Yakshanba (29-dekabr) kuni Yevropa Ittifoqi (YI) Rossiya va uning ittifoqchisi – Suriya rejimini tinch aholiga qarshi “tartibsiz” harbiy hujumlarni toʻxtatishga chaqirdi.
Koʻrpa-toʻshaklar, kiyim-kechak va uy anjomlari ortilgan mashinalar Suriya janubidagi Idlib viloyatidan butun boshli oilalarni evakuatsiya qilgan, Rossiya va Suriya rejimining ikki hafta davom etgan bomba hujumlari natijasida bu hududni jami 235 mingdan ortiq odam tark etgan.
Dekabr oyi oʻrtalaridan beri rejim kuchlari va ularning Rossiyalik ittifoqchilari mamlakatda sakkiz yildan beri vayronkor urush davom etayotgan Suriyadagi muxolifat nazoratida boʻlib turgan soʻnggi yirik hududning janubiy qismini bombalashni kuchaytirganlar.
“Suriya shimoli-gʻarbida Suriya rejimi va ittifoqchilarining zoʻravonliklariga chek qoʻyilishi lozim”, deyiladi yuqori martabali YI diplomati Djozepa Borellning bayonotida. Uning taʼkidlashicha, havo hujumlari va otishmalar “tinch aholi orasida son-sanoqsiz oʻlimlarga sabab boʻlgan”.
“Barcha tomonlar tinch aholini himoya qilish majburiyatini olgan. Rejim va uning ittifoqchilari tartibsiz harbiy hujumlarni bas qilishi va xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishi lozim”, deyiladi bayonotda.
Avgust oyidagi otashkesim bitimiga va xalqaro hamjamiyatning zoʻravonliklarni toʻxtatishga oid chaqiriqlariga qaramay, Idlib mintaqasida yuz bergan soʻnggi hujumlar natijasida koʻplab odamlar hayotdan koʻz yumgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) gumanitar muvofiqlashtirish agentligi OCHA maʼlumotlariga koʻra, 12-25-dekabr kunlari ushbu hudud, ayniqsa qamaldagi Maaret al-Numan shahrini 235 mingdan ortiq odam tark etgan, natijada shahar “deyarli boʻshab qolgan”.
Juma (27-dekabr) kuni OCHA matbuot vakili Devid Svonson bu oyda janubiy Idlibdan qochganlarning 80 foizdan ortigʻi ayollar va bolalardan iborat ekanligini aytgan.
“Men lagerlarda yashay olmayman”, deydi yaqinda Idlib viloyati poytaxtidan shimolda joylashgan Danadagi jamloqqa olib kelingan besh farzandning onasi Ummu Abdo.
“Juda kuchli yomgʻir yogʻyapti, biz issiq joy, kiyim-kechak va oziq-ovqatga muhtojmiz”, dedi u yopinchiq ortidan horgʻin koʻzlar bilan boqar ekan.
Kuchayib borayotgan zaifliklar
Idlib viloyatida uch millionga yaqin odam yashaydi, jumladan, ularning aksari yillar davom etgan zoʻravonliklar tufayli Suriyaning boshqa hududlaridan bu yerga koʻchirilgan.
Hududda hukmronlik qiladigan “Hayot Tahrir ash-Shom” guruhining rahbari oʻtgan hafta oʻz jangarilari va ittifoqchi isyonchilarni “rus bosqinchilariga” qarshi kurashga chaqirgan edi.
Aholining ommaviy evakuatsiyasi oʻta noqulay sharoitda amalga oshirildi – shiddatli yomgʻirlar natijasida evakuatsiya qilinganlar uchun moʻljallangan jamloqni suv bosgan.
“Qish oylaridagi majburiy koʻchish, ayniqsa ayollar, bolalar, qariyalar, nogironlar va boshqa zaif qatlamlarning ahvolini ogʻirlashtirmoqda”, deyiladi OCHA bayonotida.
Suriya inson huquqlari observatoriyasiga koʻra, dekabr oʻrtalaridan beri davom etayotgan toʻqnashuvlar natijasida 80 ga yaqin fuqaro halok boʻlgan.
Zoʻravonliklarning kuchayishi oqibatida yordam tashkilotlari bu hududda oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlishgan, natijada shusiz ham ogʻir boʻlgan gumanitar vaziyat yanada yomonlashgan.
Idlib aholisi chegara ortidan keladigan oʻta zarur yordamga muhtoj. Oʻtgan hafta Rossiya va Xitoy bu kabi yordamlarni yetkazib berishni bir yilga uzaytira oladigan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga veto qoʻygan.
Bu voqea BMT tomonidan moliyalashtiriluvchi muhim yordamning Idlibga yetkazib berilishi yanvar oyidan toʻxtab qolishi mumkin, degan xavotirlarni kuchaytirgan.
Hozirda Suriyaning 70 foizini nazorat qilayotgan Damashq rejimi bir necha bor bu mintaqani oʻz nazoratiga qaytarib olishni vaʼda qilgan.
Moskva qoʻllovidagi rasmiy Damashq aprel oyida Idlibga jadal yurish boshlagan va 1000 ga yaqin tinch aholini oʻldirgan, buning natijasida 400 mingdan ortiq odam oʻz uyini tark etishga majbur boʻlgandi.
