Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston mudofaa vazirligi geoaxborot platformasini yaratish ustida ishlamoqda

Aydar Ashimov

Suratda: Qozoq armiyasi askarlarini geomakonga oid maʼlumotlar bilan taʼminlashga qaratilgan shtab mashqlari. Ostona (hozir Nur-Sulton), 9-dekabr, 2018-yil. [Qozogʻiston Mudofaa vazirligi]

Suratda: Qozoq armiyasi askarlarini geomakonga oid maʼlumotlar bilan taʼminlashga qaratilgan shtab mashqlari. Ostona (hozir Nur-Sulton), 9-dekabr, 2018-yil. [Qozogʻiston Mudofaa vazirligi]

NUR-SULTON – Qozogʻiston qurolli kuchlari tizimida texnologik inqilob yuz bermoqda.

Mudofaa vazirligi strategik ahamiyatga ega geografik maʼlumotlar platformasini yaratishni rejalashtirmoqda.

Mazkur resurs raqamli xaritalar va sunʼiy yoʻldoshlardan olingan geomakonga oid maʼlumotlar bazasini, shuningdek, infratuzilmaviy maʼlumotlar va terrorizm xavfi oldida zaif boʻlgan obʼektlar identifikatsiyasi va boshqa axborotni oʻz ichiga oladi, deyiladi vazirlikning 25-noyabr kungi bayonotida.

Platforma juda koʻp maqsadlarda, jumladan xorijdagi qurolli mojarolarga qoʻshilish yoki terrorchilik harakatini amalga oshirish maqsadida Qozogʻistonga qaytadigan ekstremistlarning chegaradan noqonuniy oʻtishining oldini olishda qoʻllanishi mumkin.

Desanchi-shturm guruhi, 19-noyabr, Nur-Sulton. Tahlilchilarga koʻra, “Raqamli armiya” loyihasi qozoq harbiylarining jangovar qobiliyatini oshirishi kutilmoqda. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Desanchi-shturm guruhi, 19-noyabr, Nur-Sulton. Tahlilchilarga koʻra, “Raqamli armiya” loyihasi qozoq harbiylarining jangovar qobiliyatini oshirishi kutilmoqda. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

“Bugungi kun sharoitida dunyoning koʻplab mamlakatlari “elektron jang maydoni” – yagona boshqaruv tizimini yaratish ustida faol ish olib bormoqda. U real vaqt rejimida nishonlarni belgilash va maʼlumot almashish, nishonlarni belgilash, buyruq berish va qoʻshinlarni nazorat qilish imkonini beradi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Platforma barcha darajadagi qoʻmondonlarni obʼektiv va tezkor maʼlumotlar bilan taʼminlaydi va joylarga oid maʼlumotlarni toʻplash, ularni baholash va qoʻshinlarga yetkazish uchun ketadigan vaqtni tejab, qarorlar tezkorligini oshiradi.

Ayni vaqtda Qozogʻiston Qurolli kuchlarining geoaxborot taʼminoti boʻlimi mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlash vazifalarini hal etuvchi boshqa davlat idoralari va tashkilotlar bilan birgalikda loyihani amalga oshirish ustida ishlamoqda.

Raqamli armiya

Geografik maʼlumotlar bazasi loyihasi “Raqamli Qozogʻiston” davlat dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

Mudofaa vazirligi “harbiylarning qaror qabul qilishini qoʻllab-quvvatlash uchun axborot tizimlarining tayanch platformasini” yaratish rejasini ilk bor 2018-yilning oktabr oyida eʼlon qilgan edi.

Ayni paytda vazirlik Qurolli kuchlarning oʻquv-jangovar, maʼmuriy-xoʻjalik, kadrlar va qoʻshinlarni nazorat-ijro faoliyatini qamrab oladigan “Raqamli armiya” dasturini ishlab chiqmoqda.

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tizimida avtomatlashtirilgan qoʻmondonlik va boshqaruv tizimi ishlay boshlagan, qoʻshinlar va resurslarni boshqarishning avtomatlashtirilgan qoʻmondonlik-boshqaruv tizimini joriy etish jarayoni davom etyapti.

2018-yildan beri Qozogʻiston harbiy akademiyalaridagi talabalar yangi mutaxassisliklar, jumladan geoaxboriy kartografiya, kiberxavfsizlik va kosmik vositalar bilan aloqa tizimlari boʻyicha tahsil olmoqda.

Qurolli kuchlarning jangovar shayligini mustahkamlash

“Qozogʻiston hayotning barcha muhim sohalari: sogʻliqni saqlash, davlat xizmatlarini taqdim etish, taʼlim va shu kabi sohalarini raqamlashtirmoqda. Qurolli kuchlar bundan chetda qolgani yoʻq – bu hozirgi zamon talabi”, deydi chimkentlik qurolli kuchlar faxriysi Aleksey Juravov.

Geoaxborot maʼlumotlar bazasini yaratish “Raqamli armiya” loyihasining muhim tarkibiy qismidir, dedi u.

“Maʼlumotlar bazasi yer, aviatsiya va fazoviy qurilmalardan olingan zondlash maʼlumotlari, shu bilan birga gidro-meteorologik va topogeodezik maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Bu qozogʻistonlik harbiylarning jangovar qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi”, dedi Juravov.

“Oldinlari bu narsalar fantastika boʻlib tuyular edi, ammo hozir hayotimizning bir qismiga va zaruratga aylanib ulgurgan”, deydi Juvarov joriy etilayotgan innovatsiyalardan ilhomlanib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500