Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirgʻiziston pul oʻtkazmalari ustidan nazoratni kuchaytirmoqda

Kanat Altinbayev

Suratda: Pul oʻtkazmalarini yuboruvchilardan talab qilinadigan maʼlumotlarni kengaytirishni koʻzlayotgan Qirgʻiziston Milliy bankining belgisi. [Qirgʻiziston Milliy Banki]

Suratda: Pul oʻtkazmalarini yuboruvchilardan talab qilinadigan maʼlumotlarni kengaytirishni koʻzlayotgan Qirgʻiziston Milliy bankining belgisi. [Qirgʻiziston Milliy Banki]

BISHKEK – Qirgʻiziston milliy banki pul yuvish amaliyotlari va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi olib borilayotgan saʼy-harakatlar doirasida pul oʻtkazmalarini yuboruvchilardan talab qilinadigan maʼlumotlarni kengaytirmoqchi.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan va hujjat matni tartibga soluvchining veb-saytiga joylashtirilgan, deb xabar berdi 24.kg 6-yanvar kuni.

Ushbu tashabbus terrorizm va pul yuvish amaliyotlariga qarshi kurash bilan shugʻullanadigan hukumatlararo tashkilot – Moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi (FATF) talablarini bajarishga qaratilgan.

“Hozirgi vaqtda banklar va pul oʻtkazmalari operatorlari joʻnatuvchilar va oluvchilardan faqat ism-familiyasi, tugʻilgan yili, uy manzili, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat maʼlumotlarini talab qiladilar”, deb yozadi 24.kg nashri.

Qonun loyihasi tasdiqlanadigan boʻlsa, tugʻilish sanasi va joyi, yashash manzili va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini ham koʻrsatish kerak boʻladi.

Banklar va boshqa moliya institutlari joʻnatuvchin maʼlumotlari va tranzaktsiya tafsilotlarini avtomatlashtirilgan bank tizimiga qoʻshadilar va soʻrov olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Milliy bankka taqdim etadilar.

Bu choralar Qirgʻizistonning FATF bilan hamkorlik qilish va uning talablarini bajarishdagi saʼy-harakatlarini aks ettiradi.

Terrorchilikni moliyalashga qarshi kurashdagi yutuqlar

Bir necha yil oldin FATF 40 ta tavsiyadan 13 tasi boʻyicha Bishkekning reytingini past deb baholagan edi. Oʻtgan yil dekabr oyining boshida, Qirgʻiziston koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etganidan soʻng, ushbu 13 koʻrsatkich boʻyicha reytinglar koʻtarildi.

Qirgʻiziston bu talablarni bajarmasa, FATFning xavf ostidagi mamlakatlar roʻyxatiga tushib qolishi va unga “xorijiy investitsiyalarning kamayishi va iqtisodiy inqiroz” xavf solishi mumkin, degan edi Qirgʻiziston Davlat moliyaviy razvedka xizmati rahbari Oybek Qodiraliyev 2018-yil iyun oyida Bishkekda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Ammo mamlakatning bu boradagi saʼy-harakatlari uni voqealarning bunday rivojidan qutqarib qolgan.

Milliy bank taklif etgan yangi choralar nafaqat iqtisodiy jinoyatlarga, balki terrorizmga qarshi yanada samarali kurashish uchun zarur, deydi kuzatuvchilar.

Moliyaviy tartibga solish siyosati va mamlakatdagi moliyaviy oqimlarni nazorat qilishni qatʼiylashtirish noqonuniy operatsiyalar, jumladan terrorizmni moliyalashtirishni toʻxtatishga yordam beradi, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hukumatdagilar mening hojatxonamga kelib axlatniyam hisoblab chiqar

Javob berish