BISHKEK – Xorijdagi qurolli mojarolarda va terrorchilarni tayyorlash jarayonida ishtirok etgani uchun sudlangan qirgʻizistonlik ayol ixtiyoriy ravishda ekstremistik mafkuradan voz kechdi, deb xabar beradi 24.kg dushanba (18-noyabr) kuni Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasiga (GKNB) tayanib.
Oʻsh viloyatida tugʻilgan T.D. ismli ayol “qilmishiga pushaymon boʻlib, xato yoʻlga kirganini tan olar ekan, mamlakat aholisini diniy ekstremistik tashkilotlardan hazir boʻlishga va ularga qoʻshilmaslikka chaqirdi”, deyiladi GKNB bayonotida.
Ayollar koʻpincha Internetda ekstremist-yollovchilar nishoniga aylanadilar, deydi Bishkekdagi nodavlat tashkilot – Internet siyosati boʻyicha jamoatchilik tashabbusi mutaxassisi Marat Torobekov.
Odatda, ular turmush qurmagan ayollardir, dedi u.
“Yolgʻiz ayollarga er vaʼda qilinadi”, dedi Torobekov. “Ular (yollovchilar) “assalomu alaykum, singlim”, deb gap boshlaydilar, keyinroq suhbat asnosida ularga Alloh yoʻlida turmush qurish taklif qilinadi.”
Doimiy tahdid
Ekstremizm Qirgʻiziston yoshlari orasida tahdidligicha qolar ekan, mamlakat qamoqxonalarida terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlarda ayblangan 400 dan ortiq mahbuslar jazo muddatini oʻtamoqdalar.
Qirgʻiziston xavfsizlik idoralari Jazoni ijro etish davlat xizmati bilan birgalikda jazoni oʻtash muassasalaridagi terroristik va ekstremistik tashkilotlar aʼzolarini faol ravishda deradikalizatsiya qilishda davom etmoqdalar.
Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari shubhali internet-saytlarga qarshi kurashmoqda, sababi ekstremistik tashkilotlar yollash uchun internetdan foydalanib kelmoqdalar.
Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda Qirgʻizistonda 64 ta veb-sayt, 233 ta foydalanuvchi hisobi va videokanallarga kirish bloklangan yoki cheklangan.
Internetda ayrim tashkilotlar, shuningdek, davlat hokimiyatining dunyoviy institutlarini kuch bilan yoʻq qilishga qaratilgan qurolli guruhlarning terrorchilik va ekstremistik faoliyatini targʻib qiluvchi axborot materiallarini tarqatadigan manbalarga nisbatan shunday choralar koʻrildi”, deyiladi Bosh prokuraturaning 23-oktabr kungi xabarida.
Xabarda aytilishicha, “Internetda odamlarni diniy, milliy, irqiy va jinsiy mansubligiga qarab ajratish bilan birga, jangarilikka yollash, xususan voyaga yetmaganlarni jinoiy faoliyatga jalb qilish holatlari kuchayib bormoqda”.