya qilingan, deb yozadi Post.
Kim ekanligi nashr uchun nomaʼlumligicha qolgan shaxs AQSH al-Bagʻdodiyning boshi uchun eʼlon qilgan 25 million dollar mukofotning qisman yoki toʻliq olishi mumkin, dedi u.
Nashrning yozishicha, informator Al-Bagʻdodiyning harakatlaridan tashqari, uning Suriyadagi yashirin boshpanasidagi xonalarning joylashuvidan ham xabardor boʻlgan.
Qarindoshi ID tarafidan oʻldirganidan keyin guruhga qarshi bosh koʻtargan bu shaxsni rasmiylardan biri sunniy arab deb taʼriflagan va u kurd razvedkasi tomonidan yetishtirilgan, deb yozadi gazeta.