Karvonsaroy
Din

Qozogʻistonda oʻn minglab aholining diniy savodxonligi oshirilmoqda

Aydar Ashimov

Taraz markaziy masjidi, 9-dekabr. (Aydar Ashimov)

Taraz markaziy masjidi, 9-dekabr. (Aydar Ashimov)

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati diniy savodxonlik kurslari, maʼruzalar va yuzma-yuz suhbatlar orqali aholining diniy savodxonligini oshirishda davom etmoqda.

Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yili bu kabi tadbirlarga 120 mingga yaqin qozogʻistonlik jalb etilgan.

Oʻtgan davr ichida diniy idora imomlari qozogʻistonliklarning ijtimoiy tarmoqlar, telefon, oddiy va elektron pochta orqali yuborgan 14000 ga yaqin savollariga javob berishdi, deb xabar beradi QMDI 24-dekabr kuni.

Taxminan 50 ming kishi (33 ming erkak va 17 ming ayol) mamlakat masjidlarida oʻtkazilgan diniy savodxonlik kurslarida ishtirok etdilar. Bolalar uchun tashkil etilgan yozgi diniy savodxonlik kurslarida 20 ming oʻgʻil va 10 ming qiz qatnashdi.

20-dekabr kuni Nur-Sultonda diniy savodxonlik maʼruzasi oʻtkazildi. [DUMK]

20-dekabr kuni Nur-Sultonda diniy savodxonlik maʼruzasi oʻtkazildi. [DUMK]

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Nur-Sultondagi diniy savodxonlik kurslarida ishtirok etayotgan ayollar. (QMDI)

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Nur-Sultondagi diniy savodxonlik kurslarida ishtirok etayotgan ayollar. (QMDI)

Shuningdek, Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi tomonidan “Yoshlar uchun zarur bilimlar”, “Musulmon shaxsiyati”, “Islom va oilaviy qadriyatlar” kabi 25000 ga yaqin kitob va broshyuralar tarqatildi.

“Diniy savodxonlikni oshirish uchun aholi orasida sifatli, zamonaviy targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir”, deyiladi QMDIning 20-dekabr kungi bayonotida.

Maʼruzalar kundalik namozlardan oldin va keyin Qozogʻistondagi barcha masjidlarda tashkil etilgan. QMDIning axborot-tashviqot tadbirlari shuningdek, jazoni oʻtash muassasalari, maktablar va davlat idoralarida ham oʻtkazilgan.

QMDI alohida jiddiy eʼtiborga muhtoj shaxslar uchun 2500 ga yaqin yuzma-yuz uchrashuv va suhbatlar uyushtirgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda diniy savodxonlik va radikallashuvga qarshi 2000 ga yaqin materiallar eʼlon qilindi.

Radikallashuvga qarshi hamkorlik

Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi maʼlumotlariga koʻra, , QMDI davlat idoralari bilan hamkorlikda ekstremistik materiallarni musodara qilish va diniy mavzularga oid ishonchli maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha ish olib bormoqda.

“Qozogʻiston dunyoviy davlat ekanligini tushunish lozim. Boshqacha qilib aytganda, din davlatdan ajratilgan”, deydi diniy mutaxassis va targʻibot guruhi aʼzosi, turkistonlik Nurbek Muhametov.

“Aholining diniy savodxonligini oshirish hamda odamlarni terrorchilik va ekstremizmning zararlari haqida ogoh qilish kabi umumiy maqsadlar ham bor”, dedi u.

“Diniy idora oʻz ishini, hukumat idoralari esa oʻz vazifalarini bajarmoqdalar. Xavfsizligimiz yoʻlida hamkorlik qilmoqdalar”, dedi u.

Muhametov QMDI ekstremizmning oldini olishga katta hissa qoʻshayotganiga ishonadi.

“Masjidga kelganlar imomlarga ishonadilar. Oddiy maʼruzachilardan koʻra, imomlarga ishonch koʻproq”, dedi Muhametov.

“Imom diniy taʼlimotning mohiyatini ochib bersa, Qurʼon va hadisdan gapirsa, Islom niqobi ortida yashiringan va zoʻravonlikka daʼvat qilayotganlar borligini tushuntirsa, odamlarning koʻzi ochiladi, ularda radikal harakatlarga qarshi immunitet hosil boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Xalqaro miqyosdagi hamkorlik

Hamkorlikdagi choralarni kuchaytirish va mintaqada ekstremizmning oldini olish maqsadida oʻtgan yili QMDI Qirgʻiziston va Oʻzbekiston diniy idoralari bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirgan .

QMDI raisi, bosh muftiy Serikbay qozi Oʻroz 22-aprel kuni Nur-Sultonda muftiy Maqsad hoji Toktomushev rahbarligidagi Qirgʻiziston delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Ikki davlat diniy peshvolari umumiy masalalar va diniy bayramlarni bir kunda nishonlash boʻyicha fatvolar qabul qilish zarurligi borasida fikr almashdilar.

Avvalroq, 18-aprel kuni Nur-Sultonda Oʻroz va Oʻzbekiston muftiysi Usmonxon Alimov Qozogʻiston va Oʻzbekiston diniy idoralari oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilgan loyihalarni muhokama qildilar .

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500