Karvonsaroy
Xavfsizlik

Astana Club majlisi ishtirokchilari Qozogʻistonni xalqaro vositachi sifatida eʼtirof etdilar

Aydar Ashimov

Tahlilchilar Ostonadagi Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti (JISI) tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalarini taqdim etdilar, Ostona klubi, Nur-Sulton, 11-noyabr. (JISI)

Tahlilchilar Ostonadagi Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti (JISI) tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalarini taqdim etdilar, Ostona klubi, Nur-Sulton, 11-noyabr. (JISI)

NUR-SULTON – Shu hafta Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan Ostona klubi majlisida dunyoning turli burchaklaridan kelgan oʻnlab tahlilchilar, diplomatlar va siyosatchilar ishtirok etdi. Guruh Yevroosiyodagi xavfsizlikni muhokama qilib, oʻz eʼtiborini xalqaro munosabatlarga qaratgan.

Dushanba-seshanba (11-12-noyabr) kunlari boʻlib oʻtgan uchrashuv Qozogʻistonning “xalqaro munosabatlardagi barcha ishtirokchilarga ochiq, muhokama uchun mustaqil va neytral maydon” ekanligini koʻrsatdi, deyiladi tadbirni tashkillashtirgan Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti (JISI) bayonotida.

Klub majlisi 2015-yildan beri oʻtkazib kelinadi. Shu kungacha unda 40 davlat, jumladan, Qoʻshma Shtatlar, Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan 200 dan ortiq vakil ishtirok etgan, deyiladi JISI bayonotida.

Uchrashuvda AQShda joylashgan Global xavfsizlik instituti prezidenti Jonatan Granof, Afgʻonistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay, Belgiya sobiq bosh vaziri Iv Leterm, AQSHning “Milliy manfaatlar” markazi prezidenti Dimitri Sayms va boshqalar maʼruza qildilar.

Ostona klubi ishtirokchilarining oʻtgan yilgi uchrashuvi, Nur-Sulton, 2018-yil 13-noyabr. (JISI)

Ostona klubi ishtirokchilarining oʻtgan yilgi uchrashuvi, Nur-Sulton, 2018-yil 13-noyabr. (JISI)

Bu yilgi uchrashuv kun tartibidan xavfsizlikka oid dolzarb masalalar va Yevroosiyoda joylashgan davlatlarning strategik kelajagi oʻrin oldi.

Qozogʻistonning birinchi prezidenti fondi JISI tadqiqoti natijalarini taqdim etdi, unda 2020-yilda Yevroosiyo duch kelishi mumkin boʻlgan asosiy tahdidlar sanab oʻtilgan.

Tadqiqotda qirqqa yaqin mutahassis va siyosatchilar, jumladan xalqaro institutlar, yirik ommaviy axborot vositalari ishtirok etgan. Tadqiqot mualliflari 70 ta davlatda 1100 dan ortiq odam orasida soʻrov oʻtkazishgan, deyiladi fond xabarida.

Terrorizmning yangidan avj olishi, agressiv millatchilik va populizm eng asosiy tahdidlar sifatida eʼtirof etilgan.

[ID (Islom davlati)] tor-mor etilganiga qaramay, terrorchilik guruhlari oʻz faoliyat geografiyasini kengaytirib, taraqqiyotning yangi bosqichidan oʻtmoqda”, deyiladi tadqiqotda.

“Bu xavfli evolyutsiyaning mahsuli “oʻz-oʻziga xoʻjayin” boʻlgan gibrid shaxslardir. Bir vaqtning oʻzida, musulmon va migrantlarga qarshi qaratilgan “oq tanlilar” terrorchiligi va boshqa dinlar tomonidan amalga oshirilayotgan terrorchilik ham avj olmoqda”, deyilgan hujjatda.

Tahlilchilar, shuningdek, terrorchilar tomonidan qoʻllanishi va “mudhish” oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan kiber-qurollar xavfi haqida soʻzladilar.

Yigʻilishda yadroviy xavfsizlik masalasi ham koʻtarildi va ishtirokchilar yadroviy qurolsizlanish boʻyicha yangi konseptsiya ishlab chiqish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

“Yangi kelishuv “klubning tartibga solish” jarayoni barcha ishtirokchilar, shu jumladan Xitoy uchun ham majburiy boʻlishi lozim. Qozogʻiston yadroviy qurolga ega qudratli davlatlar oʻrtasida vositachilik qilishga tayyor”, deyiladi tashkilotchilar bayonotida uchrashuv chogʻida Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan bildirilgan taklifga asosan. U yadrodan xoli dunyo uchun yetakchilarning Global ittifoqini yaratishga chaqiradi.

“Olovli nuqtalar va yangi urush hududlarining paydo boʻlishi bugungi kun voqeligiga aylandi. Global tahdilar global hamkorlikni talab qiladi. Markaziy Osiyodagi xavfsizlik butun trans-Evroosiyo hamkorligining barqarorligi kafolatidir”, deyiladi Astana Club rasmiy veb-saytida.

Qozogʻiston – xalqaro vositachi

Uchrashuv davomida Sloveniyaning sobiq prezidenti Danilo Turk “Qozogʻiston yadro qurolidan xoli zonalarni yaratish tashabbuslari boʻyicha katta tajribaga ega” ekanini qayd etdi.

Qozogʻiston tashqi siyosati samarali integratsiya, oʻzaro manfaatli hamkorlik va xalqaro ittifoqlar tuzish qobiliyatini namoyish etmoqda, deb taʼkidladi senat raisi Darigʻa Nazarboyeva.

“Qozogʻiston global, xalqaro muammolar va tahdidlarni hal qilishda tashabbuskor va vositachi sifatida yana bir bor maydonga chiqmoqda”, deydi Nur-sultonlik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.

“Oʻtkazilgan jiddiy tadqiqotlar davomida mamlakatlarimiz uchun bir qator asosiy tahdidlar aniqlandi. Ulardan biri terrorizm boʻlib, ID qulaganiga qaramay, u hali ham ulkan muammo boʻlib qolmoqda”, dedi u.

Qozogʻiston aholisi bu kabi xalqaro tadbirlar mintaqadagi xavfsizlik muammolarini hal qilishga yordam berishidan umidvor.

“Poytaxtimizda shunday yirik voqea – koʻzga koʻringan dunyo siyosatchilarining uchrashuvi boʻlib oʻtganidan faxrlanaman”, dedi Nur-Sulton shahrida yashovchi 54 yoshli Oysuluv Ayjanova.

“Ular terrorizm kabi dolzarb masalalarga yechim topadilar deb umid qilaman. Biz, oddiy qozoqlar, yangiliklarni kuzatib boramiz va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolardan xavfsiraymiz”, dedi u.

“Biz qoʻshni davlatlar bilan hamjihatlikda, ekstremizmdan xoli boʻlgan mustaqil mamlakatda, terrorizm va urushlardan qoʻrqmay yashashni istaymiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500