Karvonsaroy
Terrorizm

Internetdan maʼlumot izlaydigan qirgʻizlar soni ortar ekan, ekstremistlarning imkoniyatlari ham kengayib bormoqda

Munara Borombayeva

Bishkek markazida bolalari bilan sayr qilayotgan ona, 31-avgust. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yosh bolalar va ularning ota-onalariga taʼlim berish ekstremistlarga qarshi eng kuchli quroldir. (Melisovskiy)

Bishkek markazida bolalari bilan sayr qilayotgan ona, 31-avgust. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yosh bolalar va ularning ota-onalariga taʼlim berish ekstremistlarga qarshi eng kuchli quroldir. (Melisovskiy)

BISHKEK – Internetdan maʼlumot oluvchi qirgʻizlar soni tobora ortib borar ekan, ekstremistik guruhlar zaif yoshlarni oʻz safiga yollash uchun internetdagi faoliyatini kuchaytirishi mumkinligi borasidagi xavotirlar kuchaymoqda.

Ayni vaqtda Qirgʻizistonda 5,9 mln. internet foydalanuvchisi bor. Bu haqda Qirgʻiziston ichki ishlar vazirligining (IIV) axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari davlat qoʻmitasi xabar bergan.

Bundan tashqari 1,9 mln. kishi “faol foydalanuvchi” yoki turli ijtimoiy tarmoqlarda fikr-mulohaza almashish uchun roʻyxatdan oʻtganlar hisoblanadi, dedi agentlik matbuot kotibi Timur Alxojoyev.

Ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari internetdan daʼvat maqsadlarida foydalangani bois, hukumat shubhali internet ommaviy vositalarini faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan.

Bosh prokuratura xabariga koʻra, joriy yil Qirgʻizistonda 64 veb-sayt, 233 foydalanuvchi hisobi va videokanallar bloklangan yoki ularga kirish cheklangan.

“Internetda alohida tashkilotlar, shuningdek, hukumatning dunyoviy tuzilmalarini kuch bilan yoʻq qilishga intiladigan qurolli guruhlarning terrorchilik va ekstremistik faoliyatlarni targʻib qiluvchi materiallarni tarqatayotgan resurslarga nisbatan shunday choralar koʻrilgan”, deyiladi 23-oktabr kuni Bosh prokuratura eʼlon qilgan bayonotda.

Bayonotga koʻra, internetda jamiyatning din, millat, irq va jins asosida boʻlinishi, shu bilan birga jangarilikka yollash va balogʻatga yetmaganlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish kuchayib bormoqda.

“2019-yilda kiber-terrorchilikka qarshi kurash choralari doirasida, Bosh prokuratura internetda tarqatilgan materiallarni ekstremistik deb topish uchun sudga 19 ta petitsiya topshirgan boʻlib, ular sud tomonidan qanoatlantirilgan”, deyiladi bayonotda.

Onlayn yollash sxemasi

Internetning markazlashtirilmagan va oshkora tartibga solishni qoʻllab-quvvatlaydigan Bishkekdagi “Internet siyosati boʻyicha fuqarolik tashabbusi” nodavlat tashkiloti mutaxassisi Marat Torobekovning soʻzlariga koʻra, jangarilikka yollovchilar turli akkauntlarni kuzatadilar va diniy mavzularga qiziqish bildirgan internet foydalanuvchilarini nishonga oladilar.

Keyin foydalanuvchining postlariga fikr-mulohaza bildirish orqali ular bilan aloqa oʻrnatadilar, dedi Torobekov.

“Fikr-mulohazalar shu tarzda yoziladiki, ularga javob bergingiz keladi”, dedi u. “Shu tariqa aloqa oʻrnatiladi. Avvaliga diniy mavzulardagi suhbatlarda ekstremizmdan asar ham boʻlmaydi. Qiziqish kuchli ekanligini bilganlaridan keyin, ular sizni yopiq guruhlarga taklif qiladilar.”

Torobekovga koʻra, oʻz tizimiga ega boʻlganliklari sababli bu yopiq guruhlarga kirish mushkul. Parollar tez-tez oʻzgartirib turiladi, guruh nomi ham muntazam oʻzgaradi.

“Ular gapni Allohning irodasini bajarishingiz kerakligidan boshlaydilar”, deb qoʻshimcha qildi u. “Bu gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlashni boshlaganingizdan keyin, ular bu davlatda bunday gʻoyalarga ergashish imkonsiz ekanligi va hayot uchun qulay, diniy qonunlarga muvofiq davlatda yashash keraklini aytadilar.”

“Keyin yollashni internetdan hayotga koʻchiradilar. Bu degani, uchrashuvlar, taʼlim berish yoki sizni birdan urush hududlariga yuborishlari mumkin”, deydi Torobekov.

Odatda 20-35 yashar erkaklar va erga tegmagan ayollar nishonga olinadi, dedi u.

“Yolgʻiz ayollarga juft topishga vaʼda beradilar”, dedi Torobekov. “Yollovchilar “salom singlim” deb gap boshlaydilar, keyin esa Alloh uchun turmushga chiqish taklif qilinadi.”

“Iymonli ayollar yoʻq deya olishmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ularga “barcha ish Alloh sendan rozi boʻlishi uchun qilinadi” deyiladi. Nima qilsangiz ham Allohning roziligi uchun qilasiz va jannatga tushasiz.”

Tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish

Ekstremizmga qarshi kurash va reabilitatsiya masalalariga ixtisoslashgan Yuliya Denisenkoning taʼkidlashicha, taʼlim kiber-ekstremizmning oldini olishda eng qudratli vositadir.

Shunga qaramay, u hozirgi taʼlim tizimi kattalar va bolalarga ular koʻrgan va eshitgan narsalariga nisbatan tanqidiy nuqtai nazarni shakllantirishga imkon bermasligidan xavotirda.

“Taʼlim nima uchun kerak? Fikrlash uchun”, deydi “Aziya Grupp” jamoat fondi direktori Denisenko.

“Odam yollovchini aniqlay olishi, uni aldashga harakat qilayotganliklarini tushunishi mumkin, ammo agar taʼlim tizimi ishlamayotgan boʻlsa, uni hech qanday diniy oʻquv kurslari qutqarib qololmaydi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Denisenko bogʻcha yoshidagi bolalarga tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini oʻrgatishni taklif qilgan.

“Kuchli, yoʻldan ogʻishmaydigan sogʻlom shaxslarni tarbiyalash lozim”, - dedi u. “20 yil ichida bu odam ulgʻayib, katta hayotga qadam qoʻyganida, terror tashkilotlarining yollovchilari kabi yoʻlboshchiga muhtoj boʻlmasligi kerak. Tanqidiy fikrlash qobiliyatidan kundalik vosita sifatida foydalana oladigan mustaqil shaxsni tarbiyalash zarur.”

Denisenkoning soʻzlariga koʻra, Yevropaning bir qator davlatlari va Qoʻshma Shtatlarda bolalar bogʻchasidan boshlab doktoranturaga boʻlgan bosqichlar uchun ana shunday taʼlim dasturlari allaqachon ishlab chiqilgan.

“Tanqidiy fikrlashni shakllantirish uzoqqa choʻziladigan jarayon, ammo fikrimcha, bu ekstremizmning oldini olish uchun yagona toʻgʻri yoʻldir”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500