Karvonsaroy
Terrorizm

Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasi Qozogʻistonning repatriatsiya choralarini yuqori baholadi

Aydar Ashimov

27-noyabr kuni Qozogʻiston hukumati sakkiz qiz va olti nafar oʻgʻil – jami 14 qozogʻistonlik bolani Iroqdan vataniga olib keldi. Nur-Sultonda olingan bu suratda ulardan ayrimlari koʻrsatilgan. [Twitter/Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi]

27-noyabr kuni Qozogʻiston hukumati sakkiz qiz va olti nafar oʻgʻil – jami 14 qozogʻistonlik bolani Iroqdan vataniga olib keldi. Nur-Sultonda olingan bu suratda ulardan ayrimlari koʻrsatilgan. [Twitter/Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi]

NUR-SULTON – Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻiston hukumatining Suriya va Iroqdagi qozoq bolalarini vataniga qaytarish va jamiyatga moslashtirish borasidagi saʼy-harakatlari “butun dunyo uchun oʻrnak” boʻla oladi.

“Qizil Xoch” qoʻmitasi qozoq bolalarini evakuatsiya qilish boʻyicha operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazilgani munosabati bilan Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga maktub yoʻlladi. Bu haqda 6-dekabr kuni Qozogʻiston prezidentining matbuot xizmati xabar bergan.

“Qozogʻiston “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish bilan bu kabi murakkab masalani qanday hal qilish boʻyicha butun dunyoga oʻrnak boʻldi”, deb yozadi qoʻmita prezidenti Piter Maurer.

“Jusan” – “Islom davlati” (ID) parchalanishi ortidan Suriyada qolgan 600 dan ortiq radikal qozoq fuqarolarini vataniga qaytarish boʻyicha Qozogʻiston hukumatining 2019-yil davomida amalga oshirgan operatsiyasidir.

25-noyabr kuni Nur-Sultonda Qozogʻiston mudofaa vazirligi va Qizil Xoch qoʻmitasi vakillari oʻrtasida ilk muzokaralar oʻtkazildi. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

25-noyabr kuni Nur-Sultonda Qozogʻiston mudofaa vazirligi va Qizil Xoch qoʻmitasi vakillari oʻrtasida ilk muzokaralar oʻtkazildi. [Qozogʻiston mudofaa vazirligi]

Ayni paytda 100 dan ortiq qozoqlar, jumladan 40 nafar erkak va ularning qaramogʻidagi 65 nafar ayol va bola hamon Suriya va Iroqdagi terrorchilik guruhlari safida qolishmoqda. Bu haqda payshanba (12-dekabr) kuni AKIPress.com nashri Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) rasmiysi Sergey Shveykinga tayanib xabar qilgan.

Maktubda Maurer Qozogʻiston va Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi oʻrtasida repatriatsiya va reintegratsiya, oilalarning birlashuvi va qaytganlarni psixologik qoʻllab-quvvatlash masalalaridagi hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan.

U, shuningdek, “ushbu murakkab masala yuzasidan tajriba almashish” maqsadida Qozogʻistonda mintaqaning shu kabi muammolar bilan duch kelgan boshqa davlatlari vakillari bilan uchrashuv tashkil etish taklifini bildirgan.

Qaytarilgan bolalar bilan mutaxassislar ish olib bormoqda

27-noyabr kungi insonparvarlik operatsiyasi davomida Iroqdan 14 nafar qozogʻistonlik bola – sakkiz qiz va olti oʻgʻil bola vataniga qaytarildi. Ularning eng kattasi 13, eng kichigi esa 2 yosh boʻlgan. Ularning onalari Qozogʻiston fuqarolari boʻlib, terrorchilik tashkilotlariga aʼzolikda ayblangan va Iroqda umrbod qamoqqa hukm qilingan.

“Insonparvarlik operatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan bolalarning onalari va qarindoshlarining iltimosiga binoan bir qator davlat idoralari, mahalliy nodavlat tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi”, deyiladi Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligining 28-noyabr kungi bayonotida.

Hozirgi vaqtda bolalar reabilitatsiya jarayonidan oʻtmoqda, ular bilan 30 nafar mutaxassis, jumladan psixologlar, tarbiyachilar va shifokorlar ishlayapti. Yaqin kunlarda ular Qozogʻistonda yashaydigan qarindoshlariga topshiriladi.

Qaytarilgan bolalar hech qachon maktabga bormagan va oʻqish, yozish, sanashni bilmaydi, deb xabar bergan Qozogʻistonning “Liter” nashri 9-dekabr kuni.

