Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Ketma-ket magʻlubiyatlar ortidan ID asosiy moliyaviy manbalarini tiklashga urinmoqda

Xolid Al-Taiy

Suriyada 2018-yilgi IDga qarshi amaliyotlar chogʻida pana joyga qochayotgan jangarilar. [Fayl]

Suriyada 2018-yilgi IDga qarshi amaliyotlar chogʻida pana joyga qochayotgan jangarilar. [Fayl]

“Islom davlati” oʻz qudratining avj pallasida neft kontrabandasi, banklarni talon-taroj qilish, oʻgʻirlangan osori-atiqalar va tengsiz milliy boyliklarni sotishdan moʻmay daromad orttirishga ulgurgan.

Iroq va Suriya ustidan hukmronlik qilgan davrda guruh neft kontrabandasining oʻzidan har oyda qariyb 50 million dollar daromad qilgan.

ID Iroqning Mosul shahrini egallagan vaqtida banklardan 500 million dollar tortib olgan, shuningdek, talon-taroj qilingan buyumlar savdosidan 150 dan 200 million dollargacha daromad topgan.

Bir vaqtlar oʻzi hukmronlik qilgan hududlardan quvilgan guruh parokandalikka uchradi va asosiy daromad manbalarini yoʻqotgani sabab moliyaviy qiyinchiliklar ichida qoldi.

Nangarhor viloyatining Jalolobod shahrida mahalliy kuch tuzilmalariga taslim boʻlgan ID jangarilari, Afgʻonistan, 17-noyabr. (Xolid Zeraiy)

Nangarhor viloyatining Jalolobod shahrida mahalliy kuch tuzilmalariga taslim boʻlgan ID jangarilari, Afgʻonistan, 17-noyabr. (Xolid Zeraiy)

Kuzatuvchilarning soʻzlariga koʻra, guruh endilikda “anʼanaviy usullar” bilan muqobil moliyalashtirish manbalarini izlashga tushgan.

ID yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻlimidan soʻng AQSH moliya vazirining terrorizmni moliyalashtirishga oid masalalar boʻyicha yordamchisi Marshall Billingsli oʻtgan oyda guruhning “markazlashgan modeldan mintaqaviyroq yondashuvga” oʻtishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan edi.

ID jangarilari Iroq va Suriyadan tashqaridagi maxfiy tarmoqlarga tayanmoqda, u yerda nazorat va kuzatuv bosimi ancha kam, deydi iroqlik siyosiy tahlilchi Iyad al-Anbar.

“Ular zoʻravonlik, odam oʻgʻirlash, shantaj, majburiy soliqlar va toʻlovlar kabi pul ishlashning sodda usullariga qaytishgan. Bu oʻz resurslarini yoʻqotgan guruh uchun soʻnggi chora boʻlishi mumkin”, dedi u.

ID xavfsizlikka oid muammolar yoki doimiy nizolar yuz berib turadigan Afrika va Osiyoda oʻz faoliyatini qayta tiklash uchun xavfsiz joy qidirmoqda, dedi u.

ID Afgʻonistondan oʻziga xavfsiz makon topa olmadi. Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari va NATO boshqaruvidagi Qatʼiy koʻmak missiyasi yillar davomida birgalikda olib borgan harbiy operatsiyalardan soʻng, ID noyabr oyida bu hududda oʻz magʻlubiyatini tan oldi, 1500 ga yaqin jangari va ularning oila aʼzolari harbiy kuchlarga taslim boʻldilar.

Al-Anbarning aytishicha, guruh qayerga toʻplanmasin, moliyaviy muammolardan qochib qutulolmaydi, chunki global valyuta tizimi terrorchilikni moliyalashtiruvchi barcha manbalar, jumladan “anʼanaviy usullarni” aniqlashga oid choralarni faollashtirgan.

AQSH moliya vazirligi ekstremistik guruhlarni qoʻllab-quvvatlovchi bir qator tashkilot va jismoniy shaxslarni aniqlagan, ularning aktivlarini muzlatgan va pul oʻtkazmalarini bloklagan, deb aytdi u.

Bu chora IDga xayriya niqobi ostidagi maxfiy pul oʻtkazmalari orqali kelgan mablagʻ oqimini toʻxtatdi, deb qoʻshimcha qildi u.

ID moliyaviy manbalarining toʻsilishi

AQSH sanksiyalari natijasida ID oʻzining asosiy moliyaviy taʼminotchilaridan mahrum boʻldi, deydi xavfsizlik boʻyicha ekspert Jalil Xalaf.

AQSH va xalqaro hamjamiyatning aktivlar va bank oʻtkazmalarini kuzatish choralari terrorizmni moliyalashtirish manbalarini tugatishga yordam berdi, dedi u.

Uning qoʻshimcha qilishicha, “urush vaqtida Iroq kuchlari va xalqaro koalitsiya samolyotlari Iroq va Suriyada koʻplab terrorchilik oʻchoqlarini yoʻq qilishga muvaffaq boʻldi. Ular naqd pul omborlari hamda neft va qimmatbaho metallar kontrabandasi markazlari boʻlib xizmat qilgan.”

“ID”ning kichik miqdorda daromad olish va mablagʻ yigʻish yoʻlidagi urinishlari “guruhning halokat yoqasida ekani va gʻaznasi boʻshab qolganidan” darak beradi, deb taʼkidladi Xalaf.

Hozirgi sharoitda ID katta mablagʻ toʻplay olmaydi, sababi guruh moliyaviy jihatdan singan, uning OAV maydonidagi operatsiyalari qiyin kechmoqda, guruh jangarilarining esa shashti soʻnib bormoqda.

Guruh jangovar operatsiyalarni amalga oshirishga qodir emas, dedi u.

Sotsiolog Tolib Muhammad Karimning fikricha, guruh jangovar layoqatini yoʻqotgani sababli achinarli ahvolda qolmoqda.

“Toʻplangan pul mablagʻlari oʻz vaqtida uni eng boy ekstremistik guruhlardan biriga aylantirgan edi” dedi u, “ammo bu boyliklar Iroq va xalqaro sheriklarning favqulodda choralari tufayli tezda barham topdi”.

Noqonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan mablagʻlarga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar davom etmoqda, dedi u.

Karimning qoʻshimcha qilishicha, ID bundan keyin ham uzoqroq hududlarda muqobil daromad manbalarini izlashda davom etishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, u oʻz izlarini uzoq yashira olmaydi, chunki xalqaro hamjamiyatning guruhni taʼqib etishga qaratilgan choralari takomillashib bormoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hurmatli ekspertlar, qarorlar sizdan iltimos ID ning Markaziy Osiyo mintaqasida faoliyati to‘g‘risidagi ruslarning uydirma ‘‘xavotir qo‘zg‘atuvchi'' mulohazalariga qarshi ochiq tahliliy materiallar e‘lon qilsangiz. Avvaldan Rahmat. Hurmat bilan Shavkat

Javob berish