HAAGA, Niderlandiya – Rossiya va Gʻarb shu hafta Suriyadagi hujumlar aybdorlarini eʼlon qiladigan yangi guruh masalasida kimyoviy qurollarni nazorat qilish xalqaro tashkiloti bilan yangi toʻqnashuvga hozirlanmoqdalar.
Tergov qonunbuzarlarning kim ekanligiga oydinlik kiritadigan ilk hisobotni kelasi yil boshida eʼlon qilishi kutilayotgan bir paytda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) ichida keskinlik kuchaymoqda.
Moskva Haagada oʻtadigan yillik majlisda KQTTning kelasi yilgi budjeti yangi jamoani moliyalashtirishni oʻz ichiga oladigan boʻlsa, unga veto bilan tahdid qilmoqda – bu xalqaro nazoratchi tashkilot faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
Ammo Qoʻshma Shtatlar, Britaniya, Frantsiya va boshqa ittifoqchilarning aytishicha, hujjat koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinishi uchun yetarlicha qoʻllovga ega boʻladi.
Rossiya, Eron va Xitoy oʻtgan yili budjetga veto qoʻyishga uringan, ammo u 99/27 nisbatda koʻpchilik ovoz bilan qabul qilingan edi.
Gʻarb diplomatlari KQTT xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatish uchun bu yil ushbu koʻrsatkichni yaxshilashga umid qilmoqdalar. Ovoz berish chorshanba (27-noyabr) kuni boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
“Hamma TIG (Tergov-identifikatsiya guruhi) natijalarini kutmoqda”, dedi yuqori martabali diplomatlardan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.
Kimyoviy qurollar borligi tasdiqlandi
Suriya va uning ittifoqchilari tarafidan boʻlgan keskin eʼtirozlarga qaramay, 2018-yilda KQTTga aʼzo davlatlar tashkilotga kimyoviy hujum qoʻllaganlarga nisbatan ayblov eʼlon qilish boʻyicha yangi vakolatlarni berishga kelishib olgan edilar.
2013-yilda Nobel tinchlik mukofotiga sazovor boʻlgan va dunyodagi kimyoviy qurollarning 97 foizini yoʻq qilgan nazorat tashkilot avval faqat hujum sodir boʻlgan-boʻlmaaganligini aniqlash vakolatiga ega edi.
Bu oʻzgarishlarga Suriyadagi bir qator kimyoviy hujumlar sabab boʻlgan. Ular 2013-yilda Damashq yaqinidagi Gʻutada 1400 kishining hayotiga zomin boʻlgan zarin gazi hujumidan soʻng, Suriya rejimi oʻzidagi kimyoviy qurollar zaxirasini topshirishga rozilik berganiga qaramay yuz bergan.
Mart oyida KQTT hisobotida 2018-yil 7-aprel kuni isyonchilar nazoratidagi Duma shahriga qarshi hujumda xlor gazi qoʻllangani tasdiqlangan, guvohlarning soʻzlariga koʻra, hujum tufayli 43 kishi halok boʻlgan.
Xalqaro hamjamiyatning katta qismi ushbu voqeada Suriya prezidenti Bashar al-Asad rejimini ayblagan va bunga javoban bir nechta harbiy inshootlarga havo zarbalarini bergan.
Asadni qoʻllab-quvvatlagan va kimyoviy qurol qoʻllanganini yashirishga yordam bergan Rossiya KQTT hisobotini rad etar ekan, bu vahshiylik “Oq dubulgʻalilar” nomi bilan mashhur suriyalik qutqaruvchi-koʻngillilar tomonidan sahnalashtirilganini iddao qilgan.
“Dumadagi hodisa – “oq dubulgʻalilar” tomonidan uyushtirilgan provokatsiyadan boshqa narsa emas”, deb bayonot bergan Rossiyaning Haagadagi elchixonasi KQTT hisoboti chop etilganidan soʻng.
Biroq, KQTT rahbari Fernando Arias dushanba (25-noyabr) kuni hisobotni tanqidlardan himoya qilib, “yana bir bor mustaqil va professional xulosani qoʻllab-quvvatlashini” aytgan.
KQTT inspektorlari guruhi Rossiya va Suriyaning bir necha haftalik qarshiligidan soʻng Duma kirishga ruxsat olishgach, shaharchadagi yettita obʼektdan 100 dan ortiq namunalar olishdi.
KQTT “guvohlarning koʻrsatmalari, atrof-muhit va biologik tibbiy namunalarni tahlil qilish natijalari, shuningdek, mutaxassislarning toksikologik va ballistik tahlillari” asosida shunday xulosaga keldi, deyiladi tashkilot bayonotida.
Rossiya va Suriya “suvni loyqalatmoqda”
Moskva Suriyadagi kimyoviy hujumlarni doimiy ravishda shubha ostiga olib, ularning sahnalashtirilganini iddao qilar ekan, Dumadagi halokatli xlor hujumiga oid sizdirilgan hisobotga ham oʻz eʼtiborini qaratgan.
Ruslar va suriyaliklar Asad rejimining ehtimoliy hujumi bilan bogʻliq voqeada “suvni loyqalatishga” urinmoqda, deydi Gʻarb diplomatlari.
2018-yilda toʻrt nafar rus josusi KQTT serverlarini buzib kirishga uringani uchun Niderlandiyadan chiqarib yuborilganidan beri vaziyat keskinligicha qolayotgan edi.
Yangi tergov guruhining ilk hisoboti yaqin oylar ichida eʼlon qilinishi kutilmoqda, deb aytgan KQTT rahbari Arias. Diplomatlarga koʻra, hisobotlar fevral yoki mart oyida eʼlon qilinadi.
Shunga qaramay, Rossiya va Gʻarb, taqiqlangan kimyoviy qurollarning roʻyxatini 2018-yilda Angliyaning Solsberi shahrida qoʻllangan asab tizimini falajlovchi “Novichok” kabi yangi moddalar bilan kengaytirishdek murakkab masala yuzasidan kelishuvga erishishi mumkin.
London rossiyalik sobiq ikki tomonlama josus Sergey Skripal va qizining zaharlanishida Moskvani ayblamoqda va bunda Sovet Ittifoqi tomonidan Sovuq urush vaqtida ishlab chiqarilgan harbiy darajadagi zaharli “Novichok” moddasidan foydalanganligini aytmoqda. Skripal va uning qizi omon qolishgan.
Qoʻshma Shtatlar, Niderlandiya va Kanada qora roʻyxatga ikki xil “Novichok”ni kiritishga chaqirganlar, ammo Moskva unga Gʻarb davlatlari sinovdan oʻtkazayotganiga oʻxshash kimyoviy moddalar qoʻshilishini istayapti.
Diplomatlarning soʻzlariga koʻra, murosa chorasi qartaga tikilgan.
Kreml terrorchilaridan yana nimani kutish mumkin
Javob berishFikrlar 4
Bu amerikaparast sayt Markaziy Osiyo (Xitoy tahdidi) va Yaqin Sharqdagi (Suriya va Eron) vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilmoqda. Nega bunday qilishyapti? Oʻzingizda boʻlayotgan voqealarga eʼtibor qarating, har bir davlatning oʻz fikri va tanloviga boʻlgan suveren huquqiga aralashmang.
Javob berishFikrlar 4
Rossiyaning suriyaliklarga qarshi kimyoviy hujumi fosh boʻldi
Javob berishPutinning oʻrnida boʻlganimda, sizga oʻxshaganlarni sudga bergan boʻlardim ))). Yolgʻon va tuhmat jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi... Yevropa urushda bir hafta ichida magʻlub boʻladi. Amerika qora tanlilarni eplolmayapti-ku, Rossiya bilan urushishga yoʻl boʻlsin. Yarim yildan keyin AQSH oʻrnida Amerika respublikasi boʻladi.
Javob berishFikrlar 4