Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Vashingtonda mintaqaviy xavfsizlik masalasini muhokama qiladi

Karvonsaroy

2018-yilgi “Dasht burguti” mashqlari chogʻida qozoq askarlari shartli dushmanning hujumiga javoban oʻt ochmoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

2018-yilgi “Dasht burguti” mashqlari chogʻida qozoq askarlari shartli dushmanning hujumiga javoban oʻt ochmoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

NUR-SULTON – Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi payshanba-juma (12-13-dekabr) kunlari Vashingtonga tashrif buyurib, AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo, AQSH Kongressi va Jahon banki vakillari bilan mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

Qozogʻiston TIV vakili Aybek Smadyarovga koʻra, muzokaralarda asosiy eʼtibor ikki tomonlama va mintaqaviy darajadagi keng koʻlamli masalalarga qaratiladi, deb xabar beradi Kazinform dushanba (9-dekabr) kuni.

Vashingtondagi uchrashuvlardan soʻng, 15-16-dekabr kunlari Tleuberdi Ispaniyaning Madrid shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo-Yevropa (ASEM) tashqi ishlar vazirlarining 14-yigʻilishida ishtirok etadi, dedi Smadyarov.

“Osiyo va Yevropa: samarali va koʻp qirrali hamkorlik” deb nomlangan forumda Osiyo va Yevropadagi 51 mamlakat tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi (EI) va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) vakillari ishtirok etishi kutilmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Forumda xalqaro kun tartibidagi koʻp qirrali masalalar, jumladan, Osiyo va Yevropa mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, iqlim oʻzgarishi, yadro qurolini tarqatmaslik va kiberxavfsizlik, shuningdek, Suriya va Afgʻonistondagi vaziyat muhokama etiladi”, dedi Smadyarov.

Amerika Qoʻshma Shtatlari va Qozogʻiston tinchlikparvarlik, terrorizmga qarshi kurash, chegaralar xavfsizligi va mintaqaviy xavfsizlikka oid hamkorlikni kengaytirish ustida ishlamoqda.

2019-yilda xavfsizlik uchun poydevor

Ikki mamlakat 2019-yil davomida uchrashuvlar va qoʻshma mashqlar oʻtkazish uchun zamin hozirladilar.

Qozogʻiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Yerjan Ashikbayev va AQSH Davlat kotibi yordamchisining birinchi oʻrinbosari Elis Uells ikki mamlakat oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikni muhokama qilish uchun 5-dekabr kuni Vashingtonda uchrashuv oʻtkazdilar.

Uchrashuvda AQSH Davlat departamenti “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasini tilga olib, Qozogʻistonning terrorizmga qarshi kurash va “600 ga yaqin qozoq fuqarosini Suriyadan vataniga qaytarish va jamiyatga qayta moslashtirish” boʻyicha yutuqlarini olqishlagan.

Oktabr oyida Nur-Sultonga qilgan tashrifi davomida AQSH Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha koordinatori, elchi Natan A. Seyls Qozogʻiston hukumatining “qaytganlarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslash yoʻlidagi ishlarini” ijobiy baholadi.

Iyun oyida Qozogʻistonda “Dasht Burguti - 2019” operatsiyasi oʻtkazildi. Bu koʻp millatli harbiy mashqlarda Buyuk Britaniya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlardan kelgan harbiylar ishtirok etishdi. “Dasht Burguti” 2003-yildan beri har yili oʻtkazib kelinadi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500