Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tehron Ukraina samolyotini urib tushirganiga oid dalillar ortayotgan bir vaqtda tergovga toʻsqinlik qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Tehron yaqinida yerga qulagan Ukraina samolyoti qurbonlarining jasadlari, 8-yanvar. (ISNA)

Tehron yaqinida yerga qulagan Ukraina samolyoti qurbonlarining jasadlari, 8-yanvar. (ISNA)

TEHRON – Eron hukumati shu hafta Ukraina samolyotining Tehrondagi halokatiga aloqadorligini rad etishda davom etayotgan boʻlsa-da, videolavhalar, fotosuratlar va ishonchli dalillar samolyot “yer-havo” turidagi raketa bilan urib tushirilganini tasdiqlamoqda.

Samolyot chorshanba (8-yanvar) kuni havoga koʻtarilganidan bir necha daqiqa oʻtib halokatga uchragan, uchuvchi hech qanday nosozliklar haqida xabar bermagan, deyiladi Eron fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti xabarida.

176 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari, jumladan 82 ta Eron, 63 ta Kanada, 11 ta Ukraina, 10 Shvetsiya fuqarosi hamda toʻrt nafar afgʻonistonlik, uchta nemis va uch britaniyalik halok boʻlgan.

Payshanba (9-yanvar) kuni samolyotga zarba berilgan lahzalar aks etgan video paydo boʻldi.

Eron oliy ruhoniysi Oyatulloh Ali Homanaiy 9-yanvar kuni Tehronda Islom inqilobi posbonlari korpusi rahbarlarini qarshi olmoqda. (Eron mudofaa vazirligi)

Eron oliy ruhoniysi Oyatulloh Ali Homanaiy 9-yanvar kuni Tehronda Islom inqilobi posbonlari korpusi rahbarlarini qarshi olmoqda. (Eron mudofaa vazirligi)

“The New York Times” tomonidan tasdiqlangan videolavhada burchak ostida shiddat bilan havoga koʻtarilayotgan jism, soʻngra yorugʻ chaqnash koʻringan, soʻng yorugʻlik soʻnib, jism uchishda davom etgan. Bir necha soniyadan keyin portlash ovozi yangragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan shu va boshqa lavhalar Tehronning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi mudhish xato tufayli Ukraina xalqaro avialiniyasiga qarashli PS752 samolyotini urib tushirganiga ishora qilmoqda.

Eronning hodisani yashirishga urinish bilan bogʻliq shubhali xatti-harakatlari, jumladan, samolyotning qora qutisini koʻrishga muayyan shaxslargagina ruxsat berilishini aytayotgan va toʻliq tergovga toʻsqinlik qilayotgan bir vaqtda, dalillar soni ham oshib bormoqda.

Hodisa Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” boʻlinmasi qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyning oʻldirilganiga javoban Tehron Iroqdagi AQSH harbiy obyektlariga qarata raketa uchirganidan bir necha soat oʻtib yuz bergan. Sulaymoniy 3-yanvar kuni Bagʻdodda AQSH droni hujumi natijasida oʻldirilgan edi.

Harbiy tanglik kuchayib borayotgani koʻpchilik rasmiylar va tahlilchilarni Eron havo mudofaasi fojiali xatoga yoʻl qoʻygan, degan shubha tomon yetakladi.

Halokatli xato

Eron Rossiyada ishlab chiqarilgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga ega, bu tizimning eskirgan dasturi harbiy va yoʻlovchi samolyotlarni farqlay olmaydi.

2019-yilda Rossiyaning eskirgan harbiy texnikasi bilan bogʻliq boshqa halokatli voqealar ham yuz bergandi. Masalan, mart oyida Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-8 vertolyotining Qozogʻistonda halokatga uchrashi, iyul oyida chuqur suv tubida suzuvchi Rossiya kemasida yuz bergan yongʻin va dekabr oyida Rossiyaning yagona aviatashuvchisiga oʻt ketishi shular jumlasidandir.

9-yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning bir nechta razvedka manbalarga tayanib aytishicha, Tehrondan havoga koʻtarilgan samolyotni Eronning “yer-havo” raketasi urib tushirgan.

“Bu ish qasddan qilinmagan boʻlishi mumkinligi tushunamiz”, dedi u muxbirlarga. “Kanadaliklarning savollariga javob berilishi kerak.”

Uni boshqa Gʻarb yetakchilari qoʻllab-quvvatladilar, jumladan Britaniya bosh vaziri Boris Djonsonga koʻra, tobora koʻpayib borayotgan dalillar raketa zarbasi ehtimolini tasdiqlaydi, ammo bu “tasodifan yuz bergan” boʻlishi mumkin.

AQSH prezidenti Donald Trampga koʻra, Vashington rasmiylari Tehron yaqinida portlashidan avval Kiyevga yoʻl olgan Boing-737 samolyotiga bir yoki bir nechta raketa kelib urilgan deb hisoblamoqda.

Eron dalillarni rad etmoqda

Eron dalillar borligiga qaramay, samolyot qulashiga raketa zarbasi sabab boʻlganini rad etmoqda.

“Bir narsa aniq, bu samolyotga raketa urilmagan”, dedi Eron fuqarolik aviatsiyasi rahbari va transport vaziri oʻrinbosari Ali Obidzoda juma (10-yanvar) kuni Tehronda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

“Biz ayrim videolarni koʻrdik. Samolyot 60-70 soniya davomida yonganini tasdiqlaymiz”, dedi Obidzoda. “Unga nimadir kelib urilgani ilmiy jihatdan toʻgʻri boʻla olmaydi.”

“Bunday mish-mishlar asossiz”, dedi u.

“Samolyotga raketa kelib urilgani haqidagi voqea mutlaqo haqiqatga toʻgʻri kelmaydi”, deyiladi transport vazirligi bayonotida.

Eronning rasmiy manbalari koʻp vaqtdan beri ishonchsizligi bilan ajralib turgan.

Jumladan, Eron davlat ommaviy axborot vositasi 8-yanvar kuni Iroqdagi AQSH harbiy bazalariga uyushtirilgan raketa zarbalarida kamida 80 ta amerikalik askar halok boʻlganini xabar bergan. Ammo, AQSH va Iroq rasmiylari hujumda hech qanday qurbonlar boʻlmaganini bildirganlar.

Ukraina va ittifoqchilar haqiqatni izlamoqda

10-yanvar kuni Ukraina xorijlik hamkorlaridan voqeani oʻrganayotgan tergovchilarga yordam berishi mumkin boʻlgan har qanday dalilni taqdim etishni soʻragan.

“Halokatni shaffof va obyektiv tergov qilishga yordam beradigan maʼlumotga ega har qanday davlatdan ularni qabul qilishga, ular bilan hamkorlik qilishga va dalillarni tasdiqlashga tayyormiz”, deyiladi Ukraina prezidentining ingliz tilida chiqarilgan bayonotida.

“Ukraina haqiqatning yuzaga chiqishidan manfaatdor”, deyiladi bayonotda.

Qisqa fursatdan soʻng, AQSH rasmiylari Kiyevga halokatga oid “muhim maʼlumotni” topshirdi, dedi juma kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Vadim Pristayko.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo “halokat sabablarini oʻrganuvchi har qanday tergov bilan toʻliq hamkorlik” qilishga chaqiruvchi bayonot bilan chiqqan.

10-yanvar kuni Yevropa Ittifoqi “mustaqil va ishonchli” tekshiruv olib borilishini talab qilgan.

Kanada hukumati “kanadaliklar savollariga javob olmagunlariga” qadar “puxta tergov” olib borilishini taʼminlaydi, dedi Tryudo.

Boris Djonson Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi, Ukrainaning faktlarni aniqlashdagi saʼy-harakatlari borasida maʼlumot oldi va halokatni “toʻliq, ishonchli, shaffof” tarzda tergov qilishga chaqirdi.

“Biz olgan xabarlar juda tashvishli, ularni zudlik bilan koʻrib chiqmoqdamiz”, dedi Britaniya bosh vazirining vakili.

9-yanvar kuni kechqurun AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi Erondan halokat haqida rasmiy xabar olganini va uni tekshirish uchun oʻz vakilini yuborishini aytdi.

Aviatsiya mutaxassislarining fikricha, qora qutilarni faqat bir nechta davlat, xususan Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSH tahlil qila oladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Eron Boingni urib tushirganini tan olib boʻldi

Javob berish