Chorshanba (8-yanvar) kuni Iroqdagi Amerika va boshqa xorijiy qoʻshinlar joylashgan bazalarga yoʻnaltirilgan raketa hujumlari oqibatida qurbonlar berilmagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp millatga murojaat qilar ekan, hujumlar AQSHning Iroqdagi harbiy obyektlariga katta zarar yetkazmaganini tasdiqladi.
Vashington va Tehron rasmiylarining bayonot berishicha, chorshanba kuni Eron AQSH harbiylari ixtiyoridagi Iroq bazalariga raketa zarbalarini bergan. Avvalroq Eron islom respublikasi Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyning AQSH tarafidan oʻldirilgani uchun qasos olishni vaʼda qilgandi.
Sulaymoniy 3-yanvar kuni Bagʻdodda halok etilgan.
AQSH qoʻshinlari joylashtirilgan Asad va Irbildagi ikkita Iroq bazasiga umumiy hisobda 22 ta raketa kelib tushgan, ammo Iroq tomonida qurbonlar qayd etilmagan, deb xabar berdi Bagʻdoddagi harbiylar tungi hujumdan soʻng.
Oʻtgan yil aprel oyida terrorchi guruh deb tan olingan IIPK raketa hujumlari uchun javobgarlikni bevosita oʻz zimmasiga olib, yangi tahdidli bayonotlarni tarqatgan.
“Har qanday yovuz niyatli harakat yoki tajovuzkorlikka nisbatan undan-da shiddatli va vayronkor javob qaytariladi”, deb bayonot bergan guruh.
Eron qoʻllovidagi Iroq xalq koʻngilli kuchlari ham ularning hujumi “Eronnikidan kam boʻlmaydi” degan vaʼdalar bilan tahdid qilishdi.
“Men Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti ekanman, Eron hech qachon yadro quroliga ega boʻlmaydi”, deya oʻz soʻzini boshlagan Tramp AQSHning Tehronga nisbatan qoʻllaydigan yangi sanksiyalari xususida batafsil maʼlumot bergan.
Tramp Sulaymoniy oʻnlab yillar davomida Iroq, Yaman, Suriya, Livan va Afgʻonistondagi minglab amerikaliklar va ittifoqchilarining oʻldirilgani va jarohatlangani uchun qay tarzda javobgar boʻlgani haqida soʻzladi.
“U allaqachon yoʻq qilinishi kerak edi”, dedi AQSH prezidenti.
Xalqaro munosabat
Chorshanba (8-yanvar) kuni dunyo davlatlari rahbarlari Eronning raketa hujumlarini qoraladilar.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson chorshanba kuni Eronni koalitsiya kuchlari joylashtirilgan Iroqdagi bazalarga qayta hujum qilmaslikka chaqirdi.
“Eron bu kabi oʻylamay qilingan va xavfli hujumlarni takrorlamasligi kerak, aksincha, darhol tanglikni yumshatishga harakat qilishi lozim”, dedi Jonson parlamentda qilgan chiqishida.
Germaniya mudofaa vaziri ham Eronning soʻnggi hujumini qoralab, Tehronni nizo “girdobini” toʻxtatishga chaqirdi.
“Germaniya hukumati tajovuzni qatʼiy qoralaydi... eronliklar nizoning yanada kuchayishiga yoʻl qoʻymasliklari kerak”, dedi Annegret Kramp-Karrenbauer ARDga bergan intervyusida.
Yevropa Ittifoqining (YI) tashqi siyosat boʻyicha mutasaddisi Jozep Borrelga koʻra, hujum “ixtilofning avj olishi va kuchayishiga” yana bir misol boʻla oladi.
“Zoʻravonlik girdobini yanada kuchaytirishdan hech kim manfaatdor emas”, deb qoʻshimcha qilar ekan, u nizoning “Islom davlatiga” (ID) qarshi kurashga toʻsqinlik qilayotganidan ogohlantirgan.
Juma (10-yanvar kuni) YI Eron inqirozi boʻyicha favqulodda majlis oʻtkazadi, unda tanglikni yumshatish masalasi muhokama qilinadi.
Hujumlar “Iroq suverenitetiga tajovuzdir”
Chorshanba kuni Iroq parlamenti spikeri Muhammad al-Halbusiy Eronning ketma-ket zarbalarini “Iroq suverenitetiga daxl qilish” deya qoraladi.
Iroq hukumatining diniy-konfessional tuzilmasidagi eng yuqori martabali sunniy arab – Halbusiy tashqi kuchlarni Iroqni jang maydoniga aylantirmaslikka chaqirgan.
“Bugun tongda Eron tomonidan Iroq daxlsizligiga tajovuz qilinganini qoralasak-da... nizolashayotgan tomonlar Iroqdan hisob-kitob maydoni sifatida foydalanishiga mutlaqo qarshimiz”, dedi u.
Iroq bosh vazirining idorasi ham shunga oʻxshash bayonot bilan chiqqan.
“Iroq oʻz suverenitetiga nisbatan har qanday tajovuzlar va hujumlarni qoralaydi”, deyiladi bosh vazir idorasining bayonotida.