Karvonsaroy
Terrorizm

Tojik-oʻzbek chegara postidagi toʻqnashuvda “Islom davlati”ning 15 aʼzosi oʻldirildi

Karvonsaroy va AFP

6-noyabr kuni tojik-oʻzbek chegarasi yaqinidagi toʻqnashuvda tojikistonlik chegarachilar 15 nafar ID aʼzosini oʻldirdilar. Suratda: yonib ketgan mashinalar va “Islom davlati”ning halok boʻlgan jangarisi. [Tojikiston IIV]

6-noyabr kuni tojik-oʻzbek chegarasi yaqinidagi toʻqnashuvda tojikistonlik chegarachilar 15 nafar ID aʼzosini oʻldirdilar. Suratda: yonib ketgan mashinalar va “Islom davlati”ning halok boʻlgan jangarisi. [Tojikiston IIV]

DUSHANBE – Tojikiston xavfsizlik kuchlari chorshanba (6-noyabr) kuni “Islom davlati” (ID) aʼzolaridan 15 nafarini oʻldirdi va toʻrt kishini hibsga oldi. Rasmiylarga koʻra, jangarilar Tojikistonga Afgʻoniston hududidan sizib kirgan.

Oʻzbekiston bilan chegarada joylashgan Ishkobod chegara postiga qilingan tungi hujum natijasida, shuningdek, bir chegarachi va huquq-tartibot xodimlaridan bir nafari halok boʻlgan.

Bu jangarilarning radikal isyonchilarga qarshi kurashayotgan Tojikistonga zarba berishga qaratilgan soʻnggi hujumlaridan biri.

Ushbu hodisa Tojikistonda Konstitutsiya kuni nishonlanayotgan va mamlakat prezidenti Imomali Rahmon rasmiy tashrif bilan Yevropada boʻlib turgan vaqtda yuz berdi.

6-noyabr kuni Telegramda joylangan suratda Afgʻonistonning nomaʼlum hududida boʻlib turgan ID aʼzolari aks etgan. [Fayl]

6-noyabr kuni Telegramda joylangan suratda Afgʻonistonning nomaʼlum hududida boʻlib turgan ID aʼzolari aks etgan. [Fayl]

Ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, 20 ga yaqin qurollangan shaxs tungi soat 3:23 da Dushanbedan 50 km janubi-gʻarbda joylashgan Ishqobod chegara postiga hujum qilgan.

Yuz bergan toʻqnashuv chogʻida “qurollangan jinoiy guruhning 15 aʼzosi yoʻq qilindi, hujum qilganlardan toʻrt nafari qoʻlga olindi”, deyiladi vazirlik xabarida.

IIV tomonidan chop etilgan fotosuratlarda voqea joyidagi yonib ketgan mashina, uning yonida qora kiyimdagi bir nechta erkaklar jasadi va oʻqotar qurollar aks etgan.

Guruhga tegishli boʻlgan toʻrtta avtotransport vositasi yoʻq qilindi, deb xabar beradi vazirlik.

Qoʻlga olingan jangarilar yakshanba (3-noyabr) kuni Tojikistonga Afgʻoniston orqali kirib kelganini tan olgan, deb xabar bergan davlat chegara xizmati.

“Hujum qilganlarning barchasi “Islom davlati” terrorchilik guruhi aʼzolaridir”, deyiladi xabarda.

IDning oʻzi hujum ortida turganini rasman tasdiqlaganicha yoʻq.

Rasmiylar mazkur hududga olib boruvchi barcha yoʻllarni yopib qoʻyib, mamlakatning boshqa hududlari, jumladan Dushanbeda ham qurollangan nazorat punktlarini tashkil etganlar, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Ekstremizmning kuchayishi

Soʻnggi yillarda Tojikiston ekstremizmning kuchayishiga qarshi kurash olib bormoqda.

Rasmiylarga koʻra, soʻnggi yillarda 1000 dan ortiq tojikistonliklar Suriya va Iroqdagi jangarilar safiga qoʻshilgan.

Tojikistondagi eng taniqli ID aʼzosi Gulmurod Halimov boʻlib, u guruhga tegishli ekani aytilgan 2015-yilgi videoda oʻzining ID safiga qochib oʻtganini eʼlon qilishidan avval IIV maxsus kuchlari boʻlinmasiga rahbarlik qilar edi.

Hozirda uning qayerdaligi nomaʼlum. Qoʻshma Shtatlar uning qoʻlga olinishiga yordam beradigan maʼlumot uchun 3 million dollar (29,1 million somoniy) mukofot puli vaʼda qilgan.

May oyida Tojikistondagi qamoqxonada yuz bergan gʻalayonnatijasida kamida 32 kishi, jumladan 19 nafar ID aʼzosi va bir nechta qoʻriqchi halok boʻlgan edi.

2018-yilning iyul oyida “ID” tarafidan xorijlik velosipedchi sayyohlarga qilingan hujum natijasida toʻrt kishi oʻlgan, ikkitasi ogʻir jarohatlangan.

Tojikiston dunyodagi eng yirik afyun va geroin ishlab chiqaruvchi mamlakat – Afgʻoniston bilan 1344 kilometrlik umumiy sarhadlarga ega.

Chegarada otishmalar bilan birga, afgʻon kontrabandachilarining tojik fuqarolarini garovga olishi va ularni hibsdagi odamfurushlarga ayirboshlashi bilan bogʻliq voqealar tez-tez yuz berib turadi.

ID: omadsizlik va chekinish

Soʻnggi xabarlardan maʼlum boʻlishicha, endilikda yoʻqlikka yuz tutgan “Islomiy davlat” va uning “xalifaligi” oʻz eʼtiborini Afgʻoniston va unga yaqin boʻlgan boshqa mamlakatlarga qaratmoqda.

ID 2019-yilning mart oyida Suriyada kurd koʻngilli askarlarini oʻz ichiga olgan kuchlar koalitsiyasi tomonidan magʻlub etilgani xabar qilindi.

May oyida ID “Pokiston viloyati” tashkil etilgani eʼlon qilar ekan, uning “Hind viloyati” boʻlimi Kashmirning Hindiston tomonidan boshqariladigan hukumat kuchlari tomonidan hujumga uchraganini aytgan.

31-oktabr kuni ID oʻz lideri Abu Bakr al-Bagʻdodiyning vafot etganini tasdiqladi va Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni uning vorisi deb eʼlon qildi.

2014-yildan beri IDga rahbarlik qilgan va dunyo boʻyicha qidiruvdagi eng xavfli shaxs boʻlgan Al-Bagʻdodiy 26-oktabr kuni AQSHning maxsus kuchlari tomonidan Suriyaning Idlib viloyatida oʻtkazilgan reyd chogʻida oʻldirilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Kremlning fitnasiga oʻxshayapti.

Javob berish

Men ham shunday deb oʻylayman

Javob berish