Karvonsaroy
Ta’lim

Tojikiston hukumati Bangladeshdan qaytgan bolalarni toʻgʻri yoʻlga qaytarmoqchi

Karvonsaroy

Suratda: Xoʻjand shahridagi Xoʻja Maslahaddin masjidi, 19-dekabr. (Neʼmatullo Mirsaidov)

Suratda: Xoʻjand shahridagi Xoʻja Maslahaddin masjidi, 19-dekabr. (Neʼmatullo Mirsaidov)

DUSHANBE – Tojikiston hukumati vataniga qaytarilgan bir nechta bolani “qayta oʻqitish” maqsadida maxsus maktablarga joylashtirdi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL). Rasmiylar Bangladeshdagi madrasalarda taʼlim olgan bu bolalarning ongi zaharlangan boʻlishi mumkinligidan xavotirda.

2010-yildan beri 3400 ga yaqin tojikistonlik chet eldagi madrasalarda oʻqib qaytgan. Oʻsha yilning oʻzida prezident Imomali Rahmon kelajakda “terrorchilar” paydo boʻlishining oldini olish uchun oʻz farzandlarini xorijdan qaytarishni soʻrab, ota-onalarga murojaat qilgan edi.

Taʼlim vazirligiga koʻra, Tojikistonga qaytganlarning dunyoviy maktab tizimiga moslashishi uchun maxsus darslar oʻtilishi lozim. “Ozodlik” bilan suhbatlashgan vazirlik vakili Ehson Xushvaqt “bu bolalar davlatning rasmiy maktablarida oʻqimagani va tojik jamiyatida yashashga odatlanmaganini” aytgan.

Xushvaqtning aytishicha, ularni qayta oʻqitish jarayoni “uch oy, olti oy va hatto bir yilga” choʻzilishi mumkin.

Soʻgʻd viloyati ulamolar kengashi raisi Hoji Husayn Musozoda, Xoʻjand shahri, 19-dekabr. (Neʼmatullo Mirsaidov)

Soʻgʻd viloyati ulamolar kengashi raisi Hoji Husayn Musozoda, Xoʻjand shahri, 19-dekabr. (Neʼmatullo Mirsaidov)

Rasmiylar Bangladeshda nechta tojikistonlik bolalar tahsil olgani va ular qanday qilib uyga qaytarilgani toʻgʻrisida aniq maʼlumot bermagan.

Oxirgi sakkiz oy ichida Bangladeshdan 10 ga yaqin bola qaytib keldi, dedi ismini oshkor qilishni istamagan huquq-tartibot xodimlaridan biri.

Xabarlarga koʻra, fevral oyida bolalardan biri Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) muddati oʻtgan hujjatlar bilan yurgani uchun hibsga olinib, deportatsiya qilinganidan keyin tojik rasmiylari bu bolalar haqida xabar topganlar.

Hukumat xavotirga tushgan

Bu hodisa tojik rasmiylarini xavotirga solib qoʻydi, sababi Tojikistonda ota-onalarga hukumatdan rasmiy ruxsatnoma olmasdan voyaga yetmagan bolalarni diniy taʼlim uchun chet elga yuborish taqiqlangan.

Rasmiylarning taxminiga koʻra, 2010-yildan beri 3400 ga yaqin tojikistonlik vataniga qaytgan boʻlsa-da, xorijdagi taʼlim muassasalarida hanuzgacha yuzlab Tojikiston fuqarolari (ular orasida bolalar ham bor) tahsil olmoqda.

Oʻn yilcha muqaddam Rahmon chet ellardagi madrasalarda tahsil olayotgan aksariyat tojiklar “5 yoki 10 yil ichida ekstremistlar va terrorchilarga aylanishi mumkinligini” aytgan edi.

Qaytganlarning “Ozodlik” radiosiga maʼlum qilishicha, oʻshandan beri mamlakatdagi kuch tuzilmalari ogohlikni kuchaytirgan.

“Ular meni har besh yoki olti oyda bir suhbatga chaqirishadi”, deydi bundan qariyb oʻn yil avval Misrdagi madrasada oʻqib qaytgan 33 yashar Dilshod.

Ichki ishlar xodimlari kundalik hayotim, tanish-bilishlar, doʻstlarim va qarindoshlarim qayerda ekanligi haqida bilishni istaydilar, dedi u.

Misr, Pokiston va Saudiya Arabistonidan qaytib kelgan boshqa uch kishi ham organlar tomonidan muntazam ravishda soʻroq qilinishini aytgan.

Kuzatuvchilarning xavotirlari

Vaziyatdan xabardor kuzatuvchilar ham tojik bolalarining Bangladeshda tahsil olganidan xavotir bildirganlar, garchi bu mamlakat Saudiya Arabistoni, Misr yoki Pokistondagi kabi ekstremistik oʻquv dargohlari bilan tanilmagan boʻlsa ham.

Hukumatning xavotiriga asos bor, deydi Tojikiston prezidenti huzuridagi Islomshunoslik markazi rahbari Fayzullo Barotov.

“Bangladesh islomiy ilmlar oʻrganiladigan mamlakat emas”, dedi u.

Ekstremizmga moyil ota-onalar Tojikiston hukumatini shubhalantirmaslik uchun “oʻz farzandlariga yangi joylar izlashni boshlamoqda”, dedi u.

“Bangladeshdan qaytayotgan bu talabalar kim, ular qayerda oʻqigan – davlatga qarashli muassasadami yoki norasmiy ravishdami – bu haqda maʼlumotga ega emasmiz. Ular nimalarni oʻrganganini ham bilmaymiz”, deydi Soʻgʻd viloyati ulamolar kengashi raisi Hoji Husayn Musozoda. “Ularga qaytadan toʻgʻri tushuncha berilishi lozim.”

9 millionlik kishilik aholiga ega Tojikistonda bitta rasmiy madrasa va Islom universiteti bor. Ularning ikkovi ham Dushanbe shahrida joylashgan.

Soʻnggi yillarda yuzlab tojik fuqarolari “Islom davlati” (ID) safiga qoʻshilgan. Ular orasida OMON (maxsus boʻlinma) qoʻmondoni Gulmurod Halimov ham bor – u Markaziy Osiyoda ID safiga qochib oʻtgan eng yuqori lavozimli amaldor hisoblanadi.

Qoʻshma Shtatlar uni qoʻlga olishga yordam beradigan maʼlumot uchun 3 mln. AQSH dollari (29,1 mln. somoniy) mukofot vaʼda qilgan.

ID 2018-yildan Tojikistonda ikkita halokatli hujum va ikki qamoqxona gʻalayoni uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan. Biroq, uning bu daʼvolarini mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz.

(Xo‘janddan Ne’matullo Mirsaidov ushbu maqolani tayyorlashga ko‘maklashdi.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500