Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kremlning ID tahdidi borasidagi iddaolari rad etildi

Maksim Yeniseyev

Suratda: Oʻzbekistonning Amudaryo boʻyidagi chegara hududlarida olib borilgan taktik oʻquv mashgʻulotlari. 13-14-noyabr kunlari oʻtkazilgan mashgʻulotlarda armiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qoʻshinlari va Milliy gvardiya ishtirok etgan. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

Suratda: Oʻzbekistonning Amudaryo boʻyidagi chegara hududlarida olib borilgan taktik oʻquv mashgʻulotlari. 13-14-noyabr kunlari oʻtkazilgan mashgʻulotlarda armiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qoʻshinlari va Milliy gvardiya ishtirok etgan. (Oʻzbekiston mudofaa vazirligi)

TOSHKENT – Rossiya siyosatchilari va ommaviy axborot vositalari Afgʻoniston shimolida “Islom davlati” (ID) jangarilarining faollashayotgani haqidagi gap-soʻzlarni urchitishda davom etmoqdalar.

Ularning taʼkidiga koʻra, mavjudligi isbotlanmagan jangarilar Markaziy Osiyoga bostirib kirishga tayyorlanmoqda.

Mintaqaning oʻzida esa mazkur bayonotlar bosiqlik va ishonchsizlik bilan qarshi olindi, chunki Markaziy osiyoliklar bu gap-soʻzlar ortida Kremlning hududdagi harbiy ishtirokini kuchaytirish istagini yashiringan, deb hisoblaydilar.

Kremlning iddaolari

18-dekabr kuni Tehronda gapirgan Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning soʻzlariga koʻra, taxminan 2500 dan 4000 gacha ID jangarilari “Tojikiston va Turkmaniston orqali Markaziy Osiyoga bostirib kirishga hozirlik koʻrmoqda”.

Tojikistonlik maktab oʻquvchilari mamlakatdagi 201-Rossiya harbiy bazasi muzeyini koʻzdan kechirmoqda, 2019-yil, mart. (Rossiya markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati)

Tojikistonlik maktab oʻquvchilari mamlakatdagi 201-Rossiya harbiy bazasi muzeyini koʻzdan kechirmoqda, 2019-yil, mart. (Rossiya markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati)

Taslim boʻlgan sobiq ID jangarilari. Afgʻoniston, Nangarhor viloyati, 17-noyabr. Oʻshanda 600 dan ortiq jangarilar va ularning oila aʼzolari taslim boʻlishgan, bu hodisa IDning Afgʻonistondagi magʻlubiyati oʻlaroq qabul qilingan edi. (Xolid Zeraiy)

Taslim boʻlgan sobiq ID jangarilari. Afgʻoniston, Nangarhor viloyati, 17-noyabr. Oʻshanda 600 dan ortiq jangarilar va ularning oila aʼzolari taslim boʻlishgan, bu hodisa IDning Afgʻonistondagi magʻlubiyati oʻlaroq qabul qilingan edi. (Xolid Zeraiy)

“Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat beqarorligicha qolmoqda va yanada yomonlashishi mumkin. Ayniqsa, IDning kuchayishi jiddiy xavotir keltirib chiqarmoqda”, dedi Patrushev.

ID Afgʻoniston va Markaziy Osiyoda “Buyuk Xuroson”ni yaratishni koʻzlagan, infratuzilma obyektlari, xavfsizlik idoralari, diplomatik vakolatxonalar, shuningdek, chet el fuqarolari hujumlar nishoniga aylanishi mumkin, dedi Patrushev.

Patrushevning soʻzlarini “Sputnik” va Sankt-Peterburgdagi Internet tadqiqotlari agentligining mojaroli “trollar fabrikasi” bilan aloqador Federal yangiliklar agentligi kabi Rossiya tashviqot idoralari qoʻllab-quvvatladi.

Mazkur ommaviy axborot vositalari dekabr va yanvar oylarida Markaziy osiyoliklarni Afgʻonistondagi ID tahdidiga ishontirishga urinib, kremlparast siyosiy tahlilchilarning “Islom davlatining osiyolik jangarilari guruhi Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olishi mumkin” degan keskin sarlavhali materiallarini nashr etgan.

Oʻzbekiston bu bayonotlarga ishonmaydi

“Patrushevning bu bayonoti mahalliy nashrlarda aks-sado bermadi”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Rossiyalik siyosatchilar doimiy ravishda shunday bayonotlar bilan chiqadilar, lekin, “ID tahdidi” Oʻzbekistonda umuman kun tartibidagi masala emas”, dedi u. “Buning oʻrniga OAVda Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan ekstremistlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish va radikallashuvga qarshi kurash keng yoritilmoqda. Lekin, bu – tahdid emas.”

2019-yil davomida Rossiya vakillari IDning mintaqadagi tahdidi haqida tinmay soʻzladilar, lekin ularning taxminlari puch boʻlib chiqdi.

2019-yilda ilk bor bunday bayonot Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan yangragan edi, oʻshanda u ID Afgʻonistonda “kengayish uchun zamin” hozirlayotganini aytgan.

6-noyabr kuni Rossiya prezidentining Afgʻonistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov “Izvestiya” nashri bilan suhbatda ID “oʻz jangarilarini Markaziy Osiyoga joylashtirayotganini” iddao qilgan edi.

Oʻtgan yilning sentabr oyida KGB vorisi boʻlmish Rossiya federal xavfsizlik xizmatining (FSB) yuqori lavozimli rasmiysi Sergey Beseda hatto “AQSH razvedka xizmatlarini” bu “jarayonda ishtirok etganlikda” ayblagan.

“Faktlar esa qarama-qarshi manzarani yuzaga keltirmoqda”, dedi Xan.

“Afgʻonistondagi vaziyat murakkabligicha qolsa-da, milliy yarashuvga erishish imkoniyati bor va bu jarayonda ID asosiy rol oʻynamaydi.”

Afgʻonistonda ID magʻlub etilgan

“Bir yil oldin bu yerda turib, ISHIDni (ID) yengdik deb aytishimizga hech kim ishonmagan boʻlar edi”, deb aytgan 19-noyabr kuni Nangarhor viloyatida Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani 600 dan ortiq ID jangarilari va ularning oila aʼzolari taslim boʻlganlaridan soʻng.

Afgʻoniston rasmiylari ID inqirozini Afgʻoniston va koalitsiya kuchlarining birgalikdagi havo hujumlari, moliyaviy qiyinchiliklar, tushkunlik ruhining kuchaygani bilan izohlaydilar.

“Ular Afgʻonistonning boshqa hududlarida qaytadan qurollanib, mamlakatning boshqa qismlariga tahdid sola olmaydilar”, deb aytgan Nangarhor hokimi Shoh Mahmud Miaxil “Amerika Ovozi” xabariga koʻra.

ID Afgʻonistonda oʻz kuchlarini qayta toʻplay olmaydi, chunki uning moliyalashtirish tizimi butkul barbod boʻlgan, deydi xavfsizlik tahlilchisi.

Tojikistonga tashrif buyurgan AQSH diplomati 2019-yilda xavfsizlik kuchlari Afgʻonistonda IDga qarshi kurashda erishgan yutuqlarni alohida qayd etdi.

“Koʻrib turganingizdek, oʻtgan yil davomida Afgʻoniston Nangarhor viloyatida ISHIDni (ID) butkul yoʻq qilish, Kunarda esa uning sonini qisqartirishda katta yutuqlarga erishdi, ammo kurash hali ham davom etmoqda”, dedi Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha AQSH davlat kotibi yordamchisining birinchi oʻrinbosari Elis Uells 8-yanvar kuni Dushanbeda AQSH elchixonasi xabariga koʻra.

Kremlning asl rejalari

Eʼtiborlisi, IDning “Markaziy Osiyoga tahdidi”ni boʻrttirishdan Rossiya rasmiylarining maqsadi aniq va rasmiylar buni yashirishga harakat ham qilmayaptilar.

Rossiya 2020-yilda oʻz Markaziy harbiy okrugidagi (MXO) qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligini oshirishda davom etadi, deb aytgan general-leytenant Aleksandr Lapin Sputnikning 27-dekabr kungi maqolasida.

Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda MXO bazalari va boʻlinmalari bor. Oʻtgan yil sentabr oyida MXO qoʻmondonligi Rossiya va Markaziy Osiyodagi mashq maydonlarida “Markaz-2019” mashgʻulotlarini oʻtkazdi.

2020-yilda MXOning asosiy maqsadi jamoaviy tayyorgarlikni 13 foizga, jangovar tayyorgarlikni esa 26 foizga oshirishdir, dedi Lapin. MXOning jangovar qobiliyati 5 foizga ortishi kerak, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiya “Tojikiston va Turkmaniston orqali Markaziy Osiyoga kirib kelishni rejalashtirgan terrorchilik tashkilotlarining ortib borayotgan tahdidiga” javoban shunday choralarni koʻrmoqda, deb xabar bergan “Sputnik” nashri.

“Bahona”

“ID tahdidi” hududda shunchaki Rossiya harbiy hozirligini mustahkamlashning bir yoʻlidir, deydi Markaziy Osiyolik tahlilchilar.

“Bu Moskvaga xizmat qiladigan maqsadni amalga oshirishda Rossiya xavfsizlik idoralarining oʻziga xos iddaosi”, dedi sobiq diplomat, bishkeklik Murat Konokbayev.

“ID – bamisoli katta odam boʻlgan Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari misolidagi kichik bolalarni qoʻrqitish uchun foydalanayotgan qoʻrqinchli maxluqqa oʻxshaydi”, deb aytgan qozogʻistonlik jurnalist Ruslan Baxtigareyev 27-dekabr kuni Qirgʻizistonning “Vecherniy Bishkek” nashriga.

“Rossiya Oʻzbekistonda va Qozogʻistonda yana bitta harbiy baza ochishni istaydi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun ID juda yaxshi bahona”, deb aytgan qozogʻistonlik siyosiy tahlilchi Islom Kureyev “Vecherniy Bishkek” nashriga koʻra.

Shuningdek, Rossiyaning ID borasidagi vahimalari turkmanistonlik chegara xizmatlari rasmiylarining eʼtiroziga sabab boʻlgan edi .

Patrushev va boshqa rossiyalik rasmiylar tilga olgan “manzara tasvirlanganidek qoʻrqinchli emas”, dedi faqat Oytugʻdi ismi bilan oʻzini tanishtirgan Turkmaniston davlat chegara xizmati podpolkovnigi.

Bunday daʼvolar birgina maqsadni koʻzlaydi, u ham boʻlsa – yanada koʻproq vahima uygʻotish orqali Turkmaniston rahbariyatini Rossiya qurollarini sotib olishga, harbiy hamkorlikni kuchaytirishga hamda Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) qoʻshilishga undashdir, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Juda dolzarb maqola ekan. Afgʻonistondagi ISHID va uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga bostirib kirishga urinayotgani bilan qoʻrqitish endi hech kimning pinagini buzmaydi. Odamlar bunday yolgʻon xabarlarga munosabat ham bildirmay qoʻyishdi. Oʻzbekiston oʻzining Afgʻoniston boʻyicha siyosatini allaqachon qabul qilgan. U birinchi navbatda oʻzaro hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga, barcha sohalarda, jumladan xalqaro terrorizmga qarshi kurash boʻyicha tinch hamkorlikka intiladi.

Javob berish

Rossiyaning Afgʻonistondagi ISHID haqidagi safsatalari Markaziy Osiyo davlatlarini qoʻrqitish va ularni Rossiyadan uzoqlashtirmaslik maqsadida tarqatiladi. Bu Kremlning kulgili va bemaʼni tashviqoti. Iflos nayranglarni Kremlning oʻzidan kutish kerak.

Javob berish

Bunday chiranishlarni kuzatish achinarli

Javob berish

Rossiya bu davlatlarsiz ham yashay oladi, ammo ular Rossiyasiz yashay olmaydi. Chaqiriq boʻlmagunicha botirmiz.
Oʻzimizga tegishli hech nimamiz boʻlmasa, hammasini qoʻldan boy berganmiz, ammo oʻzimizni tutishimizga qarang.
Kuchli qoʻshning boʻlgani doim yaxshi. Juda boʻshashib qolganmiz; ID deyarli yoʻq qilindi... Keyinchalik Rossiyaga boʻyin egmasak boʻlgani. Kasallikni keyinchalik davolagandan koʻra, avvaldan oldini olgan yaxshi, chunki keyinchalik davolash jarayoni qanday kechishi nomaʼlum. Asoratlari ham boʻlishi mumkin!

Javob berish