https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2020/01/14/feature-01
| Xavfsizlik

Sulaymoniy oʻlimiga Eronning jurʼatsiz javobi rejimning zaifligini koʻrsatdi

Karvonsaroy va AFP

Dam olish kunlari koʻchalarga chiqqan oʻn minglab eronliklar seshanba (14-yanvar) kuni ham (oliy rahbar Ali Homanaiyga qarata) “diktatorga oʻlim”, “yolgʻonchilarga oʻlim” va rejimga qarshi boshqa shiorlarni hayqirishda davom etdilar.

KOBUL – AQSH droni zarbasi bilan yuqori martabali harbiy qoʻmondon oʻldirilganidan keyin Eronning dastlabki soxta jasurligi bir zumda yoʻqolib, rejimning barqarorligiga tahdid solayotgan zaiflikni fosh etgan.

3-yanvar kuni Bagʻdodda Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Al-Quds” kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyning oʻlimiga olib kelgan hujum ortidan qonli qasos olish chaqiriqlari yangragan edi.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy va prezident Hasan Ruhoniy “shafqatsiz qasos” haqida ogohlantirgan.

Tehronning eng yuqori darajali xavfsizlik organi boʻlmish Oliy milliy xavfsizlik kengashi Qoʻshma Shtatlar “kerakli joy va vaqtda shiddatli intiqomga” duch kelishini aytgan.

image

14-yanvar kuni Tehronda boʻlib oʻtgan tadbirda bezovtalikdagi Eronning yuqori martabali harbiy rahbarlari. [Eron mudofaa vazirligi]

image

Eron xavfsizlik xizmati xodimlaridan birini ochiq tanqid qilayotgan tehronlik ayol, 13-yanvar kuni Telegramda tarqalgan surat. [Fayl]

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining sobiq qoʻmondoni, hozirda mamlakatning maqbullikni baholash kengashi kotibi boʻlgan Muhsin Rizoiy oʻzining Tvitterdagi sahifasida “Amerikadan dahshatli qasos olinadi”, deb yozdi.

“Soʻzsiz, olinajak qasos shiddatli boʻladi”, deb bayonot bergan Eronning BMTdagi elchisi Taxt Ravanchi.

Eron armiyasi rahbari, general-mayor Abdulrahim Musaviy esa AQSHga nizoni boshlash uchun “jasorat” yetishmayapti, deyishgacha bordi.

Poʻpisa

Bu kabi barcha dramatik bayonotlardan soʻng, 8-yanvar kuni AQSH va Iroqdagi boshqa xorijiy qoʻshinlar joylashtirilgan ikkita bazaga 22 raketa hujumi uyushtirildi va Ruhoniyning soʻzi bilan aytganda, rejim shu yoʻsin “qatʼiy javob” qaytardi.

Oʻshanda Eron davlat ommaviy axborot vositalari mazkur hujumlar oqibatida kamida 80 nafar Amerika askari oʻldirilganini taʼkidlagandi. Ammo AQSH va Iroq rasmiylarining tasdiqlashicha, qurbonlar berilmagan.

Aslida raketalar yetkazgan zarar uncha katta boʻlmagan.

“Har qanday yovuz niyatli harakat yoki tajovuzkorlikka nisbatan undan-da shiddatli va vayronkor javob qaytariladi”, deb bayonot bergan edi IIPK.

Lekin, keyinroq IIPK rahbarlari yana avvalgidek katta gapirishni boshladilar.

“Aslida dushman tarafning askarlarini oʻldirishni maqsad qilmagandik. Bu muhim emasdi”, dedi IIPK bosh qoʻmondoni Husayn Salamiy 8-yanvar kuni parlamentda qilgan chiqishida.

“Ularni jismonan yoʻq qilish bilan biz shunchaki dushmandan ancha ustunligimizni koʻrsatmoqchi boʻldik”, dedi u davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan nutqida.

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni Amirali Hojizoda bu iddaolarni takrorlagan.

“Oʻldirish niyatimiz yoʻq edi”, dedi u Eron davlat ommaviy axborot vositalariga koʻra.

“Mubolagʻa”

Eron rahbariyatining rejim salohiyatini boʻrttirib koʻrsatishga zoʻr berib urinishi va harbiylarning “dahshatli qasos” olishga jurʼatsizligi ruhoniyat va harbiy muassasalarning eng asosiy zaifliklarini fosh etgan.

“AQSH va Eronning harbiy salohiyatlarini mutlaqo taqqoslab boʻlmaydi”, deydi kobullik harbiy tahlilchi Aziz Ahmad Vardak.

Sulaymoniyning oʻlimidan soʻng Tehron oʻz imkoniyatlari bilan maqtanib, amerikaliklardan shafqatsiz qasos olishini va ularni mintaqadan quvib chiqarishini aytgan edi.

“Ammo bugungi kunga qadar u na qasos oldi va na amerikaliklarni mintaqadan quvib chiqardi”, dedi Vardak. “Bunday bayonotlardan koʻzlangan maqsad mintaqa davlatlarini qoʻrqitish, xolos”.

