Karvonsaroy
Terrorizm

ID safida turkmanlarning borligi mamlakatda radikallashuv kuchaygani borasida xavotir uygʻotmoqda

Jumaguli Annayev

2016-yil iyun oyida Istanbul politsiyasi jinoyat sodir etishda ayblangan turkmanistonlik migrantni hibsga olgan. Oʻtgan hafta Turkiya hukumati “Islom davlati”ga (ID) aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan olti Turkmaniston fuqarosini vataniga qaytardi. Guruhning oʻzi mart oyida koalitsiya hujumi ortidan Suriyadagi soʻnggi hududini boy bergan edi. [Turk televideniyesi kadrlari, Jumaguli Annayev]

2016-yil iyun oyida Istanbul politsiyasi jinoyat sodir etishda ayblangan turkmanistonlik migrantni hibsga olgan. Oʻtgan hafta Turkiya hukumati “Islom davlati”ga (ID) aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan olti Turkmaniston fuqarosini vataniga qaytardi. Guruhning oʻzi mart oyida koalitsiya hujumi ortidan Suriyadagi soʻnggi hududini boy bergan edi. [Turk televideniyesi kadrlari, Jumaguli Annayev]

ASHXOBOD – Kuzatuvchilarning aytishicha, xorijda “Islom davlati” (ID) terrorchilik guruhiga qoʻshilgan turkman fuqarolarini hibsga olish davom etar ekan, Turkmaniston hukumati mamlakatda radikallashuv sabablarini bartaraf etishga jiddiy kirishmogʻi zarur, degan xavotirlar kuchaymoqda.

Turkiya “ID”ga aloqadorlikda ayblanib qoʻlga olingan olti nafar Turkmaniston fuqarosini vataniga topshirdi, deb xabar bergan 13-noyabr kuni Turkiyaning Hurriyet nashri.

Fuqarolari ID jangarisi sifatida Turkiyada hibsga olingan davlatlar roʻyxatiga Turkmaniston ham kiritilgan, deb yozadi nashr. Roʻyxatda, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Rossiya va Eron ham bor.

Turkiyadan umumiy hisobda 959 nafar mahbus ekstraditsiya qilinishi koʻzda tutilgan, ulardan 82 tasi Oʻzbekiston, 23 tasi Qirgʻiziston, 21 tasi Tojikiston va 10 nafari Qozogʻiston fuqarosidir.

“Islom davlati”ga qarashli OAV tomonidan iyun oyida chop etilgan surat: Afgʻoniston togʻlaridagi ID jangarilari. [Fayl]

“Islom davlati”ga qarashli OAV tomonidan iyun oyida chop etilgan surat: Afgʻoniston togʻlaridagi ID jangarilari. [Fayl]

Roʻyxatga koʻra, ID safiga qoʻshilganlarning eng koʻpi – 99 kishi – Rossiya fuqarolari hisoblanadi.

ID aʼzolari Turkiya xavfsizlik idoralari tomonidan 2019-yil boshidan beri amalga oshirilgan jami 1201 ta operatsiya davomida qoʻlga olingan, deb xabar beradi Hurriyet.

Nashrning yozishicha, “ular (ID aʼzolari) shu yil oxiriga qadar oʻz mamlakatlariga ekstraditsiya qilinadi.”

ID jangarilarining bir qismi Suriyadagi janglar chogʻida asirga olingan boʻlsa, boshqalari koalitsiya zarbalaridan qochayotganida yoki Suriya-Turkiya chegarasini noqonuniy ravishda kesib oʻtmoqchi boʻlganida ushlangan, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining turkman xizmati Turkiya OAVga tayanib. Suriyada asirga olinganlar qanday qilib turklarning qoʻliga tushib qolgani maʼlum emas.

Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi (IIV) Jazoni ijro etish xizmati xodimi Xalikning (uning familiyasi va lavozimi xavfsizlik vajidan oshkor qilinmagan) aytishicha, Turkmanistonga deportatsiya qilingan shaxslarni qattiq jazo kutmoqda.

Ular Ovadandepe qamoqxonasining maxsus qismiga joylashtiriladi, u yerda vahhobiylik va boshqa diniy oqimlarga mansublikda ayblangan mahkumlar uchun alohida joy ajratilgan, dedi u.

Ashxobodning rasmiy pozitsiyasi

Turkmaniston rahbarlari mamlakatning terrorizmga qarshi kurashib kelayotgani va global hamjamiyatning ushbu tahdidga qarshi samarali xalqaro mexanizmlarni yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlaganlar.

“Biz BMTning terrorizmga qarshi kurash boʻyicha global strategiyasini toʻliq amalga oshirish tarafdorimiz”, degan edi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 25-oktabr kuni Bokuda boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakatining XVIII sammitida.

Biroq, Turkmaniston IIVning Uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash boʻlimi xodimi A. Ixlosning aytishicha, hukumat mamlakatda radikallashuvning tub sabablarini bartaraf etish uchun yetarli choralar koʻrmagan.

“Alkogolizm yoki giyohvandlikdan xalos boʻlish uchun bemorga uning kasal ekanligini oshkora aytish psixologik jihatdan juda muhim. Bu ekstremizmga qarshi kurashga ham taalluqli”, deydi Ixlas Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan misol keltirib.

“Mintaqadagi qoʻshnilarimiz ID safiga qoʻshilgan fuqarolari haqida ochiq-oydin gapiradilar”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ular jangarilarning ayollari va bolalarini oʻz vatanlariga qaytarish choralarini koʻrib, ularga oʻtmishni unutishga va yangi hayot boshlashga yordam bermoqdalar. Biz esa yo sukut saqlaymiz, yoki bor narsani inkor etamiz. Bu esa yaxshi emas”.

2019-yilda Ozodlik radiosining turkman xizmati, “Reyter” va kurdlarning “Ifrot” yangiliklar agentligi Suriyadagi ID jangarilari orasida Turkmaniston fuqarolari aniqlangani haqida xabar bergan edi.

ID va boshqa terrorchi guruhlarga qoʻshilgan turkmanistonliklarning aniq soni oshkor etilmagan. Hukumat turkmanlarning chet eldagi qurolli mojarolardagi ishtiroki, shuningdek, ID safiga yollash bilan shugʻullangan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni yashirib keladi.

Ashxоboddagi kuzatuvchilarga koʻra, koʻpgina turkman fuqarolari radikallashuv taʼsiriga tushganlar va hukumat uchun bu muammoga qarshi qatʼiy chora koʻrish, fuqarolarni ekstremistik tashkilotlarga qoʻshilishga undovchi shartlar va omillarni bartaraf etish vaqti kelganini hech kim inkor etolmaydi.

Terrorizmning ijtimoiy ildizlari

Barcha turdagi jinoyatlar ijtimoiy ildizlarga ega, deydi IIVning uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha mutaxassisi Ixlos.

“Turkmanlarning aksariyati moʻtadil Islomga amal qiladi. Ular aqidaparast emas. Kimdir radikalizm taʼsiriga tushsa, bu mafkuraviy emas, balki iqtisodiy sabablarga koʻra boʻladi”, dedi u.

Ashxobodlik siyosiy tahlilchi Perxat Rejepov ham bu fikrga qoʻshiladi.

Uning aytishicha, ishsizlik, inflyatsiya va turkman manatining qadrsizlanishi kabi muammolar turkmanlarni xorijda ish izlashga majbur qilib, jangari guruhlar nishoniga aylantirmoqda.

“Tasavvur qiling, bir yigit koʻp soatlik qora ish uchun kuniga 7-10 dollar (24,6-35,1 turkman manati) ishlash uchun Turkiyaga kelsa, jangarilikka yollovchi unga janglarda qatnashish yoki bir martalik terakt sodir etish uchun 50, 100, 1000 dollar [175.5, 351, 3510 turkman manati] taklif qiladi. Nima deb oʻylaysiz, u tez va moʻmay pul ishlab olish vasvasasiga qarshi tura oladimi? Menimcha yoʻq”, dedi Rejepov.

“Hibsga olingan turkman fuqarolari Islom yoʻlida emas, balki moddiy ahvolini yaxshilash uchun jihodga kirganliklarini tan olgani haqida internetda videolavhalar bor”, deb qoʻshimcha qildi u.

4-sentabr kuni Ozodlik radiosining turkman xizmati soʻnggi 10 yil ichida 1,9 million Turkmaniston fuqarosi chet elda ishlash yoki oʻqish uchun mamlakatni tark etgani haqida xabar bergan edi.

“Guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, pul topish uchun xorijga chiqqanlar orasida hoyu havasga qarshi tura olmaydiganlar topilishi aniq”, dedi Rejepov.

AQSHdagi “Soufan Group” tahlil markazi maʼlumotlariga koʻra, 2017-yilda 400 ga yaqin Turkmaniston fuqarolari Suriya va Iroqda ID safiga qoʻshilganlar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500