Karvonsaroy
Xavfsizlik

2019-yilda Markaziy Osiyodagi xavfsizlik sohasiga oid muhim voqealar

Kanat Altinbayev

Iyul oyida Olmaota viloyatidagi “Iliskiy” poligonida “Dasht burguti-2019” tinchlikparvarlik taktik oʻquv mashqlari oʻtkazildi. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Iyul oyida Olmaota viloyatidagi “Iliskiy” poligonida “Dasht burguti-2019” tinchlikparvarlik taktik oʻquv mashqlari oʻtkazildi. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

OLMAOTA – Mintaqa mamlakatlari xavfsizlik tahdidlariga qarshi choralarni kuchaytirib, qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

ID yetakchisining oʻlimi

Oktabr oyida Suriya shimoli-gʻarbida AQSH kuchlari oʻtkazgan tungi reyd davomida IDning qoʻlga tushmas yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy koʻp sonli jangarilar bilan birga oʻldirilgan.

27-oktabr kuni yerosti yoʻlidagi burchakka qadalgan al-Bagʻdodiy xudkushlik belbogʻini portlatib, oʻzi hamda uch nafar farzandining hayotiga zomin boʻldi.

Dunyo yetakchilari va tahlilchilar al-Bagʻdodiyning oʻldirilganini IDga qarshi kurashdagi muhim bosqich sifatida baholadilar.

Livandagi missiyasini yakunlagan qozoq tinchlikparvarlari Nur-Sultondagi poligonda harbiycha qadam tashlab bormoqda, may oyi. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Livandagi missiyasini yakunlagan qozoq tinchlikparvarlari Nur-Sultondagi poligonda harbiycha qadam tashlab bormoqda, may oyi. (Qozogʻiston mudofaa vazirligi)

Shunday boʻlsa-da, bu hodisa Markaziy Osiyodagi vaziyatga taʼsir etmasdan qolmaydi. Mintaqada asosiy terrorchilik tahdidi manbaining yoʻq qilinganiga qaramay, yangi xavflar yuzaga kelishi mumkin.

Jangarilar yangi jang maydonlarini izlamoqdalar va oʻzlari uchun “koʻp tarafdan qulay boʻlgan” Markaziy Osiyoga eʼtibor qaratishlari mumkin, deydi Olmaotalik diniy va jamoat arbobi Murat Telibekov.

Suriyadan majburiy repatriatsiya

Bu orada Markaziy Osiyo mamlakatlari rasmiylari tugayotgan yilda oʻz fuqarolarini Suriya va Iroqdan qaytarish boʻyicha operatsiya oʻtkazdilar.

Qaytarilganlarning aksariyati u yerda ilojsiz qolgan ayollar va bolalar edi, ammo mahalliy xavfsizlik xizmatlarining tekshiruvi ular orasida ID safida kurashgan jangarilar ham borligini aniqlangan.

Qozogʻiston hukumatining “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida joriy yilda 600 ga yaqin fuqaro, jumladan 400 nafar bola bir nechta aviareys bilan Suriyadan vataniga olib kelindi.

Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) zaxiradagi polkovnigi, “Aksilterror qoʻmita” jamoatchilik birlashmasi raisi Amanjol Urazbayevning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston uchun eng avvalo jajji fuqarolarni qutqarish, shundan keyingina vataniga qaytarilgan odamlarning aybdorlik darajasini aniqlash muhim edi.

Oktabr oyida Oʻzbekiston 64 nafar bola Iroqdan vataniga qaytarganini eʼlon qildi, ularning onalari bu mamlakatda “terrorchi tashkilotlar aʼzosi” sifatida qamoq jazosini oʻtayotgan edi.

Avvalroq, may oyi oxirida rasmiy Toshkent 156 nafar oʻzbekistonlik Yaqin Sharqdan qaytarilganini eʼlon qilgan edi. Oʻz navbatida, Tojikiston aprel oyida Iroqdan 84 bolani evakuatsiya qilgan.

Shuningdek, Qirgʻiziston ham Suriya va Iroqdan oʻz fuqarolarini qaytarishga qaror qilganini bildirgan, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu ikki mamlakatda taxminan 850 Qirgʻiziston fuqarosi, jumladan ayollar va yosh bolalar bor.

Tojikiston chegarasidagi qonli hodisa

Noyabr oyida Tojikiston xavfsizlik kuchlari 15 nafar ID jangarisi oʻldirilgani va toʻrt gumondor hibsga olinganini maʼlum qilganlar. Rasmiylarning soʻzlariga koʻra, ular Afgʻoniston hududidan oʻtib, Oʻzbekiston bilan chegarada joylashgan Ishkobod chegara postiga hujum qilgan va bir chegarachi bilan militsiya xodimini oʻldirgan. Ammo toʻqnashuv tafsilotlari borasida turli maʼlumotlar tarqatilgan.

Bu Tojikistonda jangarilar tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi qonli hujum boʻldi. Mamlakat dunyo boʻyicha afyun va geroin ishlab chiqarishda yetakchi boʻlgan Afgʻoniston bilan 1344 km uzunlikdagi umumiy chegaraga ega. Chegara hududlarida afgʻon kontrabandachilari tomonidan tojikistonliklarning otib oʻldirilishi, ularni hibsdagi narkofurushlarga almashtirish maqsadida oʻgʻirlash kabi hodisalar tez-tez yuz berib turadi.

Bu voqea yana bir bor Afgʻonistonning mintaqa uchun tahdidi jiddiyligicha qolayotganini koʻrsatgan.

Markaziy Osiyo va Afgʻoniston: xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlidagi hamkorlik

Markaziy Osiyo mamlakatlari (uchtasi Afgʻoniston bilan chegaradosh) qoʻshni davlat muammosi butun mintaqaga yoyilishining oldini olish maqsadida Afgʻonistondagi barqarorlikni taʼminlashga oid choralarni kuchaytirdilar.

Ular asosiy eʼtiborni iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratganlar.

Avgust oyida Olmaotada “Afgʻoniston: savdoning yangi ufqlari” biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida ziravorlar, yongʻoqlar, quritilgan mevalar, gilamlar, kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi 72 ta afgʻon kompaniyasi oʻz mahsulotlarini namoyish etdi.

“Qozogʻiston Afgʻonistonni barqarorlashtirishda faol ishtirok etmoqda va soʻnggi yillar davomida gumanitar yordam tariqasida 70 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ ajratgan. Afgʻonistonlik yoshlarning Qozogʻiston universitetlarida taʼlim olishi, oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur mahsulotlarni yetkazib berish, shuningdek Afgʻonistonda infratuzilma obʼektlarining qurilishi shular jumlasidandir”, degan edi Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligining Olmaotadagi idorasi rahbari Erlan Iskakov avgust oyida.

2018 yilda Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmi 795 million AQSH dollarini tashkil qilgan.

“Markaziy Osiyo afgʻon korxonalariga oʻz mahsulotlari uchun yangi bozorlarni kashf qilishga imkon beradi”, bu oʻz navbatida “afgʻon xalqining farovonligini oshirishga koʻmaklashadi”, degan edi avgust oyida AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Kristofer Edvards.

Afgʻoniston masalasi 2019-yilda boʻlib oʻtgan qator yuqori darajadagi mintaqaviy uchrashuvlarning kun tartibidan oʻrin oldi.

Mintaqaviy xavfsizlik va savdo-sotiqni kuchaytirish Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda oʻtgan uchrashuvida ustuvor masalalardan biri sifatida belgilangan.

29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov va Qozogʻistonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistonni mintaqaviy savdo bitimlariga jalb qilish va tinchlik jarayonini jadallashtirish uchun iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Kiberxavfsizlik maqsadlarini koʻzlab

Bu yil mintaqada Internetda kuchayib borayotgan tahdidlarga qarshi kurash faollashgan.

Sentabr oyida Turkmaniston kiberxavfsizlikka doir yangi qonunni qabul qildi. U mahalliy axborot resurslari maʼlumotlarini qayta ishlaydigan, davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari foydalanuvidagi barcha davlat va xususiy sektor aloqa tizimlarining kiberhimoyasini taʼminlashni koʻzda tutadi.

Oʻz navbatida, Qozogʻiston internetni diqqat bilan kuzatib, terrorchilik tashviqotiga barham berishga urinmoqda.

Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi xabariga koʻra, 2019-yilning birinchi yarmida internetning qozoq tilidagi segmentida 45 mingga yaqin materiallar aniqlangan boʻlib, ularning 90 foizi terrorizm tashviqoti bilan aloqador boʻlgan. Oʻtgan uch yil ichida 167 nafar qozogʻistonlik internet orqali terrorizm va ekstremizmni targʻib qilishda ayblanib, sudlangan.

Bu orada, avgust oyida Tojikistonda internetdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish boʻyicha mashqlar oʻtkazildi.

Tojikiston Davlat aloqa xizmati direktori oʻrinbosari Ilhomiddin Atoyev avgust oyida “jangarilar yangi texnologiyalardan faol foydalanib borayotgani sababli terrorizmga qarshi kurashni jadallashtirish muhim ekanini” taʼkidlagandi.

“Dasht burguti-2019” mashqlari

Iyun oyida Markaziy Osiyo davlatlari va Qoʻshma Shtatlar Qozogʻistonda “Dasht burguti-2019” harbiy mashqlarini oʻtkazdilar. Bu mashqlarda Qoʻshma Shtatlar bilan birga Buyuk Britaniya, Tojikiston va Qirgʻiziston ham ishtirok etdi. Turkiya va Oʻzbekiston kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

“Bu mashgʻulotlar harbiylarga “tinchlikparvarlik operatsiyalari va harbiy otryadlarning tegishli taktika, texnika va amaliyotlari” samaradorligini taʼminlashga yordam beradi hamda AQSH va Qozogʻistonning quruqlikdagi kuchlari tayyorgarligini oshirishga moʻljallangan”, deyiladi AQSH Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) bayonotida.

2003-yildan beri har yili oʻtkazib kelinadigan “Dasht burguti” mashqlari tinchlikparvar desantchilar koʻnikmalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan. 2012-yildan boshlab, bu mashgʻulotlar NATOning “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” dasturiga kiritilgan.

Gʻarb davlatlari Qozogʻiston va uning qurolli kuchlariga ishonadi, shu sababli ular dunyoda xavfsizlik va barqarorlik oʻrnatishga oid xalqaro missiyalarda Nur-Sultonning faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydilar, deydi Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligida 18 yillik ish tajribasiga ega siyosiy tahlilchi Kabek Beysebayev.

Qozogʻistonning tinchlikparvarlik salohiyati

Joriy yilda Qozogʻiston tinchlikparvarlik loyihalaridagi ishtirokini va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirdi.

Yanvar oyida Qozogʻistonning “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” (KAZCENT) oʻquv markazi butun dunyodan kelgan tinchlikparvarlarni tayyorlash uchun BMT sertifikatini olgan edi, deb xabar bergan Qozogʻiston TIV.

BMT muvaqqat kuchlari tarkibida Livandagi tinchlikparvarlik missiyasini yakunlab qaytgan qozogʻistonlik harbiy xizmatchilar BMT tomonidan “Tinchlikparvarlik xizmatlari uchun” nishonlari bilan taqdirlandilar.

2018-yilgacha Qozogʻiston BMT tinchlikparvarlik missiyalariga faqat kuzatuvchilarni yubora olar edi, deydi Nur-sultonlik harbiy tahlilchi va Qozogʻiston strategik tadqiqotlar institutining bosh tadqiqotchisi Georgiy Dubovtsev.

Endi mamlakat ularda bevosita ishtirok etmoqda.

“Umid qilamizki, yaqin kelajakda mamlakatimiz askarlari, oddiy fuqarolar va politsiya xodimlari nizo hududlarida faoliyat olib boradilar. Bu Qozogʻistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi”, degan edi Dubovtsev iyul oyida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500