https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/11/18/feature-01
| Iqtisodiyot

Qozogʻiston toʻlov shartlarining ogʻirlashib ketgani sababli Xitoyning moliyalashtiruvidan voz kechdi

Kanat Altinbayev

image

Qozogʻiston kredit yuki sababli yengli relsli transportga oid infratuzilma loyihasini Xitoy orqali moliyalashtirishdan voz kechdi. (Pexels)

OLMAOTA – Nur-Sultondagi uzoq kutilgan yengil relsli transport (YRT) dasturining davom etishi uchun Pekinga qarzlarni toʻlash qiyinlashgach, Qozogʻiston hukumati Xitoy tomonidan moliyalashtirish variantlaridan voz kechishga majbur boʻlgan.

Tahlilchilar Xitoyning “Bir kamar - bir yoʻl” tashabbusi Markaziy Osiyo davlatlarining Pekinga katta miqdorda qarzdor boʻlib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirishi ortidan shunday qaror qabul qilingan.

Yirik moliyaviy qadam haqidagi batafsil maʼlumot 8-noyabr kuni eʼlon qilindi.

2015-yilda Qozogʻiston hukumati Xitoy taraqqiyot banki (XTB) bilan Nur-Sultonda yengil relsli transport (YRT) loyihasini amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolagan.

Loyiha har kuni bir necha soat davomida tirbandlikda yoki 20 darajalik qahraton qish kunlari koʻchada avtobus kutib vaqtini oʻtkazuvchi aksar mahalliy aholi tomonidan olqishlangan edi.

YRT tizimini barpo etish loyihasi tenderga qoʻyilgan paytda, unda Xitoy bilan bir qatorda Ispaniya, Fransiya va Turkiya kompaniyalari ham pudratchi sifatida ishtirok etishgan edi. Yakunda Xitoy korxonasi tanlovda gʻolib chiqdi, deb xabar bergan Tengrinews.kz nashri 2018-yil may oyida.

Taxminiy qiymati 2 mlrd. AQSH dollariga teng loyiha shaharning bir nechta tumanini qamrab olib, 18 ta bekat, yer usti va yer osti oʻtish yoʻllariga ega boʻlishi koʻzda tutilgan edi.

Loyiha 2019-yilning dekabrida tugallanishi kerak edi, ammo shu yilning aprel oyida Nur-Sultonning oʻsha vaqtdagi hokimi Baxit Sultonov Xitoy taraqqiyot banki va shahar hokimiyati keyingi kredit transhining shartlari boʻyicha kelishuvga erisha olmaganidan soʻng, qurilish ishlari toʻxtatilganini maʼlum qilgan.

Moddiy qiyinchiliklar kuchaygani sari ambitsiyalar ham qisqarib bordi. Qayta koʻrib chiqilgan loyihada endi xarajatlarni tejashga oid boshqa oʻzgarishlar qatorida 18 ta emas, 11 ta bekat taklif qilinmoqda.

Sentabr oyida Qozogʻiston Xitoy taraqqiyot bankining 343 million dollarlik (133 milliard tenge) qarzini qaytarib, kreditni foizlari bilan muddatidan avval va toʻliq yopdi, deb xabar bergan Inbusiness.kz biznes yangiliklar sayti Nur-Sulton transport mutasaddilariga tayanib.

Qarzni yopish uchun, loyiha operatori – Astana LRT obligatsiyalarni chiqarish orqali 420 million dollar (162 milliard tenge) mablagʻ jalb etishga majbur boʻlgan.

Ishchilar koʻtarib turuvchi ustunlarni oʻrnatib boʻlishgan.

“Moliyaviy yukni sezilarli kamaytiradi”

Aprel oyida Nur-Sulton shahar hokimligining matbuot kotibi Elvira Jurgenbayeva “oʻzaro talablarga oydinlik kiritish uchun” xitoyliklar bilan “navbatdagi moliyalashtirish transhlari” yuzasidan kelishilayotganini aytgan edi.

Jurgenbayeva “loyihaga bosimni kamaytirish va moliyalashtirish shartlarini yengillashtirish maqsadida, shahar hokimiyati hukumat bilan birgalikda loyihani milliy valyutadagi ichki moliyalashtirish manbalaridan foydalangan holda amalga oshirish variantlarini koʻrib chiqayotganini” qoʻshimcha qilgan edi.

Oxir-oqibat, may oyida, Qozogʻistonning iqtisodiyotni modernizatsiyalash masalalari boʻyicha davlat komissiyasi loyihani qayta moliyalashtirishga qaror qildi va Astana LRT hukumat kafolati bilan taʼminlangan 1,5 milliard dollarlik obligatsiyalarni chiqardi.

“Obligatsiyalar chiqarish evaziga Xitoy taraqqiyot banki bergan kreditdan voz kechish ... mamlakat budjetiga moliyaviy yuklamani sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi”, deb yozgan Inbusiness.kz nashri.

8-oktabr kuni jurnalistlar bilan uchrashgan Nur-Sultonning amaldagi hokimi Altay Kulginov xalqaro majburiyatlar shartlari – Xitoy oldidagi majburiyatlar YRT loyihasini osonlikcha toʻxtatishga imkon bermaganini tan oldi.

“YRT loyihasidan voz kechishning oqibatlari moliyaviy majburiyatlar masalasida ancha jiddiy boʻladi. Shu bois biz optimallashtirish yoʻlidan borib, Xitoy kreditidan voz kechdik” dedi u.

“Yakunda biz umumiy summaga nisbatan 800 million tengedan (2,1 million dollar) koʻproq mablagʻni qaytarishga majbur boʻlar edik, shuning uchun undan voz kechdik”, deb qoʻshimcha qildi u.

Olmaotada joylashgan Risklarni baholash guruhi direktori Doʻsim Satpayevning taʼkidlashicha, Xitoy infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish masalasida eng avvalo oʻz manfaatlarini koʻzlaydi va Qozogʻistonning manfaatlarini inobatga olmaydi.

“Qozogʻistonning xatti-harakatlari Xitoy manfaatlariga zid kelib qolgudek boʻlsa, Pekin keskin siyosat yurita boshlaydi”, dedi Satpayev.

Sizga maqola yoqdimi?
2
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha