https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/11/22/feature-01
| Inson huquqlari

Huquq himoyasi tashkiloti Bishkekdagi mojaroli maktab masalasida “Gazprom”ni sudga berdi

Kanat Altinbayev

image

“Gazprom”ning Qirgʻizistondagi eng yirik shoʻbasi – “Bishkekgaz”ning yangi ofisi binosi, sanasiz surat. Qirgʻizistonning eng yirik gaz taʼminotchisi – “Qirgʻizgaz”ning 100 foiz aktsiyalarini ramziy 1 AQSH dollariga sotib olgach, kompaniya mahalliy aholiga oʻta zamonaviy umumtaʼlim maktabi qurib berishni vaʼda qilgan edi. Buning oʻrniga esa qimmatbaho xususiy maktab barpo etilgan. (Gazprom)

BISHKEK – Rossiyaning energetika sohasidagi giganti – “Gazprom” Bishkekdagi zamonaviy oʻrta maktabga egalikni qoʻlga kiritar ekan, davlat taʼlim muassasalari xususiy tashkilotlarga topshirilishi qonunga xilof ekanini daʼvo qilayotgan huquqbon tashkilotlardan biri kompaniyani sudga berdi.

Joriy yilda “Gazprom” tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan maktab avvaliga hokimiyat balansida edi. Keyinchalik unga egalik huquqi “Gazprom”ga berilgan.

15-noyabr kuni Bishkekdagi “Nashe pravo” (Bizning huququmiz) nodavlat tashkiloti umumtaʼlim maktabiga egalik Rossiya kompaniyasiga topshirilishiga eʼtiroz bildirib, kompaniyani sudga berdi.

“Gazprom” qonunga zid ravishda maktabga egalik qilmoqda, deydi “Nashe pravo” tashkiloti vakili Svetlana Antropova.

image

“Gazprom” tomonidan Bishkekda barpo etilgan yangi maktab, sanasiz surat. “Gazprom” umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻrniga qimmat xususiy maktab qurgan va “20 foiz oʻquvchilar nogiron bolalardan iborat boʻladi” degan vaʼdasida turmagan. (Oybek Saydikulov)

“Maktabni “Gazprom” tasarrufiga oʻtkazish masalasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi kerak edi, ammo bunday qilinmagan”, dedi Antropova.

“Shahar tasarrufidagi mulk, jumladan maktab ham Bishkekda yashovchi qirgʻiz fuqarolariga tegishli. Maktabda oʻqish uchun haq olinmasligi kerak.”

Oʻrta sinfga joy yoʻq

Bishkekdagi “Gazprom” maktabi ochilmasidan turib, mojaro markaziga aylangan edi.

Kompaniya mahalliy aholiga nogiron va kam taʼminlangan, ijtimoiy nochor oilalarning farzandlari bepul oʻqiydigan oʻta zamonaviy oʻrta taʼlim maktabi qurib berishni vaʼda qilgan.

“Gazprom” Qirgʻizistonning eng yirik gaz taʼminotchisi – “Qirgʻizgaz”ning 100 foiz aksiyalarini ramziy 1 AQSH dollariga sotib olayotganida shunday vaʼdalar bergandi.

Buning evaziga Rossiya kompaniyasi besh yil ichida Qirgʻizistonning gaz infratuzilmasini zamonaviylashtirish va yangilash majburiyatini olgan. Shu bilan birga, u mamlakatda sport va taʼlim inshootlarini qurib berishi ham kerak edi.

Gazprom maktabi joriy yilda oʻz eshiklarini ochdi.

Yangi taʼlim muassasasida 33 ta zamonaviy sinfxona, kompyuter zallari, multimedia kutubxonasi, laboratoriya, auditoriya, 350 oʻrinli oshxona, ikkita sportzal, ikkita usti yopiq basseyn va ochiq sport maydonchasi bor.

Bishkek shahar hokimiyati bu loyihaga 3,5 gektar yer ajratib, maktabgacha boʻlgan yoʻlga asfalt yotqizgan.

Ammo, bu yil yozda ota-onalar maktabdagi taʼlim uchun pul toʻlashi kerakligi, narxlar hatto oʻrtahol qirgʻizistonliklar uchun ham qimmatlik qilishi maʼlum boʻldi.

“Gazprom” maktabida oʻqish uchun bir oylik toʻlov 22 ming qirgʻiz soʻmini (315 AQSH dollari) tashkil qiladi. Rasmiy statistikaga koʻra, 2018-yilda Qirgʻizistonda oʻrtacha maosh 16415 qirgʻiz soʻmiga (235 AQSH dollari) teng boʻlgan.

Farzandlarini oʻqishga joylash uchun maktabning qurib bitkazilishi kutgan ota-onalar “Gazprom”ning bu qarorini “jamiyatga nisbatan qalloblik” deb atadilar.

“Gazprom” avval-boshdan maktabni pulli qilish niyatida boʻlgan, deydi Bishkekdagi “Toza tabiat” nodavlat tashkiloti rahbari, inson huquqlari faoli Anara Dautaliyeva.

“Maktablar kabi ijtimoiy qulayliklar oddiy odamlar uchun yaratilishi kerak, Gazprom esa ularni aldadi va maktabda taʼlim olishdek fundamental imkoniyatdan mahurm qildi”, dedi u. Gazprom oʻz qarorini majburan oʻtkazish uchun hukumatning qayishqoqligidan foydalandi, dedi u.

Imkoniyati cheklangan bolalarni ajratish

Gazpromning aniq va avvaldan belgilangan talablarga, jumladan imkoniyati cheklangan bolalarga bepul taʼlim berish majburiyatidan bosh tortishi aholi va inson huquqlari faollarining noroziligiga sabab boʻldi.

Maktabdagi oʻrinlarning 20 foizi imkoniyati cheklangan bolalarga ajratilishi kerak edi.

Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi (GKNB) bemor bolalarni maktabga qabul qilish jarayonini tergov qilmoqda, dedi Dautaliyeva.

Saralash jarayoni katta ehtimol bilan, korruptsiya va poraxoʻrlik bilan amalga oshirilgan, deydi Dautaliyeva.

Aftidan, Gazprom bemor bolalarni maktabga qabul qilmaslik uchun turli bahonalarni qoʻllagan.

Bishkeklik faollardan biri, RFE/RL radiosi muxbiri Baktigul Chinibayeva oʻzining Facebook sahifasida imkoniyati cheklangan bolalarning maktabga qabul qilinishi uchun tasdiqlangan talablar roʻyxatini joylagan.

Roʻyxat bemor bolalarni “gʻalvirdan oʻtkazish” uchun bir nechta toʻsiqlar yaratgan, jumladan 10 ta turli hujjatni toʻplash va mavjud shartlarga maxsus talablar qoʻyilgan.

Masalan, talablarga koʻra, bola “oʻzini parvarishlay olishi”, “oʻzi harakatlana olishi” va “maktabda kuzatuvchiga muhtoj boʻlmasligi” kerak.

Yana bir talab – “10-band”ga koʻra, intellektual va fiziologik buzilishlarga ega, epilepsiya va asab tizimi kasalliklariga chalingan bolalar maktabga qabul qilinmaydi.

Roʻyxatning oxirgi bandi bemor bolalarini “ijtimoiy yoʻnaltirilgan” maktabga berishni istagan ota-onalarning umidini butkul yoʻqqa chiqaradi: “Bolalar mavjud boʻsh joylarga qarab, sinflarga ajratilgan kvotalar asosida qabul qilinadi”.

Shu tariqa, maktabga kirish baxtiga hamma bolalar, hattoki mezonlarga javob beradiganlari ham muyassar boʻlolmaydi, chunki boʻsh joylar cheklangan. Bunday cheklov esa ijtimoiy zaif qatlamga mansub bolalarni saralashda korruptsiyaga yoʻl ochadi, deb yozadi Chinibayeva oʻzining Facebook sahifasida.

“Alohida parvarishga muhtoj bolalarning onalari avvaliga xursandchilikdan oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qolishdi, yugur-yugurlar bilan hujjatlarni toʻgʻirlashdi. Maktabga kelib, bu qoidalarni koʻrganlarida esa yigʻlab yuborishdi”, dedi u.

“10-band nogiron bolalarni ochiq diskriminatsiya qiladi! Qanaqa inklyuziya? Nega odamlarni aldashadi? Bu puldor elita uchun atalgan maktab boʻlsa, nega umid berishadi?” Gazpromga qoyilmasman!” deb eʼtiroz bildirgan Chinibayeva.

“Eng yomoni, ular xasta bolalarni oʻstirayotgan onalarning huquqlari va umidlarini oyoqosti qilishdi”, deb qoʻshimcha qildi u.

[Ushbu maqolani tayyorlashga Bishkekdan Oybek Saydikulov hissa qoʻshgan.]

Sizga maqola yoqdimi?
21
Yo‘q
Fikrlar 9
Siyosat
Captcha

Men imkoniyati cheklangan bolaning onasiman, biz bu maktabga muammosiz joylashdik. Bolam hozir ikkinchi sinfda. Sharoitlar va oʻqituvchilar aʼlo. Bizning sinfda imkoniyati cheklangan yettita oʻquvchi bor; ular har bir sinfda taxminan shuncha.

Javob berish

Bizdagi hokimiyat hech boʻlmaganda barpo etilgan narsalarni saqlab qola olsa, birinchi boʻlib mitingga chiqqan boʻlardim. Barcha mahalliylashtirilgan obyektlarimizga qarang, avval qanday edi va hozir nima boʻldi: “Megakom”, “Bishkek likyor-aroq zavodi”, “Raxat” va “Vityaz” pansionatlari, “Chatirkoʻl” kinoteatri. Oʻz holicha, xususiy qoʻllarda qoldirishgani maʼqul edi. Farzandlarimizni oʻsha maktabda oʻqitishga qurbimiz yetmayotgani – bizning aybimiz. Demak, yetarlicha pul topmayapmiz.​

Javob berish

Gazpromning nima daxli bor? Oʻzimizdagi oʻgʻrilarni sud qilish kerak.

Javob berish

Odamlar ommaviy axborot vositalaridagi hamma narsaga ishonishi achinarli! Men shu maktab oʻqituvchisiman, sinfimda epilepsiya va boshqa dardlarga chalingan oʻquvchilar bor!!!
Bu yerda kim kimni aldayapti??? Har bir sinfda imkoniyati cheklangan nechta bola borligini soʻrab koʻringchi!

Javob berish

Gazprom parazit

Javob berish

Albatta 95-sonli Qirgʻiz-Xitoy maktabi tajribasii hisobga olish kerak, qanday boshlangan edi va oxiri nima boʻldi.

Javob berish

Yaxshi boʻlibdi. Gazprom – korrupsionerlar toʻdasi.

Javob berish

Toʻgʻri. Gazprom qirgʻizlarni oʻmaryapti.

Javob berish

Oʻgʻrilarga odamlarni oʻmarishga imkon beryapsiz

Javob berish