Avgust oyida eʼlon qilingan otashkesimga qaramay, bomba hujumlarining davom etayotgani Turkiyani joriy haftada Moskvadagi muzokaralar chogʻida sulhga oid yangi kelishuvni talab qilishga undagan.
24-dekabr kuni Frantsiya gumanitar vaziyatning ogʻirlashgani haqida ogohlantirar ekan, zoʻravonliklarni “zudlik bilan toʻxtatishga” chaqirgan.
Xavfsizlik kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan hukumatga qarshi namoyishlar ortidan boshlangan Suriyadagi urush shu kungacha 370 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin boʻldi, millionlab odamlar oʻz oʻylarini tark etishga majbur boʻldilar.
Hujum sxemalari
Gʻarb davlatlari Moskva va Damashqni tinch aholiga qarshi hujumlarni toʻxtatishga chaqirib kelmoqda.
8-noyabr kuni AQSH Davlat departamenti soʻnggi ikki kun ichida mamlakat shimoli-gʻarbida maktab va tugʻruqxonaga havodan zarba berilgani va 12 kishi oʻldirilganini maʼlum qildi.
“Yuz bergan soʻnggi hodisalar Rossiya va Suriya kuchlari tomonidan tinch aholi va infratuzilmaga qarshi puxta oʻylangan hujumlar rejasi boʻlganidan darak beradi”, degan edi oʻshanda AQSH Davlat departamenti vakili Morgan Ortagus.
“Biz Rossiya va Asad rejimini ushbu mojaroni BMT koʻmagidagi siyosiy jarayon orqali hal etishga va tinch hududlarda urushni toʻxtatishga chaqiramiz”, dedi u.
2015-yildan beri Rossiyaning harbiy operatsiyalari natijasida 6686 fuqaro halok boʻlgan, deyiladi Rossiyaning Suriya mojarosiga harbiy aralashuviga toʻrt yil toʻlishi munosabati bilan eʼlon qilingan Suriya inson huquqlari tarmogʻining 30 sentabr kungi hisobotda.
Suriyalik faollar tomonidan joylarda toʻplangan dalillarga koʻra, halok boʻlganlar orasida 1928 nafar yosh bola va 908 ta ayol bor.
Hisobotda, shuningdek, Rossiya harbiylarining xalqaro miqyosda taqiqlangan kassetali bombalardan foydalanishi bilan bogʻliq 236 ta, shuningdek, yondiruvchi qurol qoʻllash bilan bogʻliq 125 ta holat qayd etilgan.
Hisobotga koʻra, ushbu xulosalar Rossiya hukumati yoki uning nomidan berilgan yolgʻon bayonotlar va OAV xabarlaridagi “Rossiya faqat terrorchilarni yoʻq qilish va Suriya xalqiga yordam berish bilan shugʻullanmoqda”, degan maʼlumotlarga zid.
Bu orada may oyida Rossiya harbiy samolyotlari Suriya muxolifatiga zarba berish maqsadida mamlakatdagi kasalxonalarni qasddan bombalagani haqida yangi dalillar paydo boʻlgan.
Suriyaliklar Rossiya kuchlariga qarshi bosh koʻtarmoqda
Rossiya qoʻshinlari Suriya hududini istilo qilishda davom etar ekan, mahalliy aholining shiddatli va gʻazabnok qarshiligiga duch kelmoqda.
Noyabr oyi oʻrtalarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuv mahalliy aholi orasida norozilik kuchayib borayotganini koʻrsatdi – suriyaliklar Kreml egallab olishga urinayotgan hududlarni nazorat qilayotgan Rossiya harbiy mashinalarga qarata yonuvchi aralashmalar va toshlarni uloqtirganlar.
Noyabr boshida Suriyadagi bir qator mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Rossiya harbiylarining aholi tomonidan toshboʻron qilinayotgani aks etgan videoyozuvlarni internetga joylaganlar.
Suratlar va videoyozuvlarda Suriyadagi Kobane shahrining dargʻazab aholisi Rossiya avtomashinalari karvoniga qarata katta toshlarni uloqtirayotgani aks etgan.
Anha mahalliy yangiliklar nashri chop etgan videoyozuvdan maʼlum boʻlishicha, ayrim odamlar Rossiya harbiy politsiyasi belgisi tushirilgan mashinalardan birining ustiga chiqib olganlar.
Xuddi shunday voqealar Suriyaning boshqa joylarida ham boʻlib oʻtgan, jumladan 8-noyabr kuni al-Muabaddada mahalliy aholi rossiyalik harbiy avtomobillarga hujum qilgan.
Uch rangli qotillar va аerokosmik kuchlarning oʻlim otryadlari [Uch rangli – Rossiya bayrogʻiga ishora]
Javob berishFikrlar 5
Rossiyaning insoniyatga qarshi jinoyatlari davom etmoqda.
Javob berishFikrlar 5
Rossiyaga qarshi tashviqot. Barakalla. Yaxshi ishlayapsizlar.
Javob berishFikrlar 5
Rus terrorchilari Suriya fuqarolariga qarshi
Javob berishFikrlar 5
Afsus, Gitlerdan ham oʻtib ketgan Rossiya harbiy havo kuchlari Suriyaning oddiy xalqini qatliom qilmoqda
Javob berishFikrlar 5