NUR-SULTON – Juma (22-noyabr) kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Tashkiloti (YXHT) tomonidan Nur-Sultonda oʻtkazilgan seminarda xorijdagi qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan radikal qozoqlarini reabilitatsiya qilishga oid qoʻllanmalar taqdim etildi.
Qoʻllanmalar YXHT, “Xalqaro qamoqxona islohoti” (PRI) tashkilotining Markaziy Osiyodagi idorasi va Birlashgan Qirollik hukumati koʻmagida ishlab chiqilgan.
Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (MXQ) Aksilterror markazi hamda Taʼlim va fan vazirligi huzuridagi Bola huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 30 ga yaqin xodimi qaytib kelganlarni reabilitatsiya qilish usullari va amaliyotlarini muhokama qilishdi.
Tadbirda urush hududlaridan qaytarilgan ayollar va bolalar bilan ishlashda ehtiyoj va xavflarni baholash metodlari, shuningdek, xorijlik jangarilari va ularning oilalarini reabilitatsiya qilish dasturlari muhokama qilindi.
Seminar YXHT tomonidan jangovar ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurash loyihalarini uzoq muddatli qoʻllab-quvvatlash choralari doirasida tashkil etildi.
MXQ maʼlumotlariga koʻra, “Jusan” (Achchiq shuvoq) va boshqa insonparvarlik operatsiyalari doirasida “Islom davlati” (ID) qulaganidan beri jami 57 ta erkak, 220 ta ayol va 547 nafar voyaga yetmagan bola uyiga qaytgan.
Qaytib kelganlardan 44 nafari, jumladan 10 nafar ayol terrorchilik tashkilotiga aʼzolik, xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etish, terrorizmni targʻib qilish, jangarilikka yollash va boshqa terrorchilik harakatlarida ayblanib, 1 yildan 11 yilgacha boʻlgan turli muddatlarga hukm qilingan.
7-8-oktyabr kunlari AQSH Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha koordinatori va elchi Natan A. Seyls Nur-Sultonda yuqori martabali mansabdorlar bilan uchrashar ekan, “Qozogʻistonning qaytganlarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslash choralari hamda “C5+1” formati va boshqa koʻp tomonlama forumlarda oʻz tajribasini oʻrtoqlashish boʻyicha konstruktiv saʼy-harakatlariga” yuqori baho bergan.