“Eron harbiylari, ayniqsa IIPK yolgʻon soʻzlab, oʻzi haqida hamma narsani boʻrttirib koʻrsatmoqda”, dedi u. “Haqiqat shuki, Eron oʻzi daʼvo qilayotgan harbiy va jangovar qobiliyatga ega emas.”

IIPK “mamlakatdagi jamoatchilik fikrini nazorat qilish uchun yolgʻonni ishga solmoqda”, dedi kobullik harbiy tahlilchi Aziz Stanakzay.

Eron rahbarlari “oʻz ommaviy axborot vositalari orqali AQSHning Iroqdagi bazalariga uyushtirilgan raketa hujumlarida 80 ga yaqin amerikalik halok boʻlganini daʼvo qilib, tashviqot olib bordilar”, dedi u.

“Eronning siyosiy va harbiy amaldorlari qattiq qasos olish oqibatlarini taxmin qila olganliklari uchun Iroqdagi Amerika kuchlariga atayin ziyon yetkazishni xohlamadilar”, dedi u.

“Eron hukumati va uning harbiylari dunyoning eng kuchli armiyasiga qarshi turishga qodir emasliklarini biladilar”, deydi u.

“Diktatorga oʻlim”

Rejimning zaifligi mamlakat ichkarisidagi noroziliklar toʻlqini bilan yanada koʻproq bilindi.

IIPK inqiroz chogʻida Ukrainaning yoʻlovchi samolyotini tasodifan urib yuborganini tan olgach, oʻtgan dam olish kunlari oʻn minglab eronliklar yangi norozilik namoyishlari bilan koʻchalarga chiqqanlar. Namoyishlar seshanba (14-yanvar) kuni ham davom etgan.

Namoyishchilar “diktatorga oʻlim” (Homanaiyga ishora), “yolgʻonchilarga oʻlim” va rejimga qarshi boshqa shiorlarni hayqirganlar.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan koʻplab videolavhalarda namoyishchilar Xomanaiyni isteʼfoga chiqishga va samolyotni urib tushirganlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

“Uyal, Homanaiy. Mamlakatni tark et”, deb hayqirgan namoyishchilar.

Ukraina samolyoti tunda havoga koʻtarilganidan koʻp oʻtmay halokatga uchragan – bu voqea Eron rejimi Iroqda raketa hujumlarini boshlaganidan bir necha soat oʻtib yuz bergan. Halokat oqibatida 176 yoʻlovchining barchasi hayotdan koʻz yumgan.

Samolyot “yer-havo” toifasidagi raketa bilan urib tushirilganini isbotlovchi videolavha va bilvosita dalillarga qaramay, Tehron bir necha kun davomida “Ukraina xalqaro havo yoʻllari”ga qarashli PS752 samolyoti raketa hujumi tufayli yerga qulaganini rad etgan.

11-yanvar kuni tobora kuchayib borayotgan xalqaro va ichki bosimga duch kelgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy nihoyat, haqiqatni – samolyot Eron harbiylarining “halokatli xatosi” tufayli urib tushirilganini tan oldi.

14-yanvar kuni sud aniq raqamlarni ochiqlamay, halokatli xatoning ilk aybdorlari qoʻlga olingani haqida xabar berdi.

Talabalardan iborat ayrim namoyishchilar IIPKni “layoqatsiz” va “xalq uchun sharmandali” deb ataganlar.

Parlamentning sobiq aʼzosi, siyosiy faollardan biri va sobiq prezident Oyatulloh Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyning qizi Fayzeh Hoshimiy namoyishchilarni yoqlab chiqdi.

BBC fors xizmati tomonidan uzatilgan audioyozuvda u tizimli oʻzgarishlar amalga oshirilishi uchun Homanaiyni isteʼfo berishga chaqirdi. U shuningdek, noroziliklarni davom ettirishni yoqlagan.

Parlementning sobiq spikeri va taniqli siyosatchi dissident Mehdiy Karrubiy Homanaiyni davlatni boshqarishga “layoqatsiz” deb atadi.

U Islom respublikasi konstitutsiyasida davlat yetakchiligi uchun belgilangan talablarning hech biriga ega emas, deb yozgan Karrubiy oliy rahbarga atalgan maktubida.

Homanaiy Ukraina samolyotining urib tushirilishi va yoʻlovchilarning oʻlimiga “bevosita javobgar” boʻlgan, deb qoʻshimcha qildi Karrubiy.

“Hodisa haqida chorshanba (8-yanvar) kuni xabar topganingiz, shu bilan birga harbiylar, fuqarolik idoralari, davlat tashviqot mashinasi odamlarni uch kun davomida aldashiga yoʻl qoʻyib berish – sharmandali holat”, dedi u.

“Halokat haqida ikki kun bexabar boʻlish sharmandalikdir”, dedi u Homanaiyning yordamchilari falokat yuz berganidan ikki kun oʻtib uni xabardor qilgani haqidagi iddaolarni nazarda tutar ekan.

[Ushbu maqolani tayyorlashga Kobuldan Sulaymon qoʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

6
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha *