Karvonsaroy
Terrorizm

Qamoqdagi qozogʻistonlik ID aʼzosi radikallashuvdan va yoshlikning zoye ketganidan afsusda

Aydar Ashimov

Suriyada “Islom davlati” (ID) safida jang qilgan Baxtiyor Ibrayev oʻz qilmishidan pushaymon ekanligini aytmoqda, MXQ hujjatli filmidan olingan lavha.

Suriyada “Islom davlati” (ID) safida jang qilgan Baxtiyor Ibrayev oʻz qilmishidan pushaymon ekanligini aytmoqda, MXQ hujjatli filmidan olingan lavha.

NUR-SULTON – “Islom davlati”ning (ID) tashviqotidan taʼsirlangan Baxtiyor Ibrayev 2013-yil Suriyaga borib, guruh safiga qoʻshilgan.

Uning oʻzi bu qarorini hayotidagi eng katta xato deb atadi.

“Ayblov va nadomat” deb nomlangan hujjatli filmda 34 yashar Ibrayev radikallashuv tomon bosib oʻtgan yoʻli haqida soʻzlab berdi. Ayni damda u terrorizmda ayblanib sud qilinmoqda.

30-oktabr kuni Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) tomonidan YouTube tarmogʻiga joylangan filmda Ibrayev 2007-yilda Qozogʻistondan Misrga uchib ketganini yodga oldi. 2008-yilda u Pokistonning Vaziriston qabila hududlarida qurolli “jihod” boshlagan.

Suriyadagi ID jangarilari, oʻtgan yil oktabr oyida guruh aʼzolari tomonidan olingan surat. (Fayl)

Suriyadagi ID jangarilari, oʻtgan yil oktabr oyida guruh aʼzolari tomonidan olingan surat. (Fayl)

2013-yilda Suriyaga oʻtib, u yerda jang qilgan va jarohatlangan.

Suriyada Abu Ali ismi bilan tanilgan Ibrayev 2019-yilda kurd kuchlari tomonidan qoʻlga olingan. Qozogʻiston hukumati “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida uni ayoli va besh nafar farzandi bilan vataniga qaytarib olib kelgan. 2019-yilgi ushbu insonparvarlik tadbiri davomida Suriya va Qozogʻiston oʻrtasida bir nechta aviareys amalga oshirilib, deyarli 600 nafar qozogʻistonlik Suriyadan qaytarilgan.

U “Jusan” operatsiyasi doirasida olib kelingan, Suriyadagi terrorchilik faoliyatiga aloqador, sudlangan yoki hozirda sudlanayotgan 29 shaxsning biridir.

Filmda Ibrayev Qozogʻistonda qanday qilib ekstremistik harakatga jalb qilingani haqida soʻzlab berdi.

“Masjiddagi ayrim yoshlar boshqacha namoz oʻqiyotganlarini koʻrib, ular bilan muloqot qila boshladim”, dedi u. “Ularning tavsiyasi bilan Saudiya adabiyotlarini oʻqiy boshlaganman ... Shu tariqa asta-sekin harakatga qoʻshilib qolganman.”

“Vaqt oʻtishi bilan ishonishni boshlaysiz”

U bunday adabiyotlar terrorchilik tashkilotlari tarafidan yoshlarni yollash uchun tarqatilishini aytadi.

“Oʻshanda musulmon birodarlarimiz urush avj olgan davlatlarda azoblanayotganini va biz ularga yordam berishimiz kerakligini aytib tashviqot qilishgan”, deb qoʻshimcha qildi Ibrayev. “Vaqt oʻtishi bilan bunga ishona boshlaysiz. Yosh edim, 17 yashar boʻlganman va shu davrga xos maksimalizm qarashlariga ega edim.”

Ekstremizm “targʻiboti” u oʻqishga borgan Misr maktabida davom etgan. 2008-yilda esa Ibrayev “Shariat qonunlari ustuvor boʻlgan dunyo” tashviqotiga ishonib Misrdan Pokistonga joʻnab ketgan.

“Suriyada urush boshlanganida koʻpchilik oʻsha yerga keta boshladi. Pokistonda istalgan shariatni topmadik va Suriyada unga erishishga ishongan edik. U yerda IDning kuchli targʻiboti olib borilayotgan edi, ularning videolarini tomosha qilganmiz”, deb eslaydi Ibrayev.

Suriyada IDning qozoq jamoasi safida jang qilgan Ibrayev “oʻlishni istamasligini” va “ID undan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanayotganini” fahmlagan.

“Bularning barini anglaganimda, u yerni tark etish mushkul boʻlib qolgan edi”, dedi u. “ID xavfsizlik tuzilmasi qochishni istaganlarni qoʻlga olar va qatl qilardi.”

Qoʻshma Shtatlar uyga ketishni istaganlarni evakuatsiya qilish tashabbusini boshlab berdi va u “Jusan” operatsiyasidan mamnun boʻlganini aytib oʻtdi.

Kechirim soʻrash

“Yoʻqotgan yillarim uchun afsusdaman”, dedi Ibrayev. “Normal hayotga qaytaman deb umid qilaman ... Bizdan foydalanishganini jamiyat tushunishidan umidvorman. Yagona tilagim bor: qamoqdan chiqqanimdan keyin yaqinlarim oldiga qaytishga va ularning, onamning meni kechirishiga munosib shaxs boʻlishni xohlayman.”

Ibrayevning ID faoliyatidagi ishtirokidan hafsalasi pir boʻlgani “Jusan” operatsiyasida vataniga qaytganlar orasida keng tarqalgan holatdir.

Sentyabrda KTK telekanali sakkiz yillik qamoqqa hukm qilingan 37 yashar Maxambet Kajipanovning intervyusini efirga uzatgan edi.

Intervyuda Kajipanov uni bor-yoʻgʻidan ayirgan IDdan nafratlanishini aytgan.

“ID qoʻl ostidagi Suriyada birodarlik yoki yordam yoʻq. Odamlar azoblanmoqda. Bizga oʻxshagan odamlarni oʻldirayotgani uchun ular mening birinchi raqamli dushmanimga aylangan. Biz aldandik”, dedi u.

Jusan operatsiyasi doirasida vataniga qaytarilgan 26 yashar Dias Raxmetov sentabr oyida Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bergan intervyusida diplomat boʻlish imkoniyatidan voz kechganini aytib oʻtgan. U Suriyada omon qolganini moʻjiza deb atagan.

“Tashviqot videolariga ishongan, natijada Suriyaga joʻnab ketgan men va boshqalar emotsional beqaror odamlarmiz”, dedi Raxmetov. “ID hech kimni qoʻyib yubormaydi, ular odamlarni harbiy tayyorlov lagerlariga yoki xudkushlik missiyalariga yuboradilar. Ikkilangan odamni koʻrishsa qamab qoʻyishadi yoki qatl qilishadi.”

Hozirda Raxmetov toʻqqiz yillik qamoq jazosini oʻtamoqda.

Umidsizlik, ogʻriq va azob-uqubat

Radikallashuv va ekstremistlar safiga qoʻshilganlarni kutayotgan oqibatlar boshqalar uchun kuchli saboq boʻlishi kerak, deydi Beybit Aspan (“Tinch osmon”) nodavlat tashkiloti rahbari, tarazlik Ruslan Seksenbayev.

Qoʻlga olingan jangarilar “qilmishiga pushaymon va jamiyatdan chin dildan kechirim soʻramoqda, ammo ular oʻz jinoyati uchun qatʼiy jazoga tortiladi”, dedi u.

“Bunday filmlar namoyish qilinishi lozim – ularning qahramonlari oʻz umidsizliklari haqida chin dildan soʻzlaydilar”, dedi Seksenbayev. “Ogʻriq, azob-uqubat, oʻlim – oʻzining tinch hayotini terrorchilik guruhlariga alishtiradiganlarni shu narsalar kutadi”.

Shunga qaramay, u muammoning ochiq gapirilayotgani va muhokama qilinayotgani, shuningdek, Qozogʻistonning “21-asr fojiasi – terrorizmga qarshi kurash yoʻlidagi” keng koʻlamli choralarini koʻrishdan mamnun ekanligini aytgan.

“Soʻnggi vaqtlarda men jurnalistlar, jamoatchilik faollari va albatta davlatning jangovar ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda birgalikda choralar koʻrayotganiga guvoh boʻlyapman”, deya qoʻshimcha qildi u.

“Fikrimcha, huquq-tartibot choralaridan tashqari, diniy masalalarni tushuntirishning eng samarali usuli – ommaviy axborot vositalarini ishga solish va diniy mutaxassislarning radikal kayfiyatdagi odamlar bilan bevosita muloqotini yoʻlga qoʻyishdir.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500