Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

YI politsiyasi IDning onlayn tashviqotiga “jiddiy zarba” berdi

AFP va Karvonsaroy

ID videolavhasida “raqamli jihod” bilan shugʻullanayotgani aytilgan guruh aʼzosi aks etgan. (Fayl)

ID videolavhasida “raqamli jihod” bilan shugʻullanayotgani aytilgan guruh aʼzosi aks etgan. (Fayl)

HAAGA, Niderlandiya – Dushanba (25-noyabr) kuni Yevropa politsiyasi terrorizmni sharaflovchi minglab kontent tarqalishining oldi olingani va “Islom davlati”ga (ID) “jiddiy zarba” berilganini maʼlum qildi.

Xabarlarga koʻra, 21-24-noyabr kuni olib borilgan operatsiya davomida “Evropol” IDga oid 26 mingga yaqin materiallar, jumladan videoyozuvlar va ijtimoiy tarmoq akkauntlarini qoʻlga kiritgan.

Belgiya politsiyasining IDga qarashli “Amaq” tashviqot agentligiga nisbatan tergovi ortidan boshlangan operatsiya Yevropol tomonidan muvofiqlashtirilgan.

Bir vaqtlar Suriya va Iroqdagi udkan hududlarni egallagan jangarilar guruhi 2019-yil boshiga kelib oʻz nazoratidagi yerlarning aksariyatini qoʻldan boy bergan boʻlsa-da, faol onlayn tashviqotni davom ettirayotgan edi.

IDga qarshi “mislsiz saʼy-harakatlar”

ID tashviqotiga oid “barcha narsa”, jumladan “Amaq”ni yoʻq qilish boʻyicha operatsiya doirasida “mislsiz chora-tadbirlar” amalga oshirildi, dedi Belgiya prokuraturasi vakili Erik va Der Sipp Haagada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Kontentni yoʻq qilish bilan birga, politsiya Ispaniyada internet orqali ID tashviqot materiallarining tarqatuvchi “asosiy shaxslardan birini” qoʻlga olgan.

Van Der Sippning soʻzlariga koʻra, ID hujumni kutmagan va bunday “jiddiy zarbadan” keyin oʻz faoliyatini qayta tiklashi uchun “sezilarli harakatlar” talab etiladi.

Oʻtgan yili ham “Amaq” guruhiga qarshi kurashda belgiyalik agentlar ishtirok etishgan edi, ammo Van Der Sippga koʻra, guruhning qayta tiklangani ularni hayratda qoldirgan.

Dushanba kuni u AFPga shunday dedi: “Hozircha biz ularni yengdik, ammo sodda boʻlmasligimiz kerak. 2018-yildagi birinchi kiberhujum ularning qayta tiklanishiga xalal bera olmagan”.

ID: xabar almashinuvidagi tartibsizlik

Iroq va Suriyadagi magʻlubiyatdan soʻng, IDning ommaviy axborot tarqatuvchi mashinasi boshqaruvdagi tartibsizliklar va xabarlar almashishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Bunday nomuvofiqliklar, ayniqsa 21-oktabr kuni ID yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻlimidan soʻng yaqqol sezilgan.

Al-Bagʻdodiyning oʻlimi Afgʻonistondagi Xuroson kabi IDning turli boʻlinmalari “markaz” bilan qay darajada bogʻlanganini namoyon etdi.

Guruhning turli boʻlinmalari va ijtimoiy tarmoqlardagi aloqaning nomuvofiqligi ID media mashinasi duch kelayotgan muammolar uzoq muddatli ekanligidan darak bermoqda, deydi mutaxassislar.

“Ayni damda ID toʻqnash kelayotgan turli muammolar uning oʻz media mashinasini qayta tiklashiga toʻsqinlik qiladi”, dedi Bagʻdod universitetida media sohasi professori boʻlib ishlaydigan Raad Jassim al-Kaabiy.

Jumladan, ishonchli va jozibador materiallarning yoʻqligi sabab, “guruhning tilga olishga arziydigan keng koʻlamli operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati yoʻq”, dedi u.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositasi mahsulotlarini ishlab chiqarish katta moliyaviy resurslarni talab qiladi, IDning esa bunga qurbi yetmay qolgan, chunki u daromadining katta qismidan mahrum boʻlgan, dedi u.

ID axboriy mahsulotlarni ishlab chiqarishda duch kelayotgan yana bir muammo – bu media sohasidagi mutaxassislarning yetishmasligi hamda ijtimoiy tarmoqlar va ekstremistik kontent tarqatuvchi platformalardagi cheklovlarning kuchayishidir.

“ID” oʻzining maqsadli auditoriyasi uchun kurashmoqda, deydi al-Kaabiy, sababi guruh “uning boshqaruvi ostida yashab, terrorchilik va xunrezliklariga guvoh boʻlgan odamlarning ishonchini yoʻqotgan”.

“ID uchun bu odamlarini ishontirish yoki ularning oldidagi obroʻsini tiklash imkonsiz, chunki ular endi guruh haqidagi bor haqiqatni biladilar”, dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlardagi IDga mansub akkauntlar, shuningdek, guruh Iroq va Suriyadagi shaharlarni oʻz nazoratida ushlab turgan vaqtda eʼlon qilingan eski materiallarni, jumladan videolavhalarni ham tarqatib turadi, deydi razvedka mutaxassisi Fadel Abu Ragif.

Guruh pala-partishlik va tartibsizlik tufayli oʻz ommaviy axborot vositalarini yaxshi boshqara olmayapti, “Buni IDga aloqador akkauntlardan tarqatilgan videoyozuvlar va boshqa maʼlumotlarning turi va sifati kelishilmayotgani va nazorat qilinmayotgani ham koʻrsatib turibdi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500