Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston va Qirgʻiziston harbiy havo kuchlari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi

Aydar Ashimov

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov (chapda) va uning qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayev (oʻngda) 27-noyabr kuni Bishkekda qoʻshinlarni koʻzdan kechirmoqda. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov (chapda) va uning qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayev (oʻngda) 27-noyabr kuni Bishkekda qoʻshinlarni koʻzdan kechirmoqda. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

BISHKEK – Oʻtgan oyda Qozogʻiston va Qirgʻiziston ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy hamkorlik, xususan, oʻz harbiy havo kuchlarining jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga kelishib oldilar.

Ikkala mamlakat ham harbiy hamkorlikni mustahkamlash orqali yumshatish mumkin boʻlgan bir qator xavfsizlik muammolariga toʻqnash kelmoqda. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin 28-yil oʻtgan boʻlsa-da, bu mamlakatlardagi bir qancha obyektlarda Rossiya askarlari joylashtirilgan. Suriya va Iroqdagi “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan yuzlab radikal fuqarolar turli yoʻllar bilan vataniga qaytmoqda yoki qaytishga urinmoqda. Qaytganlar tarafidan terrorchilik harakati sodir etilishi mumkinligi xavotirga sabab boʻlmoqda.

27-noyabr kuni Qirgʻiziston Qurolli kuchlari bosh shtabi va Qozogʻiston Mudofaa vazirligi ikki mamlakatning aerodromlariga qoʻnish huquqini berish, harbiy samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni qoʻriqlash borasida kelishuv imzoladilar.

Bu hujjat prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev boshchiligidagi Qozogʻiston delegatsiyasining Qirgʻiziston poytaxti Bishkekka rasmiy tashrifi chogʻida imzolangan kelishuvlardan biri boʻldi.

Qozogʻiston Mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev (chapda) va Qirgʻiziston Qurolli kuchlari bosh shtabi boshligʻi Rayimberdi Duyshenbiyev (oʻngda) 27-noyabr kuni Bishkekda harbiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimida. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

Qozogʻiston Mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev (chapda) va Qirgʻiziston Qurolli kuchlari bosh shtabi boshligʻi Rayimberdi Duyshenbiyev (oʻngda) 27-noyabr kuni Bishkekda harbiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimida. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov (oʻngda) va uning qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) 27-noyabr kuni Bishkekda 1916-yilda Chor Rossiyasi qoʻshinlari tomonidan bostirilgan qozoqlar va qirgʻizlar qoʻzgʻolonida halok boʻlganlar xotirasiga gulchambarlar qoʻyishdi. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov (oʻngda) va uning qozogʻistonlik hamkasbi Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) 27-noyabr kuni Bishkekda 1916-yilda Chor Rossiyasi qoʻshinlari tomonidan bostirilgan qozoqlar va qirgʻizlar qoʻzgʻolonida halok boʻlganlar xotirasiga gulchambarlar qoʻyishdi. (Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati)

Toʻqayev Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov bilan xavfsizlik va boshqa mavzular boʻyicha maslahatlashdi. Tashrif doirasida ikki mamlakatning Oliy davlatlararo kengashining yigʻilishi ham oʻtkazildi.

Tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan boshqa kelishuvlar qatorida kelgusi uch yil uchun kompleks hamkorlik dasturini imzolash va chegarada koʻprik barpo etish toʻgʻrisidagi bitim ham bor.

Ishtirokchilar boshqa masalalar, jumladan, migratsiya, sogʻliqni saqlash, logistika va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻyicha kelishuvlarni ham imzoladilar.

Terrorizmga qarshi kurash va qoʻshma harbiy mashgʻulotlar

Harbiy hamkorlikni kuchaytirish sammitning asosiy mavzusiga aylandi.

“Shartnoma Qirgʻiziston va Qozogʻiston harbiy havo kuchlarining jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan”, dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Bishkekdan kelgan qirgʻizistonlik harbiy xizmatchi. “Gap mashqlar oʻtkazish va aerodromlarni barcha zaruriy jihozlar bilan taʼminlash haqida ketmoqda.”

Ushbu kelishuv texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qator choralar, jumladan, maʼlumotlar, radioaloqa va yoritish tizimlarini, shuningdek samolyotlar va vertolyotlar uchun toʻxtab turish joylarini bepul taqdim etishni oʻz ichiga oladi.

“Shartnoma maʼlum bir muddatga qabul qilinmoqda, keyinchalik ziddiyatlar yuzaga kelmasa, avtomatik ravishda yangilanadi”, dedi harbiy xizmatchi.

Ikki mamlakat harbiylari oʻzaro va AQSH kuchlari bilan birga terrorizmga qarshi kurash salohiyatini oshirish ustida ish olib borgan.

2019-yilda Qozogʻiston va Qirgʻiziston bir qator qoʻshma mashqlarni oʻtkazdi, sentabr oyida Qirgʻizistonning Issiqkoʻlida boʻlib oʻtgan aksilterror mashqlari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, 17-iyun kuni Qozogʻistonning “Iliyskiy” poligonida “Dasht burguti” mashqlari boʻlib oʻtdi. Qoʻshma operatsiyalar davomida Markaziy Osiyo davlatlari harbiylari AQSH armiyasi boshchiligida oʻz koʻnikmalarini oshirdilar.

May oyida Qozogʻiston Qirgʻiziston bilan birgalikda harbiy razvedka hamkorligi boʻyicha shartnoma imzoladi.

Qurolli kuchlar oʻrtasidagi kengaytirilgan hamkorlik ikki davlatning davomli xavfsizligi uchun muhim, dedi Nur-Sultonlik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.

“Taʼkidlash kerakki, joriy yil aprel oyida Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida shu kabi shartnoma imzolangan”, dedi u. “Markaziy Osiyo mamlkatlari tashqi dushmanlarga yoki terrorchilik guruhlariga qarshi turishda kuchlarni birlashtirish muhimligini yanada koʻproq anglab yetmoqdalar.”

“Umumiy tarix, umumiy muammolar”

Ikki davlat uchun umumiy boʻlgan tarixiy jarohat prezidentlarni Bishkekdagi memorial oldiga toʻplagan.

Ular 1916-yilda qoʻzgʻolon koʻtargan va Chor Rossiyasi kuchlari tomonidan oʻldirilgan qozogʻistonlik va qirgʻizistonlik qurbonlar xotirasiga bunyod etilgan “Ata Beyit” yodgorlik majmuasiga gulchambarlar qoʻyishdi.

“Ikki qardosh xalq oʻrtasida qarama-qarshilik yoʻq”, deb taʼkidladi Toʻqayev qirgʻizistonlik hamkasbi bilan uchrashuvda.

Unga javoban Jeyenbekov bu uchrashuv “mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga” umid bildirdi.

“Umumiy tarix va muammolarga ega ekanligimiz xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlaydi va ittifoqchilarni tanlashda yordam beradi”, dedi tahlilchi Beysaliyev 1916-yilda halok boʻlganlar qabriga gul qoʻyish ramziy maʼnoga ega ekanligini taʼkidlab.

Beysaliyevning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda Qirgʻiziston va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsgan.

“Qoʻshnilar orasida yuzaga kelgan har qanday muammo yechim topmoqda. Davlatlarimiz hamkorligi va Markaziy Osiyodagi muhim sherigimiz boʻlgan Qirgʻiziston bilan oʻzaro manfaatli aloqalar yoʻlga qoʻyilganini faqat olqishlaymiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500