Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ichki ishlar tizimidagi islohotlar Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralariga boʻlgan ishonchni yaxshiladi

Maksim Yeniseyev

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining turistik politsiyasi xodimi poytaxtda boʻlib oʻtgan koʻrgazma chogʻida, 13-noyabr kuni olingan surat. (Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi)

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining turistik politsiyasi xodimi poytaxtda boʻlib oʻtgan koʻrgazma chogʻida, 13-noyabr kuni olingan surat. (Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi)

TOSHKENT – Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, huquq-tartibot idoralaridagi islohotlar Oʻzbekistonni yanada xavfsizroq mamlakatga aylantirdi.

Noyabr oyida “Gallup” xalqaro ijtimoiy soʻrov tashkiloti tomonidan chop etilgan “Global Law and Order” hisoboti Oʻzbekiston – huquqni muhofaza qilish idoralari aholi ishonchini qozongan xavfsiz mamlakat ekanligini tasdiqlagan.

Qonun va tartib indeksi reytingida Oʻzbekiston Turkmaniston va Shveytsariya bilan birga toʻrtinchi oʻrindan joy olgan.

Singapur reytingda yetakchi boʻldi, Tojikiston esa ikkinchi oʻrinda. Eng oxirgi oʻrinda Afgʻoniston qayd etilgan.

Toshkentda yoʻl harakati xavfsizligi noziri bodi-kamerani sinovdan oʻtkazmoqda, noyabr oyida olingan surat. (Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi)

Toshkentda yoʻl harakati xavfsizligi noziri bodi-kamerani sinovdan oʻtkazmoqda, noyabr oyida olingan surat. (Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi)

Reyting toʻrtta savolga respondentlardan olingan javoblar asosida tuzilgan boʻlib, ular mahalliy huquq-tartibot idoralari faoliyati, yolgʻizlikda sayr qilish vaqtidagi xavfsizlik hissi va jinoyatchilikka doir savollar boʻlgan.

Savollar quyidagicha edi: “Yashab turgan shahringiz yoki hududingizdagi mahalliy huquq-tartibot organlariga ishonasizmi?”, “Yashayotgan shahringiz yoki hududingizda kechalari sayr qilishda oʻzingizni xavfsiz his qilasizmi?”, “Soʻnggi 12 oy ichida oʻzingiz yoki oila aʼzolaringiz pul yoki mulk oʻgʻirlatganmi?” va “Oxirgi 12 oy ichida sizga hujum qilishdimi yoki tunashdimi?”

Ichki ishlar tizimidagi islohotlar

Ishonchning ortishini 2017-yilda Oʻzbekistonda huquqni muhofaza qilish idoralarida olib borilgan fundamental islohotlar bilan izohlash mumkin, deydi tahlilchilar. 2021-yilgacha 78 ta innovatsiya joriy qilish koʻzda tutilmoqda .

Bular jumladan, xodimlarni reytinglash tizimi, axloq va muomala madaniyati kodeksini joriy qilish va Ichki ishlar vazirligi (IIV) xodimlarining malakasini oshirish instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyishni oʻz ichiga oladi.

Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari internet va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni kuchaytirib , aholining shikoyat va takliflariga javob bermoqdalar.

Aholining ishonchini oshirish va huquq-tartibot xodimlarining imijini yaxshilash uchun, IIV xodimlarning yozma va ogʻzaki muloqot koʻnikmalarini takomillashtirishga qaratilgan maxsus kurslarni ham tashkil etdi. Iyuldan noyabrgacha oʻtkazilgan bu kurslarda yigirma besh kishi ishtirok etgan.

“Aholi bilan muloqotni yoʻlga qoʻyishda ichki ishlar xodimining nutq madaniyati muhim rol oʻynaydi”, dedi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Rustam Hotamov 9-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan sertifikatlarni topshirish marosimida.

Shuningdek, korruptsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari doimiy eʼtiborda. Oʻtgan yil dekabr oyidan boshlab Toshkentdagi sinov loyihasi doirasida Oʻzbekistonda YPX xodimlariga bodi-kameralar berila boshlangan.

Kameralardan YPX xodimlari faoliyati shaffofligini taʼminlash uchun foydalaniladi. Sinov muvaffaqiyatli oʻtsa, ularni butun mamlakat boʻylab joriy etish rejalashtirilmoqda, deb xabar bergan IIV.

Shu bilan birga, endi Oʻzbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari ochiq tanlov asosida xizmatga jalb etiladi.

23-noyabrgacha Toshkentda patrul zobitlarining vakant lavozimlariga tanlov davom etyapti.

Nomzodlar bakalavr darajasiga ega va harbiy xizmatni oʻtagan boʻlishi, boʻyi 175 santimetrdan kam boʻlmasligi va 30 yoshdan oshmagan boʻlishi lozim.

Bunday islohotlar ichki ishlar organlarining imijini yaxshilabgina qolmay, Toshkentni yanada xavfsiz shaharga aylantirgan. Rasmiy statistikaga koʻra, 2019-yilning birinchi yarmida shahardagi jinoyatchilik darajasi 18,7 foizga kamaygan.

Ushbu ijobiy oʻzgarishlarni Toshkentning “Xavfsiz poytaxt” kontseptsiyasi bilan izohlash mumkin, dedi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi vakili Irina Sayfutdinova 19-iyul kuni boʻlib oʻtgan brifingda.

“Ichki ishlar idoralarining resurs va vositalaridan foydalangan holda tunu kun davomida uzluksiz, uch smenali patrul nazorati joriy etildi. Bu kechki va tungi vaqtlarda jinoyatlarni keskin kamaytirish imkonini berdi. Boshqa huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi”, dedi Sayfutdinova.

Hozirda ichki ishlar xodimlari chaqiruv joyiga besh-yetti daqiqada yetib bormoqdalar, kelajakda bu muddatni yanada kamaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, jinoyatlar va huquqbuzarliklar profilaktikasi, koʻchalar, hovlilar va yoʻlaklarni kuzatuv kameralari bilan qamrab olish koʻzda tutilmoqda.

“Eski davrlar” oʻtdi

“Agar menga besh yil oldin oʻzbek politsiyasi oʻz imijini muvaffaqiyatli oʻzgartira oladi, deyishganida, ishonmasdim”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xon.

“Bu imkonsiz vazifadek tuyular edi, sababi aholi keng quloch yoygan korruptsiya, qoʻpollik va shafqatsizlik tufayli ichki ishlar idoralaridan nafratlanar edi”, dedi Xon.

“Ammo endi hammasi oʻzgardi”, dedi u. “Ehtimol, bu soʻnggi yillarning eng muvaffaqiyatli islohotlardan biridir. Oʻylaymanki, rahbariyatning xohish-istagi kuchli boʻlgani sabab, hammasi muvaffaqiyatli kechdi.”

“Ilgari pogonlarni faqat tanish-bilishchilik bilan olish mumkin boʻlgan, tasodifiy odamlarning tizimga kirishiga yoʻl qoʻymaydigan koʻplab yashirin toʻsiqlar bor edi”, dedi Xon.

Sovet davrida GAI deb ataladigan Yoʻl harakati xavfsizligi nozirlari Oʻzbekiston ichki ishlar tizimidagi korruptsiyaning ramzi edilar, deydi toshkentlik haydovchi Asadulla Hamroyev.

“U davrlar endi oʻtdi, deb ochiq ayta olaman”, deydi u. “Ular pora soʻramay qoʻyishgan, ilgari bu juda keng tarqalgandi. Tushlikka pul tashlab keting, deb qogʻozga oʻrab gapirishardi. Endi bu narsalar yoʻq.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500