Karvonsaroy
Energiya

Ashxobod turkman gazini Yevropaga yetkazib berishni koʻzlamoqda

Jumaguli Annayev

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2015-yil 23-dekabr kuni Ashxaboddan 500 km shimoli-gʻarbda joylashgan “Belek” kompressor stantsiyasidagi “Sharqiy-Gʻarbiy” gaz quvurining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu quvur Turkmaniston sharqidagi gaz konlarini Kaspiy dengizi bilan bogʻlaydi, bu Yevropaning energetik xavfsizligi imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. (Igor Sasin/AFP)

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2015-yil 23-dekabr kuni Ashxaboddan 500 km shimoli-gʻarbda joylashgan “Belek” kompressor stantsiyasidagi “Sharqiy-Gʻarbiy” gaz quvurining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu quvur Turkmaniston sharqidagi gaz konlarini Kaspiy dengizi bilan bogʻlaydi, bu Yevropaning energetik xavfsizligi imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. (Igor Sasin/AFP)

ASHXOBOD – Jahon banki rasmiylari Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish masalasida Turkmaniston bilan ish olib borishga tayyor. Bu Turkmaniston uchun uzoq kutilgan loyiha hisoblanadi.

22-oktabr kuni Ashxobodda 24-bor oʻtkazilgan “Turkmaniston neft va gazi - 2019” anjumanida Jahon bankining neft va gaz boʻyicha katta mutaxassisi Leks Xurdeman Kaspiy dengizi ostidan oʻtadigan potentsial gaz quvuri masalasini muhokama qilgan.

Yirik moliya institutlari, shuningdek, 60 mamlakatning neft-gaz kompaniyalari vakillari boʻlgan 280 nafar ishtirokchi jahon neft va gaz bozorini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun har yilgi anjumanga toʻplandilar.

Xurdemanning taʼkidlashicha, Turkmaniston gaz zaxiralari boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi va jahon bozorlariga gaz yetkazib berishni diversifikatsiya qilish uchun barcha shart-sharoitlarga ega.

Turkmaniston oʻz tabiiy gazini Rossiyaning quvurlarini aylanib oʻtgan holda Kaspiy dengizi orqali bevosita Yevropaga etkazib berishni rejalashtirmoqda. [Google Earth]

Turkmaniston oʻz tabiiy gazini Rossiyaning quvurlarini aylanib oʻtgan holda Kaspiy dengizi orqali bevosita Yevropaga etkazib berishni rejalashtirmoqda. [Google Earth]

Uning soʻzlariga koʻra, ushbu shart-sharoitlar yaqinda qabul qilingan Kaspiy dengizining huquqiy maqomiga oid konventsiya va 2020-yilda Janubiy gaz quvuri loyihasining oʻz nihoyasiga yetkazilishi bilan bogʻliq.

Trans-Adriatika Janubiy gaz yoʻlagining soʻnggi bosqichidagi ishlar 89,8 foizga yakunlangan, deyiladi loyiha veb-saytida.

“Bunday sharoitlarda turkman gazini Yevropa Ittifoqiga yetkazib berish haqiqatga yaqin boʻlib bormoqda”, dedi u.

“Jahon bankining neft va gaz boʻyicha bosh ekspertining bu bayonoti quvonchli xabar boʻldi”, dedi forum hamtashkilotisi boʻlgan Turkmaniston savdo-sanoat palatasi vakili Ogʻaniyoz Akmuradov.

“Xurdemanning soʻzlari loyihani moliyalashtirish masalasining hal etilishiga yoʻl ochadi”, dedi u.

Soʻnggi vaqtlarda loyihani amalga oshirish yoʻlidagi boshqa toʻsiqlar ham bartaraf etildi, dedi Akmuradov besh sohilboʻyi mamlakat tomonidan Kaspiy dengizining huquqiy maqomiga oid konventsiya va boshqa yuridik hujjatlarning qabul qilinganini nazarda tutib.

“Bugun asosiy masala pulga kelib taqalmoqda va janob Xurdeman Jahon banki biz uchun muhim boʻlgan bu masalani Turkmaniston bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirdi”, dedi u.

Turkmaniston Yevropaga gaz yetkazib berishni tezlashtirish uchun koʻplab ishlarni amalga oshirgan.

Xususan, Turkmaniston 2015-yilda oʻz hududida 733 km uzunlikdagi “Sharqiy-Gʻarbiy” magistral gaz quvurini ishga tushirdi, u mamlakat janubi-sharqidagi gaz konlaridan Kaspiy sohiligacha choʻzilgan boʻlib, Transkaspiy gaz quvurini taʼminlaydi.

25-oktabr kuni Bokuda Qoʻshilmaslik harakatining 18-sammitida Turkmaniston va Ozarbayjon prezidentlari oʻz mamlakatlarining resurs va transport salohiyatini inobatga olgan holda yoqilgʻi-energetika sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Tarafdorlar va qarshilar

Jahon banki Turkmaniston gazini toʻgʻridan-toʻgʻri Yevropaga yetkazib berish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlovchilar qatoriga qoʻshilgan. Bu haqda prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning neft va gaz masalalari boʻyicha maslahatchisi Yakshigeldi Kakayev idorasining xodimi maʼlum qilgan. U oʻz ismini oshkor qilmaslikni soʻragan.

“Kaspiy dengizi tubidan oʻtadigan 300 km uzunlikdagi gaz quvuri yotqizilishining afzalliklari hammaga ayon ”, dedi u va gaz quvuri Janubiy gaz yoʻlagini taʼminlashini qoʻshimcha qildi.

Suvosti gaz quvuri Turkmanistonga har yili oʻnlab milliard kub metr gazni Rossiyaning “Gazprom” quvurlar tizimini chetlab oʻtgan holda Yevropa bozorlariga yetkazib berish va gaz import qiluvchi davlatlarni Kremlning injiqliklaridan xalos qilishga imkon beradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimi Ukraina kabi davlatlarni majburlash uchun qishda tabiiy gaz yetkazib berishni vaqti-vaqti bilan uzib qoʻyar edi.

Ayrim davlatlar, xususan Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya tranzit yigʻimlaridan daromad olishi, Janubiy Yevropadagi davlatlarga esa muqobil gaz taʼminotchisi ega boʻlish foydali boʻlishi mumkin, dedi rasmiy.

Biroq, Rossiya va Eronning ikkovi ham Kaspiy dengizi tubidan oʻtuvchi gaz quvurining qurilishiga qarshi.

“Moskvaning Trans-Kaspiy gaz quvuri loyihasiga nisbatan munosabati oʻzgarishsiz qoladi”, deb aytgan Rossiyaning Ozarbayjondagi elchisi Mixail Bocharnikov 4-iyul kuni Ozarbayjonning Caspian Energy nashriga bergan intervyusida.

U “atrof-muhitni qoʻriqlash va muhofaza qilishga oid xalqaro kelishuvlarni” tilga oldi.

“Eron gaz quvuri qurilishiga qarshi”, deb aytgan 12-avgust kuni Turkmanistonning Ovoza shahrida boʻlib oʻtgan birinchi Kaspiy iqtisodiy forumida (KIF) Eron milliy gaz shirkati vakili Behruz Namdariy.

Soʻnggi yillarda Tehron va Moskva loyihaga qarshi chiqish uchun turli xil bahonalarni oʻylab topdilar, degan edi Amanmurat Bekiyev taxallusi ostida soʻzlagan “Turkmangaz” (Turkmaniston davlat gaz kompaniyasi) vakili sentabr oyida.

“Ular (Rossiya va Eron) quvurlarning Kaspiy dengizi havzasi atrof-muhitiga zarar yetkazishi mumkinligini daʼvo qilmoqdalar. Ammo bu Qora va Boltiq dengizlari tubida gaz quvurlari barpo etayotgan Rossiya uchun kulgili bayonotdir”, dedi Turkmaniston savdo-sanoat palatasi vakili Akmuradov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Albatta, bunday zararkunanda Rossiyaga raqobat kerak emas.

Javob berish