Karvonsaroy
Tahlil

Yangi ID yetakchisining kimligi maxfiyligicha qolmoqda

AFP

Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyning asl shaxsi sir tutilayotgan bir vaqtda guruh strategiyasi ham nomaʼlumligicha qolmoqda. (Fayl)

Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyning asl shaxsi sir tutilayotgan bir vaqtda guruh strategiyasi ham nomaʼlumligicha qolmoqda. (Fayl)

“Islom davlati” (ID) yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy AQSH maxsus kuchlarining oktabr oyidagi operatsiyasi davomida oʻldirilishi ortidan guruh yetakchi sifatida uning oʻrniga kelgan odamning ismini eʼlon qildi.

Ammo Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyning asl shaxsi guruhning strategiyasi bilan birga maxfiyligicha qolmoqda.

“U IDning yetakchi qozisi va guruhning “shariat qoʻmitasini” boshqarishidan tashqari hech qanday qoʻshimcha maʼlumot yoʻq”, deydi iroqlik ID tahlilchisi Hishom al-Hoshimiy.

Hatto bu odam haqiqatan ham mavjud ekanligiga shubha bor.

Ayrim taxminlarga koʻra, kutilmagan voqeadan shoshib qolgan guruh oʻzini hamma narsani nazorat ostida ushlab turgandek koʻrsatish uchun yangi yetakchining ismini eʼlon qilgan.

“Al-Bagʻdodiyning shafqatsiz yoʻq qilinishi guruh uchun kutilmagan hodisa boʻldi”, dedi Parijdagi Sciences-Po universitetining arab davlatlari boʻyicha mutaxassisi Jan-Pyer Filyu.

“Shundan soʻng vorisning nomi eʼlon qilingan, lekin, bu haqiqatmi yoki Suriya va Iroqda haqiqiy vorisni tayinlash jarayoni ketayotganini yashirish maqsadida qilinganmi – buni bilmaymiz”, dedi u.

Strategik yoʻlboshchilik

“Bu dunyoda yetakchi kim ekanligini sir saqlab boʻlmaydi, bugungi kun yoki yaqin oʻtmishdagi hech qanday terrorchilik guruhi oʻz boshqaruv tuzilmasini sir saqlay olmagan. Buni hech kim uddalay olmaydi”, dedi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi vakili Set Djons.

Uning bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, yetakchi oʻzini yetarli darajada namoyon qilmagan.

Eʼtibordan chetda yurgan al-Bagʻdodiy rahbarligi davrida ham ID tajriba tariqasida proto-davlat tuzishga uringan – u maktab darsliklarini ishlab chiqqan va oʻz valyutasini yaratgan.

Ekstremistik guruh mart oyida Suriyada qoʻl ostidagi soʻnggi hudud – Bogʻuzdan siqib chiqarilganidan keyin asosan partizanlik taktikasiga oʻtib olgan.

Al-Qurayshiy yetakchilikka oid ichki muammolarini hal qilishni istasa, soyadan chiqishi lozim, deydi tahlilchilar.

“Uning oʻz mavqeini namoyon qilish, salohiyatini koʻrsatish va xavfsizlikka intilish istagi oʻrtasida keskinlik yuzaga keladi”, dedi Vashingtondagi Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Daniyel Bayman.

Oxirgisini tanlash unga qimmatga tushishi mukin, chunki bu yetakchilik uchun kurashayotgan ekstremistik guruhlar uchun boʻshliq paydo qiladi.

“Biz boshqa ekstremistlarning keskin tanqidiga guvoh boʻlyapmiz. Ular xalifalik boʻlmasa xalifa boʻlish imkonsiz ekanligini iddao qilyaptilar”, dedi Bayman. “Bu shaxsning yetakchilikni barpo qilishi qiyin boʻladi.”

Filyuning soʻzlariga koʻra, Misrning Sinay va katta Sahroi Kabirdagi ID boʻlinmalari tomonidan olib borilayotgan shiddatli hujumlar markaziy rahbariyatga qayta tiklanish uchun vaqtdan yutishga yordam bermoqda.

“Burilish nuqtasi”

Qoʻshma Shtatlardagi “Heritage” fondi tadqiqotchisi Robin Simkoksga koʻra, zaiflashgan ID yaqin kelajakda yoʻqotgan yerlarni qayta qoʻlga olishi dargumon, yaʼni ular soyaga oʻtib, “isyonchilik” taktikasini olib borishadi.

“Bu ularni yanada murakkabroq raqibga aylantirsa-da, avvalgidek odam yollash imkoniyatlarini ham kamaytiradi, chunki chet elliklar borishi mumkin boʻlgan “xalifalik” endi yoʻq”, dedi u.

“Shuningdek, mablagʻ yigʻish ham qiyinlashadi. Avvallari ID “xalifalik” nazorati ostidagilardan soliq toʻplash va tovlamachilik yoʻli bilan katta daromad olgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Baymanning soʻzlariga koʻra, bu guruh uchun “burilish nuqtasi”dir.

“Ammo yetakchi haqida yetarli maʼlumot yoʻqligi sabab ular qaysi tomonga burilishini aytish mushkul”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500