Rossiyaning Suriya sharqiga bostirib kirishi Suriya demokratik kuchlari (SDK) va AQSH boshchiligidagi koalitsiyaning “Islom davlati”ga (ID) qarshi kurash choralariga toʻsqinlik qilmoqda, deydi mahalliy harbiy amaldorlar va tahlilchilar.
“Suriyadagi Rossiya kuchlari anchadan beri oʻz harbiy hozirligini kengaytirib kelmoqda va Suriya sharqidagi koʻplab hududlar, xususan xalqaro koalitsiya qoʻllovidagi SDK nazoratida boʻlgan joylargacha yetib borgan”, deydi SDK zobiti Farhod Xoʻja.
Bu joylar IDning mudrab yotgan kataklari va “yakka boʻri”lar soni koʻpayib borayotgani sababli qaynoq nuqtalar hisoblanadi, dedi u.
“Rossiyaning hududga kirgani harbiy va razvedka operatsiyalariga toʻsiq boʻldi”, chunki joylarda kuchlarning kesishuvi “SDKning xavfsizlikni taʼminlash choralarini zaiflashtirmoqda”, dedi Xoʻja.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya “Palmira sahrosidan Dayr-Azzorgacha va uning choʻlidan Suriyaning shimoli-sharqi, Qamishligacha boʻlgan ulkan hududga bostirib kirgan”.
Rossiyaning hududdagi harbiy hozirligi ID unsurlariga harakatlanish, moddiy-texnik taʼminotni amalga oshirish va bot-bot teraktlar sodir etish imkoniyatini beradi.
Yangi nizolar yuzaga kelishi mumkin
“Rossiya kuchlari oʻz hozirligini kengaytirishdan toʻxtagani yoʻq”, dedi u. “Ular, shuningdek, asosiy eʼtiborni SDK nazoratidagi hududlarga qaratib, moliyaviy tuzoqlardan foydalangan holda yangi qurolli tuzilmalar tashkil qilishga urinmoqda.”
“Bu aksilterror operatsiyalarni amalga oshirish chogʻida SDKning harakatlanishiga toʻsqinlik qilmoqda va yaqin kelajakda jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi.”
Bu, shuningdek “Rossiya qoʻllovidagi yangi yollanma askarlar va SDK oʻrtasida Rossiyaning ambitsiyalariga xizmat qiladigan tarzda keskinlik keltirib chiqaradi”, dedi u.
Shu tariqa Rossiya mintaqada jangovar harakatlar olib borish qoidalarini buzmoqda, chunki ID yoʻq boʻlsa-da, bu toʻliq harbiylashgan hudud, deydi suriyalik jurnalist Muhammad Abdulloh.
Amalda, Rossiyaning mavjudligi hududdagi barcha harbiy va kuzatuv operatsiyalariga toʻsiq boʻlyapti, dedi u.
Rossiyaning xatti-harakatlari tufayli “hududdagi keskinlik holatining saqlanib qolayotgani terrorchilar manfaatlariga xizmat qilmoqda. Bu Rossiyaning Suriya manfaatlariga xizmat qilish, uning xavfsizligini taʼminlash va urush holatiga barham berish uchun mojaroga aralashayotgani haqidagi iddaolarining yolgʻon ekanligini koʻrsatmoqda”, dedi Abdulloh.
“Bunday bostirib kirish natijasida sakkiz yillik urush davomida kuzatilmagan koʻplab yangi mojarolar yuzaga keladi”, dedi u.
Abdullohning aytishicha, Rossiyaning yashirin maqsadlaridan biri Suriyaning foydalanilmayotgan, lekin mavjudligi tadqiqotlar bilan tasdiqlangan ulkan tabiiy zaxiralariga ega boʻlishdir.
Bosqinchilik rejalari
Butun urush mobaynida Rossiya Suriyadagi markaziy oʻyinchiga aylanish uchun harbiy kuchdan tortib ijodiy diplomatiyaga qadar turli vositalarni ishga solgan.
U prezident Bashar Asadni BMT sanksiyalaridan himoya qilgan va uning kuchlarini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshin yuborgan.
“Rossiya kuchlari Suriyaning sharqiy va shimoliy-sharqiy qismlariga qarab tezlik bilan harakat qilayotgani Kremlning avvalgi barcha kelishuvlardan voz kechish istagidan darak bermoqda”, dedi siyosiy tahlilchi Abdul Nabi Bakkar.
Uning aytishicha, birinchi sabab – geosiyosiy, chunki Rossiya oʻzining hududdagi hozirligi va nazoratini kengaytirishni istayapti , dedi u. Ikkinchi omil esa, AQSH bilan raqobatlashish istagidir.
Uchinchi va eng jiddiy sabab – bu mintaqada IDga qarshi olib borilayotgan harbiy operatsiyalarni barbod qilish, dedi u IDning saqlanib qolayotgani mintaqada doimiy keskinlikni yuzaga keltirishi, bu esa Rossiya manfaatlari va bosqinchilik rejalari uchun xizmat qilishi va koʻmaklashishini qoʻshimcha qilib.
Yana bir sabab – Rossiyaning Eron bilan ittifoqi va Islom inqilobi posbonlari korpusining Iroq orqali Eron va Suriya oʻrtasida quruqlikdagi marshrutlarni taʼminlash istagidir, dedi Bakkar.