Bu bolalar hayotlarining katta qismini “Islom davlati” (ID) jangarilari lagerlarida oʻtkazganlar; soʻngra ularni Iroqdagi qamoqxonalarda saqlashgan. Ularning onalari – Qaskelen, Turkiston, Oqtov va qaragʻandalik Qozogʻiston fuqarolaridir, deyiladi xabarda.

Bolalarning har biri ikki marta genetik ekspertizadan oʻtkazildi, dedi Qozogʻiston Respublikasining bolalar huquqlari boʻyicha vakili Arujan Sain.

Ilk tekshiruv Iroq rasmiylariga bolalarning qozogʻistonlik ekanini isbotlash uchun oʻtkazilgan boʻlsa, ikkinchisi ularning qarindoshlariga topshirilishini taʼminlash maqsadida Qozogʻistonning oʻzida amalga oshirildi.

“Urush – bolalarning joyi emas ... Onalaridan ajralish ular uchun juda qiyin boʻldi”, deb yozgan Sain evakuatsiya haqida oʻz Instagramida. “Bolalarni aeroportda buvilari, bobolari, amaki va xolalari kutib olishdi. Ularning mahkam bagʻirlariga bosib, quchoqlab oʻpdilar. Ular guyoki oʻz koʻzlariga ishonmas – ularni shuncha vaqtdan beri izlashar, kutishar va ularni qaytarishga astoydil harakat qilar edilar. ”

Qozoqlar hukumatning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlamoqda

Qozogʻiston fuqarolari hukumatning repatriatsiya choralarini qoʻllab-quvvatlamoqdalar.

“Bunday operatsiyaning oʻtkazilgani juda zoʻr boʻldi”, deydi Sainning Instagramdagi xabariga izoh qoldirganlardan biri. Boshqalar “mardonavor harakat”, “evakuatsiya jarayonida ishtirok etganlarning barchasiga rahmat”, deb yozishgan.

Bungacha “Jusan” insonparvarlik operatsiyasining uch bosqichi davomida 400 dan ortiq bola Suriyadan Qozogʻistonga olib kelingan edi.

“Farzandlarimizni Suriya va Iroqdan evakuatsiya qilishda ishtirok etganlarning barchasidan minnatdormiz”, deydi “Altin Karligash” (“Oltin qaldirgʻoch”) nodavlat tashkiloti rahbari chimkentlik Leyla Baymanova.

“Bu diplomatlarimiz va huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ulkan ish, katta gʻalabadir”, deb qoʻshimcha qildi u. “Bolalarni osuda hayotga qaytarish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz kerak. Hukumatning bunday saʼy-harakatlaridan mamnunman.”

Baymanova Qozogʻiston va Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasi oʻrtasidagi doimiy hamkorlikning muhim ekanligini taʼkidladi.

“Qizil Xoch dunyo boʻylab qurolli nizolardan jabrlanganlarga yordam berish bilan shugʻullanadi”, dedi u. “Ular qozogʻistonliklar, ayniqsa yosh bolalarning repatriatsiyasiga, keyinchalik esa reabilitatsiyasiga ham koʻmaklashishi mumkin.”

“Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining Nur-Sultonda uchrashuv oʻtkazish taklifi diqqatga sazovor, u Qozogʻistonning bolalarni Iroq qamoqxonalaridan vataniga qaytarishga oid tajribasi bilan boʻlishishga imkon beradi”, dedi Baymanova. “Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari ham yosh fuqarolarini uylariga qaytarishi lozim.”

U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qozogʻistonning repatriatsiyaga doir tajribasini oʻrganish niyatida ekanligini qoʻshimcha qilar ekan, “bularning barchasi mamlakatingizning ijobiy imijiga hissa qoʻshadi”, deb taʼkidladi.

Qoʻshma chora-tadbirlar

Qozogʻiston mudofaa vazirligi va Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi vakillari oʻrtasidagi ilk muzokaralar 25-noyabr kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtdi. 2016-yilda imzolangan anglashuv memorandumi oʻzaro hamkorlikka asos boʻlgan. Ular har yili qoʻshma faoliyatga oid rejalarni tasdiqlaydilar.

“Qozogʻiston Mudofaa vazirligi va xalqaro tashkilot hamkorligining asosiy maqsadi qozoq harbiylarini xalqaro gumanitar huquq, jumladan tinchlikparvarlik operatsiyalarida tinch aholini muhofaza qilishga oʻrgatishdir”, deyiladi Mudofaa vazirligining 25-noyabr kungi bayonotida.

“Yana bir yoʻnalish – Qozogʻiston qurolli kuchlari tarkibidagi shifokorlar va boshqa xodimlarga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha trening oʻtkazishdan iborat